Yaʼni, oʻzaro raqobatga asoslangan bozor munosabatlarida kuchli iqtisodiyotga ega davlatlar ustun mavqega ega boʻladi. Bunday sharoitda rivojlanayotgan davlatlar iqtisodiyotini isloh qilib, avvalo, investitsion jozibardorligini oshirish talab etiladi. Zero, xorij kapitali iqtisodiyotga “yangi qon” oʻlaroq, yangidan yangi yirik va istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga zamin yaratadi.

Investitsiya jozibadorligi esa, oʻz navbatida, mamlakatda mavjud ishbilarmonlik muhiti, zarur infratuzilma yaratilgani, transport-logistika tizimi, bank-moliya sohasining zamon talablariga mos rivojlanganlik darajasi kabi kompleks masalalarni qamrab oladi.

Mamlakatimizda yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida ulkan maqsadlar belgilanar ekan, mazkur yoʻnalishlar, shu jumladan, bank-moliya sohasini isloh qilib, xalqaro raqobatga mos rivojlantirish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Aslini olganda, bank, moliya, investitsiya kabi iqtisodiy atamalar muomalaga kirib kelganiga tarixan koʻp boʻlmagan boʻlsa-da, negizi tadbirkorlik, ishbilarmonlik, savdo-sotiqqa borib taqaladigan bu yoʻnalish xalqimizga begona emas. Oʻzbekiston Buyuk ipak yoʻlining muhim boʻgʻinida joylashgani uchun bu zaminda qadimdan savdo-sotiq taraqqiy etgan. Xitoy va Markaziy Osiyo shaharlarini Oʻrtayer dengizi mamlakatlari bilan bogʻlovchi ushbu karvon yoʻli ota-bobolarimizning tadbirkorlik faoliyati rivojida muhim rol oʻynagan. Afsuski, dunyo sivilizatsiyalariga beshik boʻlgan bu zamin taraqqiyoti turli istilolar, mustamlakachilik tufayli maʼlum muddat tanazzulga ham yuz tutgan.

Istiqlol sharofati bilan Oʻzbekiston yana oʻz qaddini tuta boshladi. Ayniqsa, soʻnggi yillarda “Buyuk oʻtmishdan – buyuk kelajak sari” tamoyili asosida iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishning yangi davri boshlandi. Bu borada milliy iqtisodiyotning ochiqligini taʼminlash va uning jahon iqtisodiyotiga integratsiyasi uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi. Jumladan, valyuta bozori erkinlashtirildi, xususiy investorlarga energetika, geologiya-qidiruv, kimyo va neft kimyosi, tibbiyot va taʼlim kabi sohalarda faoliyat yuritish imkoniyatlari kengaytirildi.

Iqtisodiyot drayveri – xususiy biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qator qarorlar qabul qilindi va ular asosida sohada ikki yuzdan ortiq litsenziya va ruxsatnoma bekor qilindi. Soliqlarning umumiy soni 13 tadan 9 taga qisqardi, ayrim soliq stavkalari 2 barobar kamaytirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Biznes-ombudsman instituti joriy etildi.

Eʼtiborli jihati, ushbu yoʻnalishdagi yangilanishlar tizimli davom ettirilmoqda. Masalan, shu yil 1-yanvardan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 15 foizdan 12 foizga tushirildi.

Qulay investitsiya muhitini yaratish boʻyicha amalga oshirilgan islohotlar natijasida soʻnggi 5 yilda iqtisodiyotimizga kirib kelgan xorijiy investitsiyalar hajmi 10 barobar oshib, qariyb 40 milliard dollarga yetdi.

Sunʼiy toʻsiqlar olib tashlandi

Har bir davlat oʻzining pul va uning negizida milliy valyuta tizimiga ega. Almashinuv kursini belgilash, valyuta bozori va uning instrumentlari, xalqaro toʻlov tizimlarining mavjudligi milliy valyuta tizimining elementlari hisoblanadi. Qaysiki davlatda ushbu elementlar taraqqiy etgan boʻlsa, oʻsha joyda xalqaro iqtisodiy aloqalar, pirovardida esa, iqtisodiyot rivojlanadi, aholi farovonligi oshadi.

Yaqin-yaqin vaqtga qadar valyuta operatsiyalaridagi cheklovlar, rasmiy va parallel bozor kurslarining amal qilishi, naqd pul bilan elektron pul oʻrtasidagi farqlanish, qolaversa, yaqin qoʻshnilar bilan salbiy aloqalar, xalqaro logistika muammolari kabi koʻplab sunʼiy toʻsiqlar iqtisodiyotimiz rivojiga toʻgʻanoq boʻlayotgan edi. Mana shu omillar tufayli xalqaro ekspertlar Oʻzbekiston iqtisodiyotini hatto yopiqqa yaqin iqtisodiyot sifatida tasniflashardi.

2017-yildan mamlakatimizda tub yangilanish jarayoni boshlandi. Natijada yuqorida qayd etilgan salbiy vaziyatlarga barham berildi. Shu oʻrinda tabiiy savol tugʻiladi: pul-kredit sohasida amalga oshirilgan muhim islohotlar qaysilar va ular qanday natija berdi?

Avvalo, shuni alohida taʼkidlash lozimki, 2017-yilda Oʻzbekiston Markaziy banki almashinuv kurslarini unifikatsiya qildi va valyuta bozorini erkinlashtirdi. Bu oʻzbek soʻmining yagona kursi shakllanishiga olib kelib, korxonalarning xalqaro miqyosdagi faoliyatini osonlashtirdi.

2018-yilda Markaziy bank boshqaruvi Moliyaviy ommaboplik alyansiga (Alliance for Financial Inclusion) aʼzo boʻlish toʻgʻrisida qaror qabul qildi va qator islohotlarni amalga oshirdi. Natijada bank xizmatlarini masofadan koʻrsatuvchi tizimdan foydalanuvchilar soni 15 marotaba, kredit qoʻyilmalari 7,4 marotaba, bank aktivlari 6,6 marotaba, jalb qilingan depozitlar hajmi 5,8 marotaba oshdi.

Bank sektori erkinlashtirildi, sogʻlom raqobat muhiti shakllantirildi va 2025-yilgacha oltita davlat bankini xususiylashtirish vazifasi qoʻyildi. “Ipoteka-bank”dagi davlat ulushining 75 foizi Vengriyaning OTP bankiga sotildi. Mazkur tizimda raqamlashtirish keng miqyosda amalga oshirildi. Banklarning mobil ilovalari soni 20 dan oshdi.

Valyuta birjasi

Iqtisodiyot rivojlanishida moliya bozorining oʻrni beqiyos. Ushbu bozorning asosiy boʻgʻini, bu – tijorat banklari. Ular tomonidan ishlab chiqarishning katta qismi kreditlar yordamida moliyaviy resurs bilan taʼminlanadi. Tijorat banklari ichki bozorga ixtisoslashgan tadbirkorlar ishlab chiqarishini kreditlash bilan bir vaqtda, tashqi iqtisodiyotga moʻljallangan tadbirkorlarga valyuta resurslarini yetkazib beradi. Shunday ekan, tijorat banklarining valyuta qimmatliklari bilan bogʻliq operatsiyalari ham iqtisodiyot rivoji, ham tijorat banklari daromadlari uchun muhim operatsiyalardan biridir.

Tijorat banklari valyuta operatsiyalarini ikki xil bozor – valyuta birjasida va undan tashqarida amalga oshiradi. Banklar va iqtisodiyot uchun valyuta birjasidagi operatsiyalar katta qismni tashkil etadi hamda valyuta kursini belgilashda muhim oʻrin tutadi.

(Valyuta birjasida tijorat banklari tomonidan bildirilgan talab va taklif, milliard AQSH dollarida)

2016-yildan keyingi davrda tijorat banklarining valyuta birjasidagi faoliyati ancha jonlandi. Xususan, tijorat banklari tomonidan valyuta birjasida sotgan valyutalariga qaraganda sotib olgan valyutalari hajmi koʻproqni tashkil qildi.

