Ilk uchrashuv Bangladesh Respublikasining “PetroBangla” milliy neft va gaz kompaniyasida boʻlib oʻtdi. Muzokaralar chogʻida “PetroBangla” kompaniyasi raisi Nazmul Ahsan yangi texnologiyalar va quduqlarni burgʻulash tajribasi, xususan, Oʻzbekistondagi “Mustaqillikning 25 yilligi” (M-25) konida vodorod sulfidi yuqori boʻlgan murakkab geologik sharoitlarda qoʻllaniladigan tajribaga qiziqish bildirdi. Uchrashuvda burgʻulash sohasida kelgusidagi hamkorlik rejalari muhokama qilindi.

Delegatsiya Dakka shahrida Bangladesh Respublikasi energetika vaziri Nazrul Hamid va soha mutaxassislari bilan muzokaralar oʻtkazdi. Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibiga neft-gaz sanoati va qurilish sektoridagi “ERIELL Group” va “Enter Engineering” kabi yirik kompaniyalari boshqaruvi aʼzolari ham kirdi.

Oxirgi 10 yil ichida “ERIELL Group” Bangladesh Respublikasining bir qator konlarida neft va gaz xizmatlarini koʻrsatib kelmoqda.

Tomonlar Bangladesh Respublikasining neft-gaz sohasini rivojlantirish, jumladan, yangi neft va gaz konlarini oʻzlashtirish boʻyicha hukumatlararo darajadagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

Shu munosabat bilan Dakka shahrida boʻlib oʻtgan uchrashuvda energetika vaziri Nazrul Hamid kompaniyaning 17 ta qidiruv quduqlarini burgʻulash va sinovdan oʻtkazish boʻyicha olib borayotgan ishlari natijasida kuniga sanoat miqyosidagi 600-700 ming kub metr tabiiy gaz oqimi bilan ijobiy natijalar berayotganini yuqori baholadi.

Oʻzbekiston mutaxassislari neft-kimyo va uglevodorod xom ashyosi sohasida katta tajribaga ega ekani taʼkidlandi. Shu munosabat bilan Bangladesh neft qidiruv va qazib olish kompaniyasi bilan hamkorlik istiqbollari inobatga olindi.

Ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlik gaz quvurlari va qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida ham katta salohiyatga ega.

Hamkorlikdagi mavjud ijobiy tajribani hisobga olgan holda, zarur burgʻulash qurilmalari yoʻqligi sababli ilgari amalga oshirilmagan turli konlarda 5 500-6 000 metr chuqurlikdagi qidiruv quduqlarini burgʻulash imkoniyatlari muhokama qilindi.

Energetika vaziri Nazrul Hamid energetika sohasidagi hamkorlikni yuqori baholab, Bangladesh Oʻzbekiston Respublikasining uglevodorodlar sohasida, jumladan, Bangladesh muhandislari malakasini oshirish tajribasidan foydalanishi mumkinligini taʼkidladi. Shuningdek, u kelgusidagi hamkorlik rejalarini batafsil ishlab chiqish maqsadida mamlakatga tashrif buyurish taklifini qabul qildi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.