Xalqparvar ijtimoiy davlat qurish, inson qadrini ulugʻlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadiga aylangan. Dunyoda geosiyosiy va iqtisodiy keskinlik avj olib borayotgan hozirgi murakkab davrda xalqimiz bilan hamjihatlikda ish olib borilayotgani turli sinovlarni mardona yengib oʻtishgagina emas, balki salmoqli natijalarga ham muhim zamin yaratmoqda.

Buni quyidagi raqamlar ham yaqqol ifoda etadi. Yaʼni oʻtgan yil tariximizda birin­chi marta yalpi ichki mahsulotimiz hajmi 145 milliard dollardan oshdi. 2025-yilda iqtisodiyotimizga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar esa 43,1 milliard dollarga yetdi.

Yurtimizda oxirgi yillarda kambagʻallik darajasini 35 foizdan 5,8 foizgacha tushi­rishga erishildi. “Kambagʻallikdan faro­vonlik sari” dasturi va davlat dasturi doirasidagi keng qamrovli chora-tadbirlar natijasida oʻtgan yili 5 million aholimiz daromadli boʻlib, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushdi. Bu yoʻnalishda ishlar boshlanganida aholining uchdan bir qismi kambagʻallik chegarasida yashaganini eʼtiborga olsak, bugungi kunga kelib, bu jabhada erishilgan natijalarning salmogʻi qanchalik yuqori ekani namoyon boʻladi.

Prezidentimiz Oliy Majlis va xal­qimizga Murojaatnomasida bunday muhim yutuqlarni yanada koʻpaytirish, qanchalik ogʻir va murakkab boʻlmasin, oldimizga qoʻyilgan ezgu maqsad — har tomonlama rivojlangan yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida islo­hotlar qatʼiy davom ettirilishini alohida taʼkidladi va tegishli vazifalar belgilab berildi.

Shu asosda “Mahallani rivojlanti­rish va jamiyatni yuksaltirish yili”da ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha ishlab chi­qilgan islohotlar dasturlari va Prezi­dentimizning “Oʻzbekiston — 2030” stra­tegiyasini amalga oshirish boʻyicha davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmoni loyihasi­da muhim chora-tadbirlar oʻz aksini topdi. Hujjat loyihasi umumxalq muhokamasiga qoʻyilib, olimlar, ekspertlar, keng ja­moatchilik va xalqimiz tomonidan chuqur oʻrganildi, uni yanada takomillashtirish boʻyicha koʻplab taklif hamda tashabbuslar bildirildi.

Joriy yilga moʻljallangan davlat dastu­rida jamiyatimizni yanada ravnaq toptirish, turli sohalarni modernizatsiya qilish bora­sida ilgari surilgan chora-tadbirlar nima­lardan iborat? Ularning oʻz vaqtida hayotga tatbiq etilishi jamiyat taraqqiyotini yanada yuksaltirishda qanday ahamiyat kasb etadi? Tegishli davlat tashkilotlari masʼul xo­dimlari, ilm-fan va tahlil markazlari eks­pertlarining shu xususdagi fikrlari bilan qiziqdik.

Samara nafaqat raqamlarda, balki odamlar turmushida ham aks etmoqda

Farid NAZAROV, Ijtimoiy himoya milliy agentligi boʻlim boshligʻi:

— Mamlakatimizda ijtimoiy xizmat va yordamlarni taqdim etish, aholini qoʻllab- quvvatlash tizimi bosqichma-bosqich yangi­lanmoqda. Bu jarayonda faqat moddiy yordam bilan cheklanib qolmasdan, aholining turli qatlamlari uchun kompleks xizmatlar koʻrsa­tishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Ijti­moiy ish amaliyotida muammoni qayd etish emas, balki inson va oilaning mustaqil hayot kechirish salohiyatini tiklash asosiy maq­sadga aylandi.

Oʻtgan yil ushbu yoʻnalishda 7,4 million­dan ortiq murojaat qabul qilinib, surdo­tarjimon xizmati orqali 5,3 ming fuqaroga xizmat koʻrsatildi. Shuningdek, joylarda oʻtkazilgan 262 ta kouching mashgʻuloti nati­jasida 19,2 ming aholi ijtimoiy xizmatlar haqida batafsil maʼlumot olish imkoniyati­ga ega boʻldi.

2026-yilning “Mahallani rivojlanti­rish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilinishi bu jabhadagi ishlar rivo­jida muhim istiqbollarni ochmoqda. Zero, mahalla xalqimizga eng yaqin boʻgʻin sifatida aholi bilan muloqotni kuchaytirish, koʻmak va yordamga muhtojlarni qoʻllab-quvvatlashda eng samarali institutdir.

Shu nuqtayi nazardan, joriy yilgi dav­lat dasturining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ijtimoiy himoya sohasiga bagʻishlan­gani ehtiyojmand qatlamlarni qoʻllab-quv­vatlash, ijtimoiy xizmatlarni rivojlan­tirish hamda mahalla darajasida manzilli yordam mexanizmlarini kuchaytirishda mu­him omil boʻladi. Mazkur maqsadlarga eri­shishda jamoatchilik ishtirokining oʻrni beqiyosdir.

Jumladan, bolalarni himoya qilish va zoʻ­ravonlikning oldini olish sohasida davlat siyosati tizimli va kompleks yondashuvga asos­lanmoqda. Taʼlim, tarbiya, sport hamda ijo­diy tashkilotlarda bolalar xavfsizligini taʼminlash ustuvor vazifa sifatida belgi­lanib, axborot tizimlari orqali nazoratni kuchaytirish va litsenziyalash talablarini ta­komillashtirish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, bolalarni sogʻligʻi va maʼnaviy rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi axborotdan himoya qilish ti­zimini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xalqaro ilgʻor tajribani inobatga olgan holda qonunchilik bazasini kuchaytirish, profilaktika va javobgarlik mexanizmlarini aniq belgilash orqali bola­lar uchun xavfsiz va sogʻlom axborot muhiti­ni shakllantirish maqsad qilingan.

Inklyuziv taʼlimni rivojlantirish borasidagi ishlar ham takomillashib boryapti. Joriy yilda bu borada umumiy oʻrta taʼlim tizimini uslubiy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish, pedagog va psixologlar uchun zamonaviy kompetensiya­larni joriy etish rejalashtirilgan.

Yurtimiz boʻylab kamida 10 ta tuman va shaharda hududiy ijtimoiy xizmatlar mar­kazlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish, ular uchun binolar qurish yoki moslashtirish, moddiy- texnik bazasini mustahkamlash nazarda tu­tilgan. Bunda davlat va nodavlat tashkilotlar hamkorligida kompleks ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Reabilitatsiya xizmatlarini sifat jiha­tidan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida kasallikning ilk bosqichidan boshlab uzluk­siz reabilitatsiya tizimini joriy etish, bu yoʻnalishda mutaxassislar sonini oshirish hamda tibbiy xodimlar malakasini rivoj­lantirish belgilangan.

Xulosa oʻrnida aytish joizki, mamlakati­mizdagi islohotlar ijtimoiy himoyani yangi mazmun bilan boyitib, uni inson hayotiga yaqin, ochiq va samarali tizimga aylantirmoq­da. Ijtimoiy xizmatlar va yordamning kenga­yishi, yangi xizmat turlari joriy etilishi va mahalla darajasida manzilli yondashuvning mustahkamlanishi har bir fuqaroning ehtiyo­ji eʼtibor markazida ekanini namoyon etadi.

Eng muhimi, islohotlarning samarasi bugun raqamlarda emas, balki odamlar hayo­tida, mahalla darajasida sezilmoqda. Bu esa ijtimoiy himoya sohasida tanlangan yoʻl toʻgʻri ekanini, inson qadri va farovonligi­ga qaratilgan siyosat kelgusida ham barqaror rivojlanish uchun mustahkam poydevor boʻ­lib xizmat qilishini anglatadi.

Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha mintaqaviy tajriba markazi

— Azamat PARDAYEV, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi direktori:

Davlat va jamiyat oʻrtasida ochiq muloqot­ni yoʻlga qoʻyish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va ijtimoiy sheriklikni ri­vojlantirish orqali davlat boshqaruvi sa­maradorligini oshirish yurtimizdagi islo­hotlarning muhim yoʻnalishiga aylandi. Bu jarayonda fuqarolik jamiyati institutlari nafaqat ijtimoiy muammolarni hal etish, balki davlat siyosatida ham muhim hamkor sifatida maydonga chiqmoqda.

Shu bois, soʻnggi yillarda nodavlat no­tijorat tashkilotlar faoliyati tubdan takomillashtirilyapti. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga fuqarolik jamiyati ins­titutlariga bagʻishlangan alohida bob kiri­tilib, jumladan, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlar, fu­qarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik ja­miyatining asosini tashkil etishi mustah­kamlab qoʻyildi.

Sohaga oid qator meʼyoriy-huquqiy huj­jatlar ham qabul qilindi. Xususan, 2025-yil 21-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgar­tirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun bilan fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati­ga daxldor 10 ta qonunga oʻzgartirish va qoʻ­shimchalar kiritildi. “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi, 2021-2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi, Prezidentimizning “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab- quvvatlash tizimini yanada takomillashti­rish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni erkin va kuchli fuqarolik jamiyatini shakl­lantirish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilishiga xizmat qilmoqda.

Joriy yilga moʻljallangan davlat dastu­rida bu jabhadagi ishlarni yanada kengayti­rish va yangi bosqichga koʻtarish bilan bogʻliq ustuvor vazifalar belgilanmoqda. Mazkur strategik hujjat doirasida nazarda tutil­gan chora-tadbirlar fuqarolik jamiyatini faqat kuzatuvchi emas, balki davlat boshqaru­vida masʼuliyatli hamkor, ijtimoiy xizmat­lar koʻrsatuvchi, jamoatchilik manfaatlarini ifodalovchi va ijtimoiy muammolar yechi­mida amaliy ishtirok etuvchi kuch sifatida shakllantirishga qaratilgan.

Ushbu vazifalar fuqarolik jamiyati institutlarining tashkiliy, moliyaviy va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, fao­liyatida shaffoflik va hisobdorlikni oshi­rish, davlat — jamiyat — biznes oʻrtasida barqaror hamkorlik modelini yaratishni nazarda tutadi. Fuqarolik jamiyatini ri­vojlantirishni umumiy shiorlar doira­sida emas, balki aniq mexanizm va amaliy chora-tadbirlar orqali taʼminlash ustuvor maqsad etib belgilangan. Shu maqsadda fu­qarolik jamiyati institutlari oʻrtasida tizimli muloqot muhitini shakllantirish hamda ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi faolligini oshirish borasida qator loyi­halar amalga oshiriladi. Xususan, davlat organlari, NNTlar, OAV va xalqaro tashki­lotlar oʻrtasida ochiq muloqot platforma­sini yaratish maqsadida fuqarolik jamiyati haftaligi oʻtkaziladi.

Shu yil BMT Bosh assambleyasi tomonidan taʼsis etilgan “Xalqaro demokratiya kuni” munosabati bilan Samarqand shahrida Mar­kaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumini tashkil etish koʻzda tutilgan. Forum doirasi­da ijtimoiy va ekologik muammolar, davlat boshqaruvida fuqarolik jamiyati ishtiroki hamda ochiq boshqaruv masalalari muhokama qilinishi mintaqada ushbu jabhada hamkor­likning yangi bosqichini boshlab beradi.

NNTlarning davlat boshqaruvidagi ish­tirokini davlat ijtimoiy buyurtmasi va autsorsing mexanizmlari orqali kengay­tirish ham muhim vazifa. Bu ularning ti­zimli asosda ijtimoiy xizmatlar koʻrsa­tishini taʼminlaydi hamda institutsional barqarorligini mustahkamlaydi. Shu bilan birga, autsorsingga oʻtkaziladigan davlat funksiyalari roʻyxatini shakllantirish dav­lat boshqaruvida samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi. Ayrim ijtimoiy xizmatlar, jamoatchilik bilan ishlash, monitoring va tahlil kabi vazifalarni NNTlarga bosqich­ma-bosqich oʻtkazish davlat organlarining or­tiqcha yuklamasini kamaytiradi.

Bugungi kunda yurtimizning turli hu­dudlarida koʻplab nodavlat tashkilotlar faoliyat yuritmoqda. Islohotlarda ular­ning ishtirokini yanada kuchaytirish muhim vazifa boʻlib qolmoqda. Shu maqsadda Xalq deputatlari mahalliy kengashlari huzurida fuqarolik jamiyati institutlarining doi­miy vakili (maslahatchi) institutini joriy etish koʻzda tutilgan. Bu qabul qilinadigan huquqiy hujjatlar hududlardagi dolzarb masalalarni aks ettirishi va xalqimizning manfaatlariga xizmat qilishiga zamin yara­tadi. Qolaversa, mahalliy darajada davlat hokimiyati va fuqarolik jamiyati oʻrtasida muloqot yanada kengayadi.

