Xalqaro harbiy hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va maxsus boʻlinmalarda xizmat qilish nufuzini oshirish kabi maqsadlarda tashkil etilgan musobaqada harbiy xizmatchilarimiz AQSH Milliy gvardiyasining Maxsus boʻlinmalari harbiy xizmatchilari bilan kuch sinashdi.
Musobaqa davomida harbiy xizmatchilarimiz yakka tarkibda jismoniy tayyorgarlik sinovlari (6 ta mashqni oʻz ichiga olgan Fitnes test), jismoniy va ruhiy zoʻriqish yoʻlagidan oʻtish, tunda 15 km masofaga oriyentirlash, 15 kg yuk bilan 20 km masofaga marsh yugurish, jangovar va umumiy tayyorgarlik boʻyicha test sinovlari, insho yozish (harbiy hamkorlik mavzusida 500 tadan kam boʻlmagan soʻz), artilleriya olovini boshqarish, AQSH namunasidagi oʻqotar qurollarni notoʻliq qismlarga yoyish, yigʻish va jangovar holatga keltirish, shuningdek, ulardan turli usul va sharoitlarda oʻq otish, tibbiy tayyorgarlik, ommaviy qirgʻin qurollaridan himoyalanish, kutilmagan (syurpriz) mashqlar kabi shartlarni muvaffaqiyatli bajardilar.
Harbiy xizmatchilarimiz 15 kg yuk bilan 20 km masofaga marsh yugurish shartini 1 soat 54 daqiqa ichida bajarib musobaqa rekordini yangiladi.
Musobaqada Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari yuqori intellektual salohiyati, jismonan chiniqqanligi hamda gʻalabaga boʻlgan ishonchi bilan ishtirokchilar orasida yaqqol ajralib turdi hamda eng yuqori natijalarni koʻrsatgan holda gʻolib boʻlishdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti