Bu gapni Samarqand viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari Dilshod Narziqulovning o'zidan eshitdik.

— Pandemiya sababli o'tgan yili Samarqandga kelgan sayyohlar soni 633 ming nafarga teng bo'lgan. Shu yilning birinchi yarmida ular soni qariyb ikki barobarga oshdi, — dedi u. — Mehmonxonalarning o'zi hozirda 171 tani, oilaviy mehmon uylari esa,  217 tani tashkil etadi.  Sohada 2021-yilning  6 oyi davomida  84 ta turistik loyiha ishga tushirildi. Jumladan, 12 ta mehmonxona foydalanishga topshirildi, 45 ta yangi oilaviy mehmon uylari ish boshladi. 136 ta turistik sinfga mansub avtobus, 126 ta mikroavtobus va 20 ta elektromobil, 181 ta turoperatorlar hamda 336 ta gid-tarjimonlar tomonidan mahalliy va xorijiy fuqarolarga sayyohlik xizmatlari ko'rsatib kelinmoqda.

Pandemiya sharoitida turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlarini qo'llab-quvvatlash maqsadida 39 ta mehmonxona va turoperatorlik tashkilotlariga xodimlarini saqlab turish, ularning oylik ish haqlarini to'lash uchun 2,1 milliard so'm miqdorida foizsiz maqsadli ssudalar ajratildi...

Tez orada sayyohlarni Mirzo Ulug'bekning 1444 yilda yozilgan “Zijji Ko'ragoniy” asariga muqoyasa sifatida ochiq kitob ko'rinishida bunyod etilgan aeroport qarshi oladi. O'z davrida bu kitob 1018 ta yulduzning joylashuvi haqida ma'lumot beruvchi dunyo falakiyotshunosligining eng mukammal asari hisoblangan. Aeroport terminalining tom qismida  yulduzlar turkumi tasviri tushirilgan osmon ko'rinishi aks ettiriladi, ayniqsa tunda bu ko'rinish juda ulug'vor manzara kasb etadi.

Mazkur aviaqo'nalg'a rekonstruksiyasi xalqaro terminalni modernizatsiyalash, uning yangisini qurish, uchish-qo'nish yo'lakchasini bunyod etish hamda radiolokatsiya tizimlarini yangilashni o'z ichiga olgan. Samolyotlar uchun 24 ta qo'nish  va 700 o'rinli engil avtomobillar to'xtash joyi qurilishi nazarda tutilgan. Endilikda aeroportning o'tkazuvchanlik qobiliyatini soatiga 350 tadan 1000 tagacha oshirish hisobiga yo'lovchilar oqimini yiliga 460 000 tadan 2 milliontagacha etkazish imkoniyati ta'minlanadi.

Aslida Prezidentimizning viloyatga har bir tashrifidan keyin uning me'moriy qiyofasi yanada mahobat, fayz va ko'rkamlik kasb etadi. Aeroportni ta'mirlash loyihasi  ham 2019-yildagi tanishishdan keyin tubdan o'zgardi va kengayib ketdi.

“Enter Engineering PTE Lmd” kompaniyasi tomonidan qurilayotgan Markaziy Osiyoda yagona bo'lishi kutilayotgan mazkur aeroport uchun 80 million AQSH dollari miqdorida mablag' sarflanmoqda. SHuningdek, bu erda Rossiya, Turkiya, Germaniya hamda Buyuk Britaniyadan kelgan quruvchi-muhandislar mehnat qilmoqda.

Bugungi kunda uzunligi 3105 va eni 60 metr bo'lgan uchish-qo'nish yo'lagi qurilishi tugallanib, yoritish-signal chiroqlari va aeronavigatsiya uskunalari o'rnatilmoqda. Qurilishi davom etayotgan yangi terminal bir soatda 2 barobar ko'p, ya'ni 800 nafar yo'lovchiga xizmat ko'rsatish quvvatiga ega bo'ladi.

— YAngi terminalimiz ishga tushsa, bir vaqtning o'zida 4 ta reysga xizmat ko'rsatish imkoniyati paydo bo'ladi, — deydi "Samarqand xalqaro aeroporti" bosh muhandisi Zafar Gapirov. — 2019 yilda bir haftada 49 ta reysga xizmat ko'rsatgan bo'lsa, endi bu bir ish kunida amalga oshiriladi.

Samarqand eshkak eshish kanali bo'yida barpo etilayotgan zamonaviy sayyohlik markazida amfiteatr, ko'ngilochar parklar,  “Abadiy shahar” karvon saroyi va 8 ta mehmonxona qurilyapti. 212 gektarlik bu majmua sayyohlik xabiga aylantirilishi rejalashtirilgan.

Shaharning Bo'stonsaroy ko'chasidagi yo'l qurilishi ham jadal olib borilmoqda. Mazkur ko'chaning 800 metr qismidagi “snos” qilingan 78 ta uy egalariga 25 milliard so'm kompensatsiya pullari, ayrimlariga o'zlari xohlagan hududdan uy-joy ajratib berilgan.

— Dastlabki bosqichda qurilish ishlari Bo'stonsaroy ko'chasining 800 metr qismida olib borilib, Siyob arig'i tepasidagi pastlik to'ldirilib, tekis yo'lga aylanadi, — deydi viloyat hokimining o'rinbosari Akmal Shukurov. — Avtomobillar uchun qurilayotgan 6 tasmali yo'lning ikki chetida piyodalar va veloyo'laklar bo'ladi, beton ariqlar o'rnatiladi. Siyob arig'i ustidagi ko'prik ham kengaytiriladi.

Bo'stonsaroy va Rudakiy ko'chalari kesishmasidagi tunnel qurilishida ikkinchi bosqich ishlari olib borilmoqda. Uning uzunligi 624 metr, balandligi 5,5 metrni tashkil etadi. Piyodalar uchun yer osti yo'laklari quriladi.

—Tunnel ustiga temir-beton bloklarni o'rnatyapmiz, - deydi “Ko'prikqurilishtresti” AJ muhandisi Aziz Bekmirzaev. – Ko'prik ostida 4 tasmali avtomobil, 2 tasmali tramvay yo'llari quriladi. Barcha ichimlik suv, elektr energiyasi, tabiiy gaz, oqova tarmoqlari hamda kommunikatsiya tizimlari o'tkazib bo'lindi. Piyodalar uchun yer osti yo'laklari qurilyapti. Ikki oy ichida ko'prikdan transport qatnovi yo'lga qo'yiladi. 300 nafardan ziyod ishchilar mehnat qilayotgan mazkur ob'ekt 2021 yil yakuniga qadar ishga tushadi. 

Besh kilometrdan ziyod bo'lgan Ibn Sino ko'chasi bo'ylab ichimlik suv va oqova tarmoqlari tortish ishlari yakunlandi. Yo'lning ikki tomonida piyoda va veloyo'laklar qurilib, ko'kalamzorlashtirildi. Afrosiyob ko'chasidan Oydin hayot ko'chasigacha bo'lgan qismida esa, bunyodkorlik ishlari davom etyapti. Yo'l chetida kichik xiyobon bunyod etiladi va uning  landshaft dizayni butunlay zamonaviy tus oladi.

Kontseptsiyaga ko'ra, Samarqand shahri va YAngiobod mahallasini bog'lovchi Qoradaryo ustidan ko'prik quriladi. Bugungi kunda 1788 ta uy joylashgan 210 gektarlik hududda 9,16 va 25 qavatgacha ko'p kvartirali uylar barpo etiladi va 90 ming aholiga mo'ljallangan Shirin shaharchasi vujudga keladi.

—  Samarqand temir yo'l vokzalining orqa tomonidagi 15 ming aholi istiqomat qiluvchi 6 ta mahalla joylashgan 270 gektar maydonda ham 90 ming kishi yashovchi yangi shaharcha quriladi, —  deydi Samarqand shahar hokimining o'rinbosari Rustam Olimov. — Ayni paytda shaharcha qurilishi mo'ljallangan hududda yashovchi aholi bilan suhbatlashib, ularga ogohlantiruvchi xatlar berib borayapmiz. “Snos”lar amalga oshirilayotganda birorta xonadon egasi norozi qilinmaydi. Mazkur shaharcha besh yil ichida qurilib foydalanishga topshiriladi.

Bugun Samarqand eshkak eshish kanali hududida barpo etilayotgan Turizm markazida ham qurilish ishlari avjida. Singapurning “Enter Engineering PTE Lmd” kompaniyasi tomonidan barpo etilayotgan “Samarqand Siti” turizm markazi 212 gektar maydonda joylashgan bo'lib, uni bunyod etish uchun 353 million AQSH dollari miqdorida mablag' sarflanishi ko'zda tutilgan. Zamonaviy loyihalar asosida 10 ta ob'ekt, jumladan, 2 ming kishilik Kongress xoll, 8 ta mehmonxona hamda “Abadiy shahar” karvonsaroy majmuasi bunyod etilyapti. 2022-yilning birinchi choragida foydalanishga topshirilishi mo'ljallangan markazga shu paytgacha 726 milliard so'mdan ortiq mablag' sarflandi.

Muxtasar aytganda,  qadim tamaddun, boqiy bunyodkor zamin bo'lgan Samarqand har tomonlama yangilanib, o'zining nomiga mos mahobat va ulug'vorlik kasb etib boryapti.

                                                                                         Abdurauf QORJOVOV,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri