Jumladan, iyun oyida jami 34,8 mln kVt·soat majburiy cheklov kiritilgan boʻlsa, mazkur koʻrsatkich iyul oyining oʻtgan 31 kuni mobaynida 175 mln kVt·soatni tashkil qildi. Yoz fasliga oʻtilganidan beri jami 210 mln kVt·soat majburiy cheklov qoʻllanilgan.  

Bunga quyidagi omillar sabab boʻlmoqda.

Iyun oyida tizimda modernizatsiya va rekonsturksiya ishlarini xavfsiz olib borish maqsadida qator hududlarda maqsadli oʻchirishlar amalga oshirilgan. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va uning hududiy filiallari hamda Energetika vazirligining barcha ijtimoiy tarmoqlardagi sahifa va kanallari orqali kamida bir sutka oldin xabarlar eʼlon qilib borilgan. 

Natijada birgina Toshkent shahrining oʻzida 542 ta transformator podstansiyasi va 592,36 kilometr elektr uzatish tarmoqlari mukammal, 923 ta transformator hamda 702,3 kilometr havo tarmogʻi joriy taʼmirlandi.

Past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash dasturiga muvofiq 930,6 km past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari hamda 228 ta transformator punktlari yangilandi. 

“Sagʻbon”, “Yunusobod”, “Qoʻqon”, “Karvon”, “Qorasuv”, “Yalangʻoch”, “Tuzel” va “Sergeli-35” podstansiyalaridagi 9 ta kichik quvvatli transformator katta quvvatlisiga almashtirildi. 

Ayni paytda ham “Yunusobod-Siti”, “Toshkent-Siti”, “Olmos”, “Yangi Oʻzbekiston” hamda “Yangihayot” industrial zonalari uchun podstansiyalar qurish hamda ularni elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun yangi elektr uzatish tarmoqlarini bunyod qilish ishlari pudratchi tashkilotlar tomonidan davom etmoqda.

Bu ishlarni xavfsiz bajarish va elektr montyorlarning sogʻligʻi hamda hayotiga tugʻilishi mumkin boʻlgan xatarlarning oldini olish maqsadida kunning maʼlum vaqtlarida tegishli hududlardagi isteʼmolchilar elektr taʼminotidan vaqtincha uzib qoʻyilmoqda. 

Iyul oyida esa, asosan, respublikamizda ob-havoning haddan tashqari isib ketgani elektr energetikasini uzluksiz hamda yoʻqotishlarsiz yetkazib berishda qiyinchilik tugʻdirmoqda. Mazkur holat birgina Oʻzbekistonga xos emas. Bugun dunyoning qariyb barcha burchagida anomal issiq harorat hukm surmoqda. Oxirgi haftalarda, ayniqsa, Oʻrta Yer dengizi mintaqasida, Amerika Qoʻshma Shtatlari janubida va Xitoyning ayrim hududlarida jazirama kuzatildi. Gresiya hamda Jazoirdagi 40 daraja issiq oʻrmon yongʻinlariga sabab boʻldi.

Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) va Yevropa Yerni masofadan turib zondlash dasturi – “Copernicus” direktori Karlo Buontempo “Deutsche Welle”ga bergan intervyusida 2023-yil iyul oyida qayd etilgan havo haroratining 1940-yillardan beri yozib kelinayotgan ob-havo maʼlumotlaridan keskin farq qilishini taʼkidladi. Uning aytishicha, hozirgi harorat “Oxirgi ming yillikda qayd etilmagan va hatto soʻnggi yuz ming yil ichida ham kuzatilmagan”. 

Kuchli issiq harorat esa sovitish maqsadida elektr energiyasidan fodalanishning karrasiga oshishiga olib kelmoqda. Natijada kabellar kuyib ketyapti, transformatorlar ishdan chiqmoqda. Avariya oqibatlarini bartaraf etish esa ham katta mablagʻ, ham koʻp vaqt yoʻqotilishiga sabab boʻlayotir. 

Biz bu haqda ham oʻz rasmiy resurslarimizda bir necha marotaba eʼlon qildik, vazirlik hamda uning tizim tashkilotlari keltirilgan noqulayliklar uchun isteʼmolchilardan uzr soʻradi. 

Avariya yuz bermasligi uchun esa bir nechta fiderlarni tarmoqdan majburiy oʻchirib qoʻyib, qator xonadonlar, budjet tashkilotlari va tadbirkorlik subyektlarini vaqtincha uzib turish – eng maqbul chora. Bu kutilmagan avariyaviy holatlarning oldini olishga hamda mablagʻ va vaqt tejalishiga xizmat qiladi. 

Oddiy aytganda, qaysidir hududni quyosh tigʻida tashqaridan, ortiqcha yuklama tufayli esa ichidan qizib ketgan kabelni sovitish maqsadida ikki-uch soatga tarmoqdan uzib turish keyinchalik kabel va transformatorning yonib ketishi hamda isteʼmolchilar 10-12 soatlab elektr energiyasiz qolishlaridan koʻra afzalroq yechimdir. 

Toʻgʻri, isteʼmolchi hamisha haq. Qolaversa, siz, azizlarni uzluksiz va barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlash – bizning burchimiz.

Bu borada tizim tashkilotlari tomonidan juda katta ishlar qilinyapti. Xususan, oxirgi paytlarda kunlik ishlab chiqarish oʻrtacha 107,8 foizni, oylik ishlab chiqarish oʻrtacha 106,2 foizni, yillik koʻrsatkich esa 101,8 foizni tashkil qilyapti. 

Soʻnggi kunlarda bir qator yangi ishlab chiqarish quvvatlari – Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida quvvati 1500 MVt boʻlgan issiqlik stansiyasining 500 kV kuchlanishli 2 ta elektr uzatish tarmogʻi, Boʻstonliq tumanida quvvati 200 kVt boʻlgan “Ispaysoy” mikroGESi hamda Yashnobod tumanida 30 mingdan ziyod xonadonni elektr energiyasi bilan taʼminlaydigan yangi “Olmos” podstansiyasi ishga tushirildi. 

Ammo aytish kerakki, isteʼmol ham shunga yarasha boʻlmoqda. Masalan, bugungi kunda oʻrtacha isteʼmol kuniga 11 200 MVtga teng boʻlmoqda. Hatto kunning ayrim paytlarida, asosan, issiq harorat zabtiga olgan chogʻda elektr energiyasi sarfi ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmiga teng, baʼzan talab undan ham ortib ketayotir. 

Buni birgina iyul oyining oʻzida sutkalik isteʼmolda ikki marta rekord koʻrsatkichning qayd etilgani ham yaqqol tasdiqlaydi. Xususan, 12-iyul kuni respublika boʻyicha jami isteʼmol 247,5 mln kVt·soatni tashkil qilgan boʻlsa, 26-iyul kuni 250,7 mln kVt·soatga yetib, sutkalik rekord yana bir karra yangilandi. 

Biroq hozirgi sharoitda “Nima qilsa ham uzluksizlikni taʼminlayman”, deya zarur ehtiyot choralarini koʻrmaslik, muqarrar avariya holati yuz berishi mumkinligini anglagan holda, barqarorlikka erishish istagida ortiqcha kuchlanishga oʻtila boshlagan hududlarni tarmoqdan uzmaslik ham yechim emas, aksincha, katta muammoga olib keladi.

Bunday vaziyatda energiya tejamkorlikka qatʼiy rioya qilish, xonadonlarda ham barcha xonani emas, atigi bittasini sovitish, ishlatilmayotgan elektr uskunalarini tarmoqdan sugʻurish, zarurat boʻlmagan hollarda, ayniqsa, kunduz kunlari lampochkalarni oʻchirib qoʻyish eng maqbul yoʻldir. 

Xalqimizdan bugungi anomal issiq sharoitida Energetika vazirligi hamda uning tizim tashkilotlari tarafidan amalga oshirilayotgan majburiy choralarni toʻgʻri tushunishlarini hamda qoʻllab-quvvatlashlarini soʻraymiz.