O'rganishlar muassasalar bitiruvchilarini uy-joy hamda ish bilan ta'minlash bilan bog'liq muammolar to'laqonli hal etilmaganligini ko'rsatdi.

Xususan, 2011-2019 yillarda ushbu muassasalarni tamomlagan tarbiyalanuvchilardan 381 nafari turar joyga muhtoj bo'lib, hokimliklar tomonidan ularning 200 nafari bo'sh uylar mavjud emasligi, 6 nafari hujjatlar to'liq taqdim etilmaganligi, 175 nafari boshqa turli vajlar bilan hozirda turar joy bilan ta'minlanmagan.

Oqibatda  ushbu bolalarning 125 nafari ta'lim muassasalari yotoqxonasida, 142 nafari tanishlarinikida, 45 nafari ijarada va 16 nafari muassasalarning o'zida vaqtincha istiqomat qilayotgan bo'lsa, 53 nafari aniq muqim yashash joyiga ega emas.

Qoraqalpog'iston Respublikasi, Samarqand, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarining tuman-shahar hokimliklarida ushbu masalaga e'tiborsizlik bilan yondoshilganligi sababli bu toifadagi bolalar uchun Uy-joy maydonini hisobga olish va taqsimlash komissiyalari faoliyati yo'lga qo'yilmagan.

Bundan tashqari, hokimliklar tomonidan Vazirlar Mahkamasining 02.08.2010 yildagi 164-sonli qarori talabi asosida etim bolalarga uy-joy sotib olish uchun maqsadli transfert ajratish masalasiga sustkashlik bilan yondoshilib, 2011-2019 yillarda atigi 14 ta holatda transfert mablag'lari ajratilgan.

Tegishli nazorat o'rnatilmaganligi oqibatida ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarga ajratilgan uylardan maqsadsiz foydalanish holatlariga yo'l qo'yilganligi, jumladan uylarning 66 tasi bo'sh turganligi, 18 tasida boshqa shaxslar yashayotganligi, 2 tasi esa sotib yuborilganligi aniqlandi.

Muassasalar bitiruvchilarining bandligini ta'minlash ishlari ham o'z holiga tashlab qo'yilib, 2011-2019 yillarda muassasalarni tamomlagan tarbiyalanuvchilardan 712 nafari ishsiz ekanligi va oqibatda ulardan 243 nafari ishlash yoki boshqa maqsadlarda xorijga chiqib ketganligi aniqlangan.

Qayd etilgan ijtimoiy muammolar, o'z navbatida, tarbiyalanuvchilar tomonidan qonunbuzarliklar sodir etilishiga sharoit yaratib, so'nggi 9 yil davomida tarbiyalanuvchilarning 99 nafari turli jinoyatlarga qo'l urgan va 201 ta ma'muriy huquqbuzarlik sodir etilgan.

O'rganish natijasiga ko'ra, prokuratura organlari tomonidan noqonuniy hujjatlarga nisbatan 12 ta protest keltirilib, 77 ta taqdimnoma kiritildi, 10 nafar shaxs intizomiy va ma'muriy javobgarlikka tortildi, 8 nafar tarbiyalanuvchining manfaatini ko'zlab sudga da'vo ariza kiritildi, 23 nafarining ishga joylashtirilishi ta'minlandi.

Bundan tashqari, Bosh prokuratura tomonidan 2019 yil sentyabrda  ushbu masala tahlili bo'yicha Hukumatga kiritilgan axborot yuzasidan amalga oshirilgan ishlar natijasida muassasalar bitiruvchilaridan 96 nafariga turar joy ajratilishiga erishilgan.

O'rganish jarayonida aniqlangan muammo va kamchiliklarni amaliy jihatdan bartaraf etishga qaratilgan takliflar ishlab chiqildi.