Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasida: “Xalqning xohish-irodasi hukumat hokimiyatining asosini tashkil etishi kerak, bu xohish-iroda davriy va sohtalashtirilmagan saylovlarda oʻz ifodasini topishi lozim” deb, mustahkamlangan.

Saylovlarning davriyligi va majburiyligi prinsipi Oʻzbekiston qonunchiligida ham oʻz aksini topgan. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 90-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti fuqarolar tomonidan umumiy, teng va toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan besh yil muddatga saylanadi. Yoki boʻlmasa, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisidagi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisidagi konstitutsiyaviy qonunlarning 5-moddasida tegishincha Qonunchilik palatasining vakolat muddati — besh yil. Senatning vakolat muddati — besh yil etib belgilangan. Ushbu normalar Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 61-, 67- va 75-moddalarida ham oʻz aksini topgan. Yuqoridagi qonun talablariga muvofiq har besh yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, davlat hokimiyatining vakillik organlariga saylov oʻtkazilishi shart. Bunday vakolat muddatining aniq belgilanganligi va davriyligi odatda jahon amaliyotiga toʻgʻri keladi hamda saylovoldi dasturlarining asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirish, faoliyatning amaliy natijalarini koʻrish imkonini beradi va davlat hokimiyati organlarining yangilanishi davriyligini taʼminlaydi.

Ushbu demokratik tamoyilga amal qilgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2021-yil 23-iyulda “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazish kunini belgilash va saylov kampaniyasi boshlanishini eʼlon qilish toʻgʻrisida” qaror qabul qilindi. Qarorga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi 2021-yil 24-oktyabr kuni oʻtkazilishi belgilandi va saylov kampaniyasi joriy yil 23-iyuldan boshlanganligi eʼlon qilindi. Shu tariqa, mamlakatimizda erkin va adolatli, ochiq va oshkora saylov boshlandi.

Erkin saylov huquqi saylovchilarga va saylov jarayonining boshqa ishtirokchilariga hech qanday taʼsirsiz, zoʻravonliksiz, zoʻravonlik ishlatish tahdidisiz yoki boshqa noqonuniy taʼsirsiz oʻzining saylovda ishtirok etishi yoki ishtirok etmasligi xususida qaror qabul qilishi, ovoz berish jarayonida oʻz xohish-irodasini erkin ifoda etishi va hech qanday nazoratsiz, yashirin ovoz berishi uchun imkon beradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 7-moddasiga asosan saylovda erkin va yashirin ovoz beriladi. Saylovchilarning xohish-irodasini nazorat qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Yashirin ovoz berish saylovchining xohish-irodasi ustidan har qanday tarzda nazorat qilish imkoniyatini istisno etadigan tegishli sharoitlarni yaratish orqali taʼminlanadi. Byulleten toʻldirishda ovoz berish xonasida saylovchidan tashqari boshqa shaxslarning hozir boʻlishi taqiqlanadi.

Erkin saylov huquqi saylov jarayonining ishtirokchilariga, saylov komissiyasi aʼzolariga saylov natijalari va ovoz berish natijalari qanday boʻlishidan qatʼiy nazar jazolanishdan yoki taʼsir koʻrsatishdan qoʻrqmasdan qonunda yoʻl qoʻyilgan shakllarda va qonuniy usullarda qaror qabul qilish imkonini beradi.

Saylov kodeksining 11-moddasiga muvofiq saylov komissiyalari va ularning aʼzolari oʻz faoliyatini har qanday davlat organlaridan, jamoat birlashmalaridan va mansabdor shaxslardan mustaqil holda amalga oshiradi. Saylov komissiyalarining faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi. Saylov komissiyalari va ularning aʼzolari oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Saylov kodeksiga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.

Adolatli saylov prinsipini tatbiq etish uchun mamlakatimiz saylov qonunchiligida barcha huquqiy asoslar yaratilgan. Bunday saylovlar saylov jarayoni barcha ishtirokchilariga saylovda ishtirok etish uchun teng huquqiy sharoitlarni taʼminlaydi. Teng saylov huquqi prinsipi nazarda tutganidek, har bir fuqaro saylovda teng asoslarda ishtirok etishga haqli va har bir ovoz bir xil kuchga ega. Har bir fuqaro bir ovozga ega va boshqa fuqarolar bilan teng asosda oʻzining ovoz berish huquqini amalga oshirishga haqli. Har bir saylovchi ovoz berishda ishtirok etish huquqini amalga oshirish uchun saylov uchastkasidan, shuningdek ovoz berish xonasidan teng ravishda va toʻsiqsiz foydalanishi mumkin.

Oʻzbekiston qonunchiligida saylovlarning ochiqligi va oshkoraligi prinsipiga alohida oʻrin berilgan. Xususan, Saylov kodeksining 8-moddasiga asosan saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishni saylov komissiyalari ochiq va oshkora amalga oshiradi. Saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish, fuqarolarning saylov huquqlarini taʼminlash va himoya qilish bilan bogʻliq qarorlar rasman eʼlon qilinadi va saylov qonunlarida nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda keng jamoatchilik eʼtiboriga yetkaziladi. Ushbu prinsipga rioya etish saylovlarni milliy va xalqaro kuzatishni amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. Oʻzbekiston qonunchiligi milliy va xalqaro kuzatuvchilarning ishtirok etishini mustahkamlab qoʻygan. Xalqaro kuzatuvchilarning hozir boʻlishi saylovning ochiqligi va oshkoraligiga, davlatlarning xalqaro majburiyatlariga rioya etilishiga koʻmaklashadi.

Saylov kodeksidagi ushbu talabni amalga oshirish maqsadida Markaziy saylov komissiyasining joriy yil 23-iyulda boʻlib oʻtgan yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Matbuot markazining nizomi tasdiqlandi. Shu kunning oʻzida Matbuot markazining ochilish va taqdimot marosimi boʻlib oʻtdi.

Qarorda belgilanganidek, Matbuot markazi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayonini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq brifinglar, matbuot anjumanlarini tayyorlash va oʻtkazish, jurnalistlarga va jamoatchilikka saylovga oid masalalar boʻyicha tezkor axborot berib borish va maʼlumotlarni yetkazish ishlarini tashkil etadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga oid axborot materiallarini saylovchilarga, nomzodlarga, kuzatuvchilarga va keng jamoatchilikka yetkazish boʻyicha “Saylov2021” veb-portalini va boshqa axborot resurslarini yuritilishini taʼminlaydi.

Davriylik prinsipiga amal qilgan holda saylov oʻtkazish demokratik jamiyatning belgisi va shartidir. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qoʻyilganidek, “Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir”. Haqiqatan, demokratiyani saylov huquqining umumeʼtirof etilgan prinsiplarga muvofiq oʻtkaziladigan va demokratik tusga ega saylovlarsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Zero, demokratiya — bu xalq hokimiyatchiligi demakdir.

Shunday ekan, davlatni idora etishda xalq bevosita yoki bilvosita ishtirok etishi lozim. Davlat hokmiyatini, uning organlari va institutlarini shakllantirish uchun ochiq-oshkora, erkin va adolatli saylovlar oʻtkazilishi kerak. Bunday saylovlarda fuqarolar oʻz xohish irodasini erkin ifoda qilishi uchun barcha sharoitlar, huquqiy kafolat taʼminlanishi zarur.

“Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasi”ning 21-moddasida shunday deyilgan: “Har bir inson bevosita yoki erkin saylangan vakillar vositasi orqali oʻz mamlakatini boshqarishda qatnashish huquqiga ega. Har bir inson oʻz mamlakatida davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa ega.”

Xoʻsh, milliy saylov qonunchiligimizda yuqoridagi huquq nechogʻlik taʼminlangan? Buning uchun, avvalo Konstitutsiyamizga murojaat qilamiz. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mamlakatimiz fuqarolarining jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda oʻz vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega ekanliklari, bunday ishtirok etish oʻzini oʻzi boshqarish, referendumlar oʻtkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish, shuningdek davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va takomillashtirish yoʻli bilan amalga oshirilishi belgilangan.

Konstitutsiyaning 117-moddasida qayd etilganidek: “Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, oʻz xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi. Saylovlar umumiy, teng va toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkaziladi. Oʻzbekiston Respublikasining oʻn sakkiz yoshga toʻlgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar”.

Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 4-moddasiga muvofiq, “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlari umumiydir. Saylov kuni oʻn sakkiz yoshga toʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari saylash huquqiga egadir. Fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, maʼlumoti, mashgʻulotining turi va xususiyatidan qatʼiy nazar, teng saylov huquqiga egadir”.

Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 7-moddasida saylovda erkin va yashirin ovoz berilishi, saylovchilarning xohish-irodasini nazorat qilishga yoʻl qoʻyilmasligi, yashirin ovoz berish saylovchining xohish-irodasi ustidan har qanday tarzda nazorat qilish imkoniyatini istisno etadigan tegishli sharoitlarni yaratish orqali taʼminlanishi qatʼiy belgilangan.

Saylov kodeksining 8-moddasiga muvofiq esa – saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishni saylov komissiyalari ochiq va oshkora amalga oshirishi, saylov komissiyalari fuqarolarni oʻz ishi toʻgʻrisida, saylov okruglari, uchastkalari tuzilganligi haqida xabardor etishlari, saylovchilarning roʻyxatlari, saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning roʻyxati bilan tanishtirishlari, ovoz berish va saylov yakunlari haqidagi maʼlumotlarni maʼlum qilishlari lozim.

Ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlikning borishini va saylov qanday oʻtayotganligini yoritib borishlari, saylov komissiyalarining majlislari ochiq oʻtkazilishi, ularning qarorlari ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi yoki qonunda belgilangan tartibda hammaga maʼlum qilinishilozim.

Saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda siyosiy partiyalardan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan, boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etish huquqiga egadirlar.

Shuningdek, saylov komissiyalari va ularning aʼzolari oʻz faoliyatini har qanday davlat organlaridan, jamoat birlashmalaridan va mansabdor shaxslardan mustaqil holda amalga oshiradilar. Saylov komissiyalarining faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi. Saylov komissiyalari va ularning aʼzolari oʻz faoliyatida mamlakat Konstitutsiyasiga, Saylov kodeksiga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladilar.

Oʻzbekistonning milliy manfaatlari va qadriyatlariga zid boʻlmagan xalqaro huquqda umumeʼtirof etilgan demokratik normalarning milliy qonunchiligimizda aks etganligini yana koʻplab misollar orqali yoritish mumkin. Zero, Oʻzbekiston inson huquqlariga sodiqligini butun dunyoga eʼlon qilar ekan, oʻzi ratifikatsiya qilgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa xalqaro hujjatlarda belgilangan asosiy qoidalarni milliy qonunchilikka toʻliq implementatsiya qilib kelmoqda.

Darhaqiqat, mamlakatning jahon miqyosidagi nufuzi koʻp jihatdan unda amal qilayotgan saylov tizimining ochiq va oshkoraligiga, xalqaro huquqda umumeʼtirof etilgan demokratik normalarga muvofiqligiga ham bogʻliq. Chunki saylovga kuchli fuqarolik jamiyatiga ega boʻlgan demokratik huquqiy davlatning ajralmas belgisi, xalq xohish-irodasining erkin ifodalanishi, fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etishining asosiy shakli sifatida baho beriladi.

Demokratik davlatchilik rivojida xalq bilan jamiyat oʻrtasidagi munosabatlar bir shaxsning yoki bir guruh shaxslarning xohish-irodasi bilan emas, balki qonun asosida tartibga solinishi muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun qonun ustuvorligi demokratik huquqiy davlatning asosiy belgilaridan biri, deb eʼtirof etiladi. Zero, qonun ustuvorligi mamlakatda adolatni taʼminlashga xizmat qiladi. Jahondagi rivojlangan demokratik huquqiy davlatlar konstitutsiyalaridan oʻrin olgan qonun ustuvorligi prinsipi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida ham mustahkamlab qoʻyilgan.

Xulosa qilib aytganda, insonparvar adolatli islohotlari, ochiqlik va oshkoralik siyosati, mintaqada va butun dunyoda tinchlik va taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha dolzarb tashabbuslari tufayli xalqaro hamjamiyatda egallagan munosib oʻrni yildan-yilga mustahkamlanib, nufuzi yuksalib, butun dunyoga ijobiy imidji bilan tanilayotgan, milliy yuksalish sari dadil qadam tashlagan jonajon mamlakatimiz – Oʻzbekistonda xalqaro saylov standartlariga muvofiq, erkin va adolatli, ochiq va oshkora saylov oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga start berildi. Bu jarayonda faol ishtirok etish har birimizning muqaddas burchimiz.

Xudoyor MAMATOV,

Oʻzbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasi kotibi