Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-maydagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar” toʻgʻrisidagi qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, yoshlarni hayotga dunyoqarashi keng, faol fuqarolar etib tarbiyalash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019-yil 31-dekabrda 1059-sonli “Uzluksiz maʼnaviy tarbiya konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorini qabul qildi. Qarorda tasdiqlangan “Uzluksiz maʼnaviy tarbiya konsepsiyasi”ni mamlakatimiz yosh avlodi tarbiyasiga tamoman yangicha yondashuv deb aytish mumkin. Chunki shu paytgacha navqiron avlod tarbiyasi davrlar (bolalik, oʻsmirlik, yoshlik, kamolot fasli)ga boʻlinib, bu davrlar uchun alohida-alohida ilmiy-amaliy adabiyotlar yozilgan, har bir davr vakillari tarbiyasiga masʼul boʻlgan ota-ona, oʻqituvchi, ustozlar ham oʻz vazifayu mashgʻulotlari chegarasini qatʼiy belgilab olishgan edi. Xolbuki, oddiy niholning koʻrkam, chiroyli boʻlib oʻsishi, sarxil mevalar berishi uning qanday yerga ekilgani, qanday parvarish qilingani, qanday ozuqalar bilan quvvatlantirilgani va bu ishlar oʻz vaqtida, izchil, bir-biri bilan bogʻliq ravishda biri ikkinchisini toʻldirib davom ettirilganiga bogʻliq.

Yosh avlodda mustaqil hayot uchun zarur boʻladigan ijtimoiy koʻnikma va fazilatlarni yoshiga mos, bosqichma-bosqich shakllantirish asosida yuksak fazilatli, barkamol avlodni voyaga yetkazishni asosiy maqsad qilib belgilagan toʻrt bosqichdan iborat Konsepsiyaning birinchi bosqichi homiladorlik davridan bola dunyoga kelib uch yoshgacha boʻlgan yillarni oʻz ichiga oladi. Bu davr ham ikkiga: homiladorlik va bola tugʻilgandan keyin 3 yoshgacha boʻlgan davrga boʻlinadi; tarbiya uchun masʼullar sifatida ota-ona, tarbiyachi, oʻqituvchi, uzluksiz taʼlim muassasalari va jamoatchilikning oʻzaro samarali hamkorligini ishlab chiqish va amalga oshirish vazifasi belgilangan.

Avvalo, homiladorlik davriga ham alohida eʼtibor qaratilib, hali dunyoga kelmagan zurriyotningda maʼnaviy tarbiyaga muhtoj ekani, uning ota-onasi va jamiyat bu haqda hali u olam yuzini koʻrmasdan turib gʻamxoʻrlik qilishini taʼminlash zarurligi davlatimiz tomonidan eʼtirof etilishi, bu ishni davlat siyosati darajasida koʻrib amaliy choralar belgilanishi – bugun va istiqbolga dohil ulugʻ qadam. Haqiqatan ham, bola 3 yoshigacha asosan ota-onasi, shu bilan birga, juda koʻp oʻzbek xonadonlarida bobosiyu buvisi, amakisiyu ammalari orasida yashaydi, ilk koʻnikmalarga ega boʻladi. Zamonaviy ruhiyatshunoslik bola hali dunyoga kelmasidan boshlab oila muhitini his etishi, undan taʼsirlanishini ilmiy asosda taʼkidlaydi. Aslida, bizning xalqimiz uchun bu fikr yangilik emas. Momolarimiz homilador ayolning tashlandiq, qoʻrqinchli joylarda, qorongʻu tushganda yolgʻiz yurishiga yoʻl qoʻymaganlar. Ogʻiroyoq onaga tinchlik-osoyishtalik yaratish, chiroyli joylar va narsalarni koʻrsatish, muloyim munosabatda boʻlish, oqibati xayrli voqealar haqida soʻzlashni, iloji boricha koʻngli tusagan taom-yemakni muhayyo qilishni maslahat berganlari bejiz emas.

Fargʻonaning Yozyovonidan Respublika xalq maorif aʼlochisi Oʻktamxon Soliyeva shunday xat yozibdi: “Quyidagi voqeani oʻqigan, eshitganlar uning toʻqib chiqarilmagani, hayotiy ekaniga ishonishlari uchun ismu familiyamni yashirmayman. Bundan uch yil oldin qizim homilador boʻldiyu, hamma juda maqtaydigan qimmatbaho atrimning hidini yoqtirmay qoldi. Uchrashganimizda koʻrishar-koʻrishmas mendan uzoqlashar, shu atirni sepmasligimni iltimos qilardi. Men bu homiladorlarda boʻladigan injikliqlardan biri deb oʻyladim, atirni ishlataverdim. Bir safar ancha muddat oʻtib koʻrishdik, qizim uzoqdan “Ayajon!” deb quvonch bilan yonimga keldiyu... “Yana sepdingizmi?” deb toʻxtab qoldi. Oʻsha yerdagi daraxtga suyandi, qarasam, rangi ham oqarib ketgandek. Oʻshandan keyin sevimli atirimni shkaf tokchasining bir chekkasiga surib, foydalanmay qoʻydim.

Sal oʻtmay qizim farzandli boʻldi, uchinchi qizcha dunyoga keldi. Shundan keyin... qizim bir kuni shkafimdan haligi atirni topib olibdi. “Ayajon, mana bu atirning hidi muncha yoqimli”, – deb koʻtarib chiqdi. Men kuldim, qarang, homiladorlikning oʻziga xos sir-sinoatida – endi unga atirning hidi juda yoqib turibdi!

Aytmoqchi boʻlgan gapim butunlay boshqa: qizimning chaqalogʻi oylar sayin atrofidagilarni tanib, ularga kulib talpinadigan boʻldi. Faqat meni koʻrganda birdan hurpayib, onasiga mahkam yopishib olardi. Narsa uzatsam teskari qaraydi, uni majburan qoʻlimga olib koʻtarmoqchi boʻlsam, yuzlarimni timdalab tashlaydi. Bir, bir yarim yoshga kirdi, hech oʻzgarmaydi. Boshqa nabiralarim meni koʻrishgan zahoti yugurib kelishadi, quchogʻimni, yelkamni, qoʻllarimni talashishadi, lekin faqat shu qizgina meni yoqtirmaydi. Qizim: “Ayajon, homiladorlik paytimda sizning atringizdan koʻnglim behuzur boʻlgani, uning hididan yomon qiynalganimni nabirangiz qornimda turib bilganmikin?” – deydi. Men oʻzim ham shundaymikin, deb oʻyladim. Boshqalarga ibrat boʻlsin, degan maqsadda yozdim”.

Tasavvur qiling: hamma bilan bir dasturxonda binoyidek ovqatlanib oʻynab-kulib yurgan kelin homilador boʻldiyu, tansiq meva yegisi kelib qoldi, koʻproq uxlaydi, qay bir hidlardan behalovat boʻladi... Bilingki, bu – uning erka-tantiqligidan emas, vujudida uygʻongan zurriyotingizning talabi, sogʻlom ulgʻayish uchun ehtiyojidan. Ayni mavzuda gap ketsa, koʻpchilik bu fikrni tasdiqlaydi. Ammo amalda... Tumanlardan birida oilasi buzilgan yosh kelin gapirib berdi: toʻrt oylik homilam bor edi. Qaynonam tomorqadagi yomgʻirdan keyin ivib yotgan makkapoyani yigʻishtirib, bogʻlab, tomga bosib qoʻyishni buyurdilar. Dam olish kuni edi, televizor koʻrib oʻtirgan erimga: “Yuring, birga...” deganimni bilaman, qaynonam: “Oʻgʻlim oʻzi bir kungina dam oladi”, deb oʻgʻillariga “oʻtir” ishorasini qildilar. Oʻzim hamma makkani oʻrdim, yigʻdim, narvondan tomga tashidim. Ertasiga ertalab hovli loy boʻlgani uchun ikki yashar qizimni koʻtarib tashqariga olib chiqayotgandim, belimda qattiq ogʻriq turdi... homilam tushib qoldi.

Bu kabi bemehrliklardan boʻlajak onaning dili ogʻrib, asablari taranglashib yoki boʻshashib, ayni holati uning sogʻligiga taʼsir etsa, demakki, bu asorat homilani ham chetlab oʻtmaydi. Jamiyatimizning achchiq muammolaridan boʻlgan oilaviy ajrimlarning sabablari orasida qaynona-kelin, qaynopayu qaynsingillarning kelishmovchiliklari ham salmoqli oʻrin tutadi. Bu borada koʻpchilik kuyov-erlarning ikki tomonni teng tarozu qilib kelishtirib yashash qobiliyatidan mosuvo ekanliklari – alohida katta mavzu. Ajablanarlisi, boshidan homiladorlikni kechirgan boʻlsada, ayrim qaynonayu qaynopalar, ovsinlarning homilador kelinning ahvolini bilib turib bilmaslikka, tushunib turib tushunmaslikka olishlari, yumshoq qilib aytganda, berahmlik, insoniylikdan emas. Bunday sharoitda kelinning oʻzigina emas, uning bagʻrida onasi bilan bir jon-bir tan boʻlib yotgan homilasi ham gʻam, iztirob, ruhiy qiyinchiliklarga sherik boʻladi. Mutaxassislar ilmiy kuzatishlar davrida homilador ayolning oldiga shirinsoʻz, mehribon odam kelsa homilaning yayrab, osoyishta harakatda boʻlganini va aksincha, onani ranjitadigan odamning ovozi eshitilgan zahoti notinch boʻlib asabiylashganini kuzatishgan, demak, homila ovozlarni farqlashni biladi, taniydi. Shunday boʻlgach, homilador kelinidan oy-oylab norozi boʻladigan, uni tinmay urishadigan, jerkiydigan qaynonalar keyinchalik nabiralaridan oʻzlari istagandek mehr-oqibat koʻrmasalar... Xudo saqlasin! Zurriyotlaringga qadrli, eʼzozli boʻlish avvalo oʻzing ularni qadrlab eʼzozlashingdan boshlanarkanda!

Internet tarmogʻida bir ajoyib lavha koʻrdim: qish kuni kichkina qush temir quvurga qoʻnibdiyu, oyoqchalari oʻsha zahoti temirga yopishib qolibdi. U qanotlarini pirillatadi, lekin ucholmaydi. Shu payt bir qoʻl paydo boʻlib xuddi ona goʻdagini bagʻriga mahkam bosgan kabi qushchaning vujudini kaftiga oldi. Avvaliga bezovta boʻlgan qushcha sal fursatda badaniga oʻtgan haroratni his etdimi, tinchlandi. Qoʻl qushchani bir muddat isitgandan keyin “kuh-kuh”lab uning oyoqchalari yopishib qolgan muzni erita boshladi. Va sal oʻtmay mitti jon “chirik-chirik”laganicha uchdi-ketdi. Uning xursandligidan nabiralar ham chapak chalishdi...

Keyingi paytda hali bir yoshgayam toʻlmagan, hatto 2-3 oylik goʻdaklar orasida bosh miyaning ichki bosimi (cherepnoye davleniye) bilan ogʻriganlar soni koʻpaydi. Kimlar kichkinagina bolasining tajangligi, qaysarligi, yigʻloqiligi, gap uqmasligi, tili juda kech chiqayotgani, soʻzlarni tiniq talaffuz etolmayotganidan noliydi. Bu holatlar atrofdagilarni oʻylantiradi, asabini egovlaydi, hatto jahlini chiqaradi. Aslida, ayni qusurlardan hammadan koʻra koʻproq bolaning oʻzi qiynaladi, shu qusurlari tufayli tengdoshlari bilan chiroyli muloqot qilolmaydi, oʻz qobiliyatlarini namoyon etolmaydi, aqliy-maʼnaviy rivojlanishdan orqada qoladi. Bu muammolarning ildizini avvalo oilaviy muhitdan izlash kerak, mutaxassislarning fikri ham shunday. Aksariyatimiz koʻpincha yonginamizda ulgʻayib kelayotgan jigarbandimizning his etish, mushohada etib xulosa chiqarish qobiliyatlariga deyarli eʼtiborsizmiz. Ona qornidagi bolaniku, qoʻyavering.

...Esdalik daftarimda qayd etilgan sana boʻyicha mana bu voqea yuz berganda qizcham ikki yarim yoshda ekan: bir kuni aytganimni qilmagani uchun qattiq urishdim, u yerga qaragancha jim turaverdi. Shu payt koʻzim toʻgʻridagi tokchaga terilgan qoʻgʻirchoqlarga tushdiyu, qizchamni yanayam izza qilmoqchi boʻlib: “Ana, kichkinagina qoʻgʻirchoqlar ham sen qilgan ishni qilmaydi”, – dedim. Qizim, tavba, anchadan buyon aytolmayotgan dardini toʻkib solishga imkon tugʻilgan kabi shartta: “Qoʻgʻirchoqlarning ayasi bolasini tashlab ishga ketib qolmaydi!” – dedi... Koʻzim ochilgandek boʻldi, biz hatto kap-katta bolamiz haqida ham “Qornini toʻydirib qoʻysam, boʻldi” degan xayolda yurarkanmiz. Aslida, ularning qalbi biz oʻylagandan a-a-ancha oldin mehrli, anglovchi, tinglovchi, tushunuvchi, koʻzlariga termiluvchi qalbimizni izlashga boshlarkan. Koʻzingga yosh quyiladi: qanchalar begʻubor, beozor, chiroyli, umidbaxsh, muhabbatga tashnayu muhabbati hadsiz va taʼmasiz bolalar – bandalariga Allohning bundan shirin, aziz, qadrli neʼmati bormikin?!

Dunyoga yangi kelgan chaqaloq onaning oʻgʻiz sutiga toʻysa, iligi toʻq, jismonan baquvvat boʻladi. Ayni shu davr atrofida, yaʼni ona qornidaligidan boshlab yorugʻ olamga koʻz ochib, ilk qadami, ilk soʻzlari, ilk mashgʻulot-oʻyinlari atrofidagilarning mehr-muhabbati bilan ragʻbatlantirilsa, qoʻllab-quvvatlansa maʼnaviyati toʻq magʻizli, bagʻri butun, oʻziga ishonchi mustahkam, ilmu maʼrifatga oshno shaxs boʻlib kamol topadi, inshaalloh. “Uzluksiz maʼnaviy tarbiya” Konsepsiyasining birinchi bosqichida “tarbiya uchun masʼullar sifatida ota-ona, tarbiyachi, oʻqituvchi, uzluksiz taʼlim muassasalari va jamoatchilikning oʻzaro samarali hamkorligini ishlab chiqish va amalga oshirish vazifasi” qoʻyilgan. Hukumatimiz tomonidan juda katta harakat va xarajatlar tikib boshlangan bu xayrli, qutlugʻ ishlar kutilgan natijalar berishi uchun mahalla faollari ham alohida jonkuyarlik, prinsipiallik koʻrsatishlari, yaʼni qaynonayu kelinlarni maishiy, mayda-chuyda hoyu havaslar, shaxsiy qiziqishu xohishlari “yetagi”da emas, avvalo, oʻz shajarasi va millatning har jihatdan sogʻlom yangi vakillarini tarbiyalash, voyaga yetkazish orzusi, harakatida yashasalar, shu mehnatlarining shirin mevalaridan birgalikda bahramand boʻlsalar – bundan chiroyli baxt bormi?

Muhtarama ULUGʻOVA,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat

markazi masʼul xodimi