Ertaga “Yangi Nafas” xalqaro ommaviy yugurish musobaqasi start oladi

    Sport 24 Iyun 2023 1016

    Ertaga, 25-iyun kuni tonggi soat 06:00 da mamlakatimizning 16 ta shahrida Xalqaro olimpiya kuni va Yoshlar kuni munosabati bilan “Yangi Nafas” ommaviy yugurish musobaqasi start oladi.

    Respublika boʻylab poygada 50 mingdan ortiq yuguruvchi ishtirok etadi. Shuningdek, mazkur poygaga ilk bor Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikistonlik yuguruvchilar ham qoʻshiladi.

    Ertaga Toshkentda “Humo Arena” sport majmuasi maydonida “Yangi Nafas” marafoni boshlanadi. Ishtirokchilar Olympic Day munosabati bilan 3 km, 10 km va 1 mil (1,61 km) masofalardan birini tanlashlari mumkin.

    Fargʻona, Namangan, Buxoro, Samarqand, Nukus shaharlarida ikki masofadan birini tanlash mumkin — 3 km va 1 mil, Andijon, Guliston, Nurafshon, Jizzax, Termiz, Navoiy, Qorovulbozor, Qarshi, Gʻuzor, Urganch shaharlarida esa faqat 3 km masofa mavjud.

    Barcha shaharlarda tonggi soat 6:00 da musobaqaga start beriladi.

    Ertaga soat 19:30 dan 21:30 ga qadar “Milliy Bogʻ” istirohat va madaniyat bogʻida Yoshlar kuni va Olympic Day kuniga bagʻishlab oʻtkaziladigan “Yangi Nafas” yugurish musobaqasi munosabati bilan mashhur oʻzbek estradasi yulduzlari ishtirokida bayram konserti boʻlib oʻtadi.

    Konsert davomida “Yangi Nafas” yugurish musobaqasi gʻoliblariga tantanali ravishda sovgʻalar va sovrinlar topshiriladi.