Tadbirda Oʻzbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish agentligi direktori Ulugʻbek Qosimxoʻjayev va Estoniyaning mamlakatimizdagi elchisi Tomas Tirs ham ishtirok etdi.
Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishning amaliy masalalari muhokama etildi.
Tomonlar 2022-yilda mamlakatlar oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi oʻtgan yilga nisbatan qariyb ikki barobar oshib, 92 million dollardan oshganini ijobiy baholadi. Estoniyaning yirik tadbirkorlik subyektlarining Oʻzbekistonga qiziqishi ortib borayotgani taʼkidlandi.
Shu munosabat bilan Estoniya vakillari joriy yil mart oyida Oʻzbekistonga biznes-missiya tashkil etishni taklif qildi. Missiya tarkibiga AKT va dasturiy taʼminotni ishlab chiqish, raqamli va “yashil” texnologiyalar, yuridik xizmatlar, turizm, savdo va boshqa sohalarga ixtisoslashgan yetakchi kompaniyalar vakillari kiritiladi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha Estoniya ishbilarmonlar delegatsiyasining Oʻzbekistonga boʻlajak tashrifining tashkiliy, moddiy-texnik va mazmuniy masalalarini birgalikda oʻrganish boʻyicha kelishuvga erishildi, bunda tomonlar manfaatlariga javob beradigan amaliy natijalarga erishishga alohida eʼtibor qaratdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.