— Bunga sabab sifatida, birinchidan, 2017-yil sentyabr oyidan valyuta kursining liberallashtirilgani, ikkinchidan esa, valyuta birjasidagi sunʼiy cheklovlarning olib tashlanganini keltirish mumkin, — deydi Bank-moliya akademiyasining raqamli bank ishi kafedrasi mudiri Akrom Abdusalomov. — Ushbu chora-tadbirlar natijasida 2017-yilda tijorat banklari tomonidan 3 milliard 369,20 million dollar sotilgan boʻlsa, 6 milliard 217 million dollar sotib olingan. Birjadagi ortiqcha talab 2 milliard 847,80 million dollarni tashkil etgan. Umuman olganda, valyuta birjasida tijorat banklarining talabi yil sayin oshib bormoqda. Xususan, 2021-yilga qadar tijorat banklari valyuta birjasida eksportyorlarning valyutalarini sotgan hamda importyorlar uchun valyuta sotib olib bergan boʻlsa, 2021-yil fevralidan ularga oʻz ehtiyojlari yoki spekulyativ operatsiyalar uchun ham chet el valyutasini sotish va sotib olishga ruxsat berilgan. Buning natijasi oʻlaroq, 2021-yilda valyuta birjasidagi chet el valyutasiga boʻlgan ortiqcha talab rekord darajaga koʻtarildi.

Statistik maʼlumotlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, 2022-yilda tijorat banklari tomonidan valyuta birjasida umumiy 3 milliard 48 million dollar sotilgan boʻlsa, oʻsha davrda banklar tomonidan 9 milliard 773,50 million dollar sotib olingan va chet et valyutasiga boʻlgan ortiqcha talab 6 milliard 725,49 million dollarni tashkil qilgan.

(Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ichki valyuta bozoridagi valyuta operatsiyalari hajmi)

Tijorat banklarining valyuta birjasida va birjadan tashqari valyuta bozorlaridagi chet el valyutasi bilan operatsiyalarining katta qismi xoʻjalik yurituvchi subyeklar ishtirokida amalga oshiriladi. Yaʼni, banklar xoʻjalik yurituvchi subyektlar nomidan valyuta birjasida valyutani sotib oladi yoki sotadi, shuningdek, valyuta birjasidan tashqari valyuta bozorida banklar toʻgʻridan-toʻgʻri xoʻjalik yurituvchi subyeklardan chet el valyutasini sotib oladi yoki ularga valyuta sotadi.

2019-yilda xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan jami 5 milliard 865 million dollar sotilgan, oʻz navbatida, 13 milliard 724 million dollar sotib olingan. Bundan koʻrish mumkinki, 2019-yilda xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan chet el valyutasiga boʻlgan talab taklifga qaraganda 2,5 barobardan ziyodni tashkil etgan. Bu holat 2021-yilda ham oʻzgarmagani holda, talab taklifga nisbatan 2 barobar koʻp boʻlgan.

2022-yilda banklarning aholidan valyuta xaridi va aholiga valyuta sotuvi oʻrtasidagi ijobiy tafovut 2,9 milliard dollarga teng boʻldi. Bunda, aholining valyuta sotuvi 11,9 milliard dollarni, aholining valyuta xaridi esa 8,9 milliard dollarni tashkil qildi.

Mamlakatimizga valyuta mablagʻlari kirishi 2022-yilda 2021-yilga nisbatan 32 foizga ortgan boʻlsa, valyuta chiqimi – 22 foizga oʻsdi va ushbu vaziyat almashuv kursining barqaror boʻlishiga ham oʻz taʼsirini koʻrsatdi.

Chet el valyutasiga talabning tarkibi nimalardan iborat?

Albatta, rivojlanayotgan davlatlarda chet el valyutasiga boʻlgan talab taklifdan yuqori boʻladi. Ammo ushbu talab qaysi sohadan vujudga kelayotgani muhimdir. Negaki, aynan rivojlanayotgan davlatlarda yangi va zamonaviy texnologiyalarga talab katta boʻlgani holda, shunga mos ravishda chet el valyutasiga talab ham yuqori boʻladi.

Mamlakatimizda ishlab chiqarish faoliyati uchun xarid qilingan asbob-uskunalar, tovar va xizmatlar chet el valyutasiga boʻlgan talablar tarkibida eng yuqori oʻrinni tashkil etadi.

— Bu juda ham ijobiy holat, — deydi Bank-moliya akademiyasi doktoranti Husniddin Akbarov. — Binobarin, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish yoki mavjudlarini texnologik yangilash jarayoni ham aholi farovonligini oshirish, iqtisodiyot barqarorligiga erishishda muhim omil sanaladi. Ammo yillar davomida asbob-uskunalar, tovar va xizmatlar salmogʻi pasayib bormoqda. Xususan, 2019-yilda umumiy chet el valyutasiga boʻlgan talablar tarkibida ishlab chiqarish uchun xarid qilingan asbob-uskunalar hamda tovar va xizmatlar salmogʻi 72 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2020-yilda bu koʻrsatkich 60,2 foizni, 2021-yilda esa 56,6 foizni tashkil etgan.

Keyingi oʻrinni xorijiy valyutadagi kreditlarni soʻndirish egallamoqda. Shu oʻrinda qayd etish lozimki, bu koʻrsatkichning oshib borayotgani, bir tomondan zarurat boʻlsa, boshqa tomondan, biroz salbiy holatdir. Xususan, 2019-yilda xorijiy valyutadagi kreditlarni soʻndirish uchun sotib olingan chet el valyutasiga talab umumiy talab tarkibida 9 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2021-yilga kelib bu koʻrsatkich 20,1 foiz boʻlgan. Bunga sabab esa, birinchidan, ushbu kreditlar qisqa muddatga, yaʼni 4–5 yilga olingani boʻlsa, ikkinchidan, ushbu kreditlar foizi yuqori, yaʼni 5–6 foiz atrofida ekani hamda uchinchidan, yildan yilga kredit foizining keskin oshib borayotganligidir.

Raqobat sezilarli darajada kuchaydi

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari oʻtkazgan tadqiqotga koʻra, 2018–2023-yillarda Oʻzbekiston bank tizimida raqobat sezilarli darajada kuchaygan.

Jumladan, 2023-yil 1-may holatiga koʻra, aktivlar boʻyicha hisoblangan HHI (Xerfindal-Xirshman) indeksi 927 ni tashkil qildi va 2018-yil 1-yanvar holatidagiga (1520) nisbatan 593 birlikka kamaydi. Bu esa, oʻz navbatida, respublikamizda bank tizimi oʻrtacha konsentratsiyalashgan darajadan raqobatbardosh bozor tamoyillariga oʻtgani, banklar oʻrtasidagi raqobatning sezilarli darajada oshganidan dalolat beradi.

Kreditlar yoʻnalishida ham shunday fikr bildirish mumkin. Xususan, iqtisodiyotimizda tijorat banklari tomonidan ajratilgan kredit qoʻyilmalari hajmi soʻnggi 5 yil mobaynida qariyb 3,3 barobar oshib, 127,2 trillion soʻmdan 413,4 trillion soʻmgacha oshgan. Shundan jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar hajmi 7,5 barobar koʻpaygan.

Shu bilan birga, milliy valyutada ajratilgan kreditlar boʻyicha oʻrtacha tortilgan nominal foiz stavkasi 2018-yilning mos davridagi 20 foizdan 2023-yilda 22,5 foizgacha koʻtarilgan.

Depozitlar boʻyicha HHI indeksi mos davrda 893,7 dan 703 birlikkacha pasaygan. CR (Konsentratsiya nisbati) indeksi tahliliga koʻra esa, 2018-yilning 1-may holatiga koʻra, eng yirik banklar beshtaligi bank tizimidagi jami depozitlarning 51,8 foiziga egalik qilgan boʻlsa, 2023-yil 1-mayga kelib ularning ulushi 40,5 foizgacha qisqardi. Xususiy banklar tomonidan jalb qilingan depozitlar ulushi esa 32 foizdan 40 foizgacha koʻpaydi.

Umuman olganda, mamlakatimiz bank tizimidagi ayni holatni bundan 7–8 yil oldingisi bilan umuman taqqoslab boʻlmaydi. Zero, bugun tizimdagi bu oʻzgarishlar, mijozlar, yaʼni sizu bizga yaratib berilgan va berilayotgan qulayliklardan barchamiz foydalanyapmiz. Plastik kartadagi mablagʻni naqd pulga aylantirish uchun avvalgidek “kim, qayerda kam foiz haq olarkan”, deb tentiramayapmiz. Joyimizda oʻtirgan holda mobil ilovalar orqali kredit olyapmiz, qarz va foizini soʻndiryapmiz. Xorij valyutasi olish uchun “qora bozor” qidirishga yoki tijorat banklarida oylab navbat kutishga hojat qolmadi. Ochigʻi, bu roʻyxatni yana uzoq davom ettirish mumkin. Asosiysi esa, davlat ulushiga ega tijorat banklarida transformatsiya jarayonini yakunlab, bank aktivlarida xususiy sektor ulushini oshirish, inflyatsiyani jilovlash, banklar faoliyatini raqamlashtirish kabi yoʻnalishlarda islohotlar tizimli davom ettirilmoqda.

Avazbek XUDOYQULOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri