2016-yilgi Jahon iqtisodiy forumida taʼlimning mamlakatlar salohiyatini koʻtarishdagi 3 ta muhim oʻrni haqida alohida toʻxtalib oʻtilgan. Yaʼni, birinchidan, yaxshi taʼlim ishchi kuchining vazifalarni tez va samarali bajarish qobiliyatini oshiradi. Ikkinchidan, maktab taʼlimi va oliy taʼlim insonlarga boshqalar yaratgan yangi mahsulot va texnologiyalar, qulayliklarni tezkor oʻzlashtirish, ularga oid yangi bilimlarni tezkor almashishni osonlashtiradi. Uchinchidan va eng muhimi, taʼlim insonlardagi ijodkorlikni oshirish orqali mamlakatning innovatsiyalarni ilgari surish qobiliyatini yuksaltiradi. Yuqoridagi misollardan koʻrinib turibdiki, mamlakatlarni va insonlarni porloq kelajakka tayyorlaydigan eng yaxshi vosita – taʼlim.

Islohotlar shiddati meni oʻziga chorladi

Men 2020-yilning yanvar oyida Janubiy Koreyaning yetakchi uchta oliy taʼlim muassasalaridan biri boʻlgan Yonsei universitetini tamomladim. Qarshimda dunyo eshiklari ochiq turgan bir mahalda, meni Oʻzbekistondagi islohotlar shiddati oʻziga chorladi. Joriy yil eʼlon qilingan Jahon iqtisodiy koʻrsatkichlariga koʻra, dunyoning qudratli iqtisodiyotga ega 10 ta mamlakati qatorida turuvchi Koreya Respublikasi taraqqiyotida taʼlim qanchalar muhim rol oʻynaganini bilganim uchun ham, Oʻzbekistonga qaytib taʼlim sohasida ishlashga qaror qildim.

1953-yilgi hisobotlarga koʻra, urushdan endigina chiqqan Koreya jahondagi eng kambagʻal davlat boʻlgan. Xalqaro ekspertlar katta minbarlardan turib vayronaga aylangan Janubiy Koreyadagi ahvolni yaxshilash uchun yuz yillar ham kamlik qilishini ochiqchasiga eʼlon qilgan. Biroq yoʻqchilik va urush millatni uygʻotdi. Taʼlim bu oʻzgarishlarni yanada jadallashtirib yubordi. Koreyaliklar farzandlarini taʼlim olishdan chalgʻitadigan har qanday yumushlardan ozod qildi.

Minglab yoshlar ilm olish istagida ilgʻor davlatlarga joʻnab ketdi. Natijada, 1970-yildan boshlab mamlakat iqtisodiyoti oʻsib bordi. 1971-yilda mamlakatning eksport salohiyati
1 milliard dollardan oshib ketdi. Xalqaro ekspertlar bu hayratomuz rivojlanishni “Han daryosidagi moʻjiza” yoki “Koreya moʻjizasi” deb ataydi. Mendan koʻpincha Janubiy Koreyadan nega qaytganimni soʻrashadi. Imkoniyatlari cheklangan bu davlat qisqa vaqtda oyoqqa turdi. Bu hodisa meni hayratlantiradi va koʻnglimda ishonch hissini uygʻotadi. Koreyaliklar uddalashdimi, biz ham uddalaymiz, degan ishonch meni ortga qaytargan. Buning uchun esa, munosib taʼlimni yoʻlga qoʻyishimiz kerak va barcha saʼy-harakatlarimiz ayni paytda shu maqsadga qaratilgan.

Milliy oʻquv dasturi — mazmun va metodikani yangilash ehtiyoji

2020-yil yanvar oyida Xalq taʼlimi vazirligining taʼlim mazmuniga masʼul Respublika taʼlim markazida faoliyat boshladim. Bu paytga kelib boshlangʻich sinflarda davlat taʼlim standartlari oʻrniga, ilgʻor xorijiy tajriba asosida, bolaga ortiqcha yuklama bermaydigan “Milliy oʻquv dasturini yaratish, shu standart va dastur asosida yangi avlod darsliklarini tayyorlash” rejasi hukumat miqyosida koʻrib chiqilayotgan edi.

Respublika taʼlim markazida ish boshlagan ishchi guruhlari Buyuk Britaniya, AQSH, Finlyandiya, Rossiya davlatlari ekspertlari ishtirokidagi qizgʻin jarayonlar taʼlim standartlari yoki oʻquvchi faoliyati natijalariga qoʻyiladigan talabni ishlab chiqishdan boshlandi. Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy oʻsish dinamikasi, mehnat bozori ehtiyojlaridan kelib chiqib, har bir fan uchun sinflar kesimida standartlar tayyorlashga kirishildi.

Oʻquv dasturlaridagi nazariy qismlar qisqartirilib, amaliy soatlar hajmi umumiy dasturda 20 foizdan 50 foizga oshirildi. Oʻquvchi yoshidan, xalqaro tajribalar, psixologik va sanitariya normalaridan kelib chiqib, haftalik normativlar sinflar kesimida qayta taqsimlandi. Bosqichma-bosqich oʻquv yuklama soatlari qisqartirildi. Yangi milliy oʻquv dasturida barcha sinflar kesimidagi haftalik yuklama 314 soat etib belgilandi (2019-yilda — 339).

Mamlakatimizda taʼlim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishlarda maktabda oʻqitish metodikasi oʻzgarmasa, taʼlim sifati ham, mazmuni ham, muhit ham oʻzgarmasligi taʼkidlandi. XXI asrda oʻquvchilarning qiziqishlari asosida oʻqitish metodikasi ommalashayotgani hisobga olinib, variativ oʻquv rejalar asosida oʻqitish tizimi joriy qilindi. Bu esa, oʻquvchiga oʻzining istaklari va qobiliyatlarini inobatga olib, fanlarni tanlab oʻqish, kelajak rejalari asosida muayyan fanlardan imtihonlarga tayyorgarlik koʻrish imkonini berdi.

Shu vaqtga qadar fanlar bir-biridan ayro oʻqitilgani tufayli odamlar borliqni yaxlit tasavvur qila olmas edi. Mamlakatimizga zamonaviy oʻqitish metodikasining eng ilgʻor yutugʻi kirib keldi. Fanlararo integratsiya kuchaytirilib, fan va mavzularni oʻqitishda mantiqiy fikrlash, amaliy koʻnikmalarni shakllantirishga asoslangan spiralsimon oʻqitish metodikasi joriy qilinmoqda (amalda chiziqli oʻqitish, yod olish metodikasi). Spiralsimon oʻqitish metodikasi — mavzularni har bir sinfda soddadan murakkabga qarab oʻqitish, oʻquvchilarda borliqni yaxlit tasavvur va tadqiq qilish orqali oʻrganishni taʼminlovchi integratsion yondashuv.

Fanlarning bir-birini toʻldirib oʻqitilishi maktablarimizga STEM yondashuvining kirib kelishiga zamin yaratadi. Natijada, oʻquvchilarda egallagan bilim, koʻnikma va malakalarini kundalik hayot bilan bogʻliqligini koʻrsatishda dars va sinfdan tashqari mashgʻulotlarda oʻquv tadqiqotlarini oʻtkazish, tajribalarni bajarish, loyihalashtirishga yoʻnaltirilgan ijodkorligini tarbiyalash, yangiliklar yaratishga boʻlgan qiziqishlarini rivojlantirish imkoni paydo boʻladi.

Darsliklar sohasidagi bunday tub oʻzgarishlar bundan 17 yil avval amalga oshirilgan. Ammo u darsliklardagi kontent asosan sobiq ittifoq davridagi oʻquv adabiyotlaridan koʻchirilgan. Yillar davomida darsliklar sohasida mualliflar maktabi shakllanmagan. Darsliklar oʻquvchining ruhiy, jismoniy oʻzgarishlarini hisobga olmay yozilgan, aksari oʻquvchilar uchun zerikarli boʻlgan.

168 nomdagi darslik va oʻqituvchi kitoblari

Milliy oʻquv dasturining ilk mevasi sifatida Respublika taʼlim markazi tomonidan 2021-2022 oʻquv yilida umumtaʼlim maktablarining 1- va 2-sinflari uchun 168 nomdagi darslik, mashq daftari va oʻqituvchi kitoblari tayyorlandi. Darsliklari yangilanayotgan 11 ta fan boʻyicha oʻtkazilgan tajriba-sinovga 40 nafar eksperimentator oʻqituvchi va 937 nafar oʻquvchi jalb qilindi. Yangi darsliklarni amaliyotga joriy etuvchi pedagog kadrlar uchun joriy yilning 28-30-iyun kunlari ­
24 soatga moʻljallangan 3 kunlik maqsadli oʻquv-seminar oʻtkazildi. Mazkur seminarga respublikaning barcha hududlaridagi malaka oshirish markazlari va metodistlardan iborat
84 nafar trenerlar jalb etildi.

Shuningdek, fanlar maqsad-vazifalaridan kelib chiqib, mobil ilovalar ishlab chiqildi. Darsliklar boʻyiga ham, eniga ham kattalashib, dizayni tubdan yangilandi. Zamonaviy va xalqaro talablarga mos ravishda chop etilishi, rang-baranglik, yorqin ranglar oʻquvchining diqqatini jalb qilmoqda. Mazmun uchun esa butunlay yangicha yondashuvlar tanlandi.

Oʻquvchilarni nutqiy vaziyatlarga tayyorlaymiz

Milliy oʻquv dasturi bilan maqsadi bir boʻlsa-da, nomi boshqa-boshqa va alohida oʻqitiladigan fanlar birlashtirilmoqda. Jumladan, ona tili va oʻqish fanlari. Bu ikkala fan birlashib, oʻquvchida 4 ta lisoniy koʻnikmani shakllantirish metodikasi asosiga qurildi. Ona tilidan tayyorlangan Milliy oʻquv dasturi oʻquvchilarda oʻqish, yozish, fikrini erkin ifodalash hamda tinglab tushunish kabi muhim koʻnikmalarni shakllantirish barobarida, ularni hayotda duch keladigan nutqiy vaziyatlarga ham tayyorlaydi. Xususan, taklif etilayotgan yangi malaka talablariga koʻra, oʻquvchi yoshidan kelib chiqib, tarixiy, ijtimoiy, ilm-fan va texnikaviy mavzularda erkin soʻzlasha olishi, bu mavzudagi matnlarni oʻqib tushunishi va tuza olishi zarur. Bu ularga hayotda duch keladigan vaziyatlar, kasblarni egallash uchun zarur savodxonlik koʻnikmalari va tushunchalarni maktabdayoq egallash va keyinchalik samarali foydalanish imkonini beradi.

Olib borilgan tahlil va oʻrganishlar shuni koʻrsatmoqdaki, shu vaqtga qadar ona tili fanidan amalda boʻlib kelgan dasturlarda asosiy urgʻu grammatikani — til qoidalarini oʻrganishga qaratilgan, shuningdek, oʻqish fanida oʻqish texnikasi va koʻnikmasini rivojlantirishda badiiy va didaktik materiallardan keng foydalanilgan.

Matematik tafakkur

Yaponiyalik hamkorlar bilan yurtimizdagi ayrim maktablarda oʻtkazilgan tadqiqot tahlillariga koʻra, quyidagi omillar aksariyat oʻquvchilarning matematika fanini oʻzlashtira olmasligiga sabab boʻlmoqda:

mavzularning “chiziqli” oʻtilishi, yaʼni mavzular bir marta oʻtilgach, unga deyarli boshqa murojaat qilinmaydi, oʻzlashtirishi past boʻlgan oʻquvchilarga qoʻshimcha shugʻullanish uchun adabiyotlar yoʻqligi, shuningdek, darsliklarda nisbatan passiv oʻzlashtiruvchi oʻquvchilar uchun alohida mashqlar yoʻqligi, taʼlim sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatgan. Yaponiya bilan solishtirganda, Oʻzbekistondagi matematika darsliklarida, jumladan, boshlangʻich sinflardan boshlab mavzular murakkab misol va masalalar, yondashuv asosida oʻqitib kelingan.

Matematik tafakkurga ega isteʼdodli oʻquvchidan muvaffaqiyatli kompyuter dasturchisi, kompyuter texnigi, tizim tahlilchisi, tarmoq tahlilchisi, maʼlumotlar bazasi dizayneri va muhandislik (elektron, mexanik yoki kim­yoviy) kabi zamonaviy kasb egalari yetishib chiqishi mumkin.

Shularni hisobga olib, centyabr oyidan boshlab maktablarga kirib borgan matematika darsliklari fan orqali mantiqiy tafakkurni rivojlantirishi bilan avvalgi — hisob-kitob, arifmetik amallarga katta oʻrin berilgan darsliklardan farq qiladi. Qiziqarli topshiriq hamda mashqlar endi oʻquvchida “qoʻshish-ayirish” koʻnikmasi bilan birga, ijodiy va tanqidiy fikrlash, asos bera olish qobiliyatlarini oʻstiradi, muammolarga yechim topishda topqirlik va ijodkorlikni qoʻllay olish salohiyatini oshiradi. Bunday koʻnikmalar esa oʻquvchiga hayotiy vaziyatlarda muvaffaqiyat qozonishiga koʻmaklashadi. Matematikani bolaligidan sevib oʻqish, uni yaxshi oʻzlashtirish inson hayotiga ijobiy taʼsir qiladigan omildir. Bu hodisa sodir boʻlishi uchun esa matematika toʻgʻri usulda — hayotiylashtirib oʻrgatilishi zarur.

Dunyoni tabiiy fanlar orqali yaxlit tasavvur qilamiz

Fanlarning integratsiyalashuvi ortidan taʼlim tizimiga yana bir xalqaro tajribani joriy qilish imkoni paydo boʻldi — bu yildan maktablarimizda Tabiiy fanlar (Science) oʻqitila boshlandi. Yangi fan dasturi va darsligi Cambridge universiteti nashriyoti mualliflaridan boʻlgan Filippa Gardom xonim boshchiligida tayyorlandi.

Tabiatshunoslik, atrofimizdagi olam kabi fanlarda tabiat haqida umumiy tushuncha berilsa ham, ular oʻquvchilarni keyinchalik oʻtiladigan fizika, kimyo, geografiya, biologiya kabi fanlarga tayyorlamagan. Boisi dasturda ham, darslikda ham katta tafovut mavjud edi. Natijada, oʻquvchi yuqori sinfga kelganda bu fanlarni oʻzlashtirishda muammolarga duch kelgan.

Bolalar tabiatan qiziquvchan, biror nima yaratishga moyil boʻladi. Tabiiy fanlar orqali oʻquvchida tadqiqotchilik, yangilikka intilish, tabiatni himoya qilish koʻnikmalari shakllanadi.

Ehtiyoj va talab

“Biz oʻquvchilarni hayotga tayyorlaymiz” shiori Finlyandiyadagi har bir maktab direktorining xonasida osigʻliq turadi. Bolalarni maktab orqali hayotga tayyorlash — ularga oʻrganganlarini hayotga tatbiq etishiga yordam berish degani. Oldimizda yod olishga yoʻnaltirilgan taʼlimdan voz kechib, oʻquvchida koʻnikma shakllantiruvchi taʼlim tizimiga oʻtish ehtiyoji va talabi turibdi. Bugungi taʼlim bilish va oʻrganganlarini qila olish koʻnikmalarini rivojlantirishi bilan oʻziga xosdir.

Respublika taʼlim markazi tomonidan Xalq taʼlimi tizimida joriy qilinayotgan Milliy oʻquv dasturi 4 muhim koʻnikma — kommunikativlik, axborot bilan ishlash, oʻz-oʻzini rivojlantirish, ijtimoiy-emotsional va faol fuqarolik kabi koʻnikmalarni rivojlantirish asosiga qurilgan.

Xalqaro hamkorlik va eng yaxshi tajribalar

Taʼlimni xorijda oʻzini oqlagan tajribalar orqali rivojlantirish amaliyoti ham tizimni yangilashda qoʻl kelmoqda. AQSHning USAID tashkiloti hamda Xalq taʼlimi vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan “Barkamollik uchun taʼlim” dasturi doirasida bu yil Oʻzbekiston taʼlimi tarixida ilk marotaba taniqli Kembrij universiteti nashriyotining ikkita darsligi — 1- va 11- sinflar uchun ingliz tili, 5- va 11- sinflar uchun informatika darsliklari tayyorlandi. Ayni paytda darsliklar Sirdaryo va Namangan viloyatlarida tajriba-sinovidan oʻtkazilmoqda. Ularni keyingi oʻquv yilidan mamlakatimizdagi barcha umumtaʼlim maktablarida joriy qilish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Oʻzbekistonda rus tilida oʻqitish sifatini oshirishga qaratilgan “Zoʻr!” loyihasi doirasida Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti ekspertlari ishtirokida 2-sinf rus tili darsligi ilk marotaba “Rus tili xorijiy til sifatida” metodikasi asosida tayyorlanib, maktablarga tarqatildi. Mazkur turkumga mos darsliklar 11-sinfga qadar tatbiq etiladi.

Darslik yozish jarayonlariga xalqaro ekspertlar jalb qilinishi tajribada ilk bor qoʻllanilayotgan tarixiy jarayondir. Respublika taʼlim markazida darsliklarni yaratish boʻyicha tashkil etilgan ishchi guruhlar xalqaro ekspertlar bilan fanlar boʻyicha oʻquv dasturi va darsliklarni tayyorlashda hamkorlikda ish olib bormoqda.

Oʻqituvchi va oʻqituvchilik haqida

Janubiy Koreyada qadimdan jamiyatning uch aʼzosi yuqori darajali teng hurmatga loyiq koʻrib kelingan. Bular — mamlakat rahbari, ota-ona hamda oʻqituvchi. “Saboq bermoqlik inson taqdiriga daxldor olijanob kasb. Meni kun kelib prezident emas, oʻqituvchi deb yodga olsalar, ana shuning oʻzi men uchun ulkan sharafdir”, degan edi Hindiston prezidentlaridan biri Doktor Abdul Qalam. “Agar shogird shayxulislom, agar qozidur, agar ustoz rozi — Tangri rozidur”, deb yozgan Alisher Navoiy hazratlari.

Bugun taʼlimdagi islohotlarning eng muhim ishtirokchisi — oʻqituvchi. Qilishimiz kerak boʻlgan yana bir muhim vazifa — oʻqituvchini doskadagi maʼruzachidan oʻquvchini yoʻnaltirib turuvchi fasilitatorga aylantirishimiz kerak. Yaʼni, bugungi kun oʻqituvchisi maʼruza metodidan voz kechib, loyiha ishlari, jamoaviy va tadqiqotlar orqali koʻproq oʻquvchining mustaqil faoliyatini qoʻllab-quvvatlashi kerak. Shundagina oʻquvchida kelajakda mehnat bozorida yoki hayotda zarur koʻnikmalar boʻy koʻrsatadi. Tadqiqotlarga koʻra, akademik jihatdan mustaqil oʻqituvchi oʻz fikriga ega, mehnat bozorida, jamiyatda oʻrnini topadigan oʻquvchilarni tarbiyalaydi.

Xulosa oʻrnida ...

Yaqin-yaqingacha eng muhim 4 ehtiyoj sifatida sogʻliq, oziq-ovqat, uy-joy, kiyim-kechak eʼtirof etib kelingan. Bugungi raqobatbardosh dunyoda ularning qatoridan beshinchi eng muhim ehtiyoj oʻrin egalladi — bu taʼlim. Shuni hisobga olib, yuqoridagi oʻzgarishlar barcha fanlar mohiyatida sodir boʻlmoqda. Bosh maqsad — oʻquvchining maktabga kelishga ragʻbatlantiradigan mavzular va jarayonlardan iborat jozibador taʼlim muhitini yaratish

Shuhrat SATTOROV,

Xalq taʼlimi vazirligi qoshidagi

Respublika taʼlim markazi direktori