Davlat — jamiyat — biznes oʻrtasidagi hamkorlikni institutsionallashtirishga qa­ratilgan ishlar ham nodavlat notijorat tash­kilotlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlayotgan tadbirkorlik subyektlariga soliq imtiyozlari berish orqali hamkorlikni ragʻbatlantiradi. Mazkur mexanizm biznesni ijtimoiy loyiha­larga tizimli jalb etish, xayriya va ijtimoiy sheriklikni barqaror amaliyotga aylantirish hamda fuqarolik jamiyatining moliyaviy mus­taqilligini oshirishga xizmat qiladi.

Bir soʻz bilan aytganda, NNTlar faoliya­tini rivojlantirish bilan bogʻliq davlat dasturida nazarda tutilgan maqsad va vazi­falar Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan kompleks, ti­zimli islohotlar majmuasidir. Ushbu cho­ra-tadbirlar fuqarolik jamiyatini davlat siyosatining faol subyektiga aylantirish, uning davlat boshqaruvidagi ishtiroki­ni huquqiy, institutsional va moliyaviy jihatdan mustahkamlashga xizmat qiladi. Natijada davlat va jamiyat oʻrtasida ochiq hamda barqaror muloqot mexanizmi shaklla­nadi. Nodavlat notijorat tashkilotlarning kasbiy va institutsional salohiyati oshadi, jamoatchilik nazorati va ijtimoiy sherik­lik yangi bosqichga koʻtariladi. Eng muhimi, bunday izchil chora-tadbirlar Oʻzbekiston fu­qarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha mintaqaviy tajriba markaziga aylanishiga zamin yaratadi.

Tabiat sofligi – barqarorlik omili

Zikrilla ALIMOV, Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri,

texnika fanlari doktori:

— Mamlakatimizda ekologiya, atrof-muhit­ni muhofaza qilishga davlat siyosatining eng muhim ustuvor vazifalaridan biri sifatida alohida eʼtibor qaratilmoqda. Soʻnggi yillarda bu jabhada amalga oshiri­layotgan keng koʻlamli chora-tadbirlar barqa­ror rivojlanishga erishishda oʻz samarasini beryapti.

Oʻtgan yili yer, suv, havo musaffoligi­ni taʼminlash, tabiiy muvozanatni asrash borasida muayyan natijalarga erishildi. Jumladan, atmosfera, yer va suv resurslari hamda atrof-muhitni monitoring qilish ishlari natijasida 73 ta sanoat korxonasi­dagi chang-gaz tozalash uskunalari moderni­zatsiya qilindi. Yangi ochilayotgan qator sanoat korxonalarida chang-gaz tozalash uskunalari oʻrnatilishi hisobiga atmosfera havosiga 1,5 ming tonnadan ortiq ifloslantiruvchi moddalar tashlanishining oldi olindi.

Havoni ifloslantirishda ulushi nisba­tan yuqori boʻlgan avtotransport vositalari­ning holati ham doimiy kuzatuvga olingan. Shu maqsadda ikki bosqichda “Toza havo” oy­ligi oʻtkazilyapti. Oʻtgan yili bu yoʻnalishda yetti yuz mingdan koʻproq avtotransport vosi­tasi ekologik nazoratdan oʻtkazilib, aniq­langan nosozliklar bartaraf etildi. Bu tad­bir ham havoga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishini kamaytirishda oʻz samarasini bermoqda.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 137 milliondan ortiq koʻchat eki­lishi, oʻrmon maydonlarining 4,7 million gektarga yetkazilishi, Orolboʻyida 145 ming gektardan ziyod maydonda oʻrmon barpo eti­lishi choʻllashish jarayonini sekinlashtirib, iqlimni yumshatish va bioxilma-xillikni saqlashga xizmat qilmoqda. Bu ishlar nafa­qat tabiatni tiklash, balki aholining sogʻli­gʻi, toza havo va suv bilan taʼminlanishini yaxshilashga ham qaratilgan.

Prezidentimiz Oliy Majlis va xalqi­mizga Murojaatnomasida atrof-muhitni muhofazalash va barqaror rivojlanishga erishishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlarga ham alohida toʻxtalib, bu jabhadagi ishlar izchil davom ettirilishi va yanada yangi bos­qichga koʻtarilishini taʼkidladi. Joriy yilgi davlat dasturida bu borada muhim vazifalar oʻz aksini topmoqda. Jumladan, mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuk­saltirish borasidagi ustuvor vazifalarni hayotga tatbiq etish maqsadida ishlab chiqil­gan islohotlar dasturlaridan biri aynan ekologiya va atrof-muhit muhofazasi bilan bogʻliq ishlarni samarali tashkil etishga yoʻnaltirilgani ayni muddao boʻldi.

Bu jarayonda, avvalo, havo sofligini taʼ­minlash maqsadida ekologik toza avtomobil­lardan foydalanish ragʻbatlantiriladi. Shu bilan birga, atmosferaga zararli moddalar chiqarilishining oldini olish maqsadida sanoat korxonalari modernizatsiya qilinadi.

Shu maqsadda yirik korxonalarga filtr, tozalash inshooti va havoga chiqariladigan zararli moddalarni monitoring qilish stan­siyasini oʻrnatish uchun kredit liniyalarini ochish koʻzda tutilgan.

Toshkent shahri atrofida joylashgan issiqxonalarni filtr bilan taʼminlash maqsadida bunday vositalarni oʻrnatish xa­rajatlarining 50 foizigacha qismini qoplab berish amaliyoti joriy etiladi. Qolaversa, bu sohada tadbirkorlarni keng qoʻllab-quv­vatlash va faoliyatini rivojlantirishga koʻmaklashish maqsadida agroklasterlar tash­kil qilinadi. Uning tarkibiga oʻtgan issiq­xonalarga subsidiya taqdim etish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi. Agroklasterlarda issiq­xonalar markazlashgan qozonxonalar orqali isitiladi.

Davlat dasturida belgilangan yana bir muhim vazifa chang-toʻzonlar tez-tez sodir boʻladigan hududlarda aholi salomatligi­ni asrash uchun zarur tadbirlarni amalga oshirishdir. Shu maqsadda shaharlarda ta­biiy shamol aylanishini kuchaytirishga qaratilgan tadqiqotlar oʻtkazilib, aholi uchun ekologik qulay yashash sharoitini yara­tish choralari koʻriladi. Bundan tashqari, suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish boʻyicha keng qamrovli ishlar koʻzda tutilgan.

Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishlarini oʻrganish universiteti (Green University) huzurida atrof-muhit ifloslanishini oʻrganish uchun maxsus la­boratoriya tashkil qilinadi. Havo, suv va tuproq ifloslanishini chuqur oʻrganish asosida ilmiy yechimlar ishlab chiqish orqa­li olib borilayotgan islohotlarning sama­radorligi oshiriladi.

Bu ishlarning muhimligi shundaki, ular nafaqat hozirgi, balki kelajak avlodlar uchun ham yashashga yaroqli muhitni saqlab qoladi. Ekologik toza texnologiyalar joriy etilishi, kambagʻal oilalarning bandligini taʼminlash, xalqaro hamkorlik orqali yangi tajribalarni oʻzlashtirish mamlakatimiz­ning iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan yanada rivojlantiradi.

* * *

Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish maqsadida belgilanayotgan chora-tad­birlarning koʻlami keng, qamrovi katta. Bu jarayonda hududlar infratuzilmasini yaxshilash, mahallalarga yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kirish, soha va tarmoqlarni texnologik va in­novatsion oʻsish modeliga oʻtkazish, kasblarni rivojlantirish, yangi mehnat bozori arxitek­turasini yaratish, ekologik muvozanatni yaxshilash va boshqa yoʻnalishlarda ustuvor maqsad va vazifalar belgilangan. Bu xayrli ishlarning oʻz muddatida bajarilishi har bir insonga oʻz salohiyatini yuzaga chiqarishi uchun munosib sharoit yaratish, barqaror iqtisodiy oʻsish orqa­li el farovonligini oshirish, mamlakatimizning iqtisodiy qudratini yuksaltirishda muhim omil boʻlishi shubhasiz.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Bahor XIDIROVA tayyorladi.