Alyans yigʻilishida Rossiya Federatsiyasi, Oʻzbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qirgʻiziston, Tojikiston, Qozogʻiston, Turkmaniston, Belarus, Serbiya, Mongoliya va Armaniston ombudsmanlari, milliy inson huquqlari institutlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va davlat hokimiyati organlari, inson huquqlari hamjamiyatlari vakillari qatnashdi.

Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) F.Eshmatova maʼruza bilan ishtirok etdi. U joriy yildan eʼtiboran aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi yurtimiz boʻylab mahallalarda amalga oshirilayotganiga urgʻu berdi.

Murojaatlar Ombudsman instituti tomonidan hududlar kesimida tahlil qilinib, aholining huquqiy xabardorligini oshirishga zarurat boʻlgan sohalar tanlab olingan. Bu loyihani amalga oshirishdan maqsad – aholini mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi tub oʻzgarishlar yuzasidan xabardorligini oshirishdan iborat, – dedi F.Eshmatova.

Yevroosiyo ombudsmanlari alyansi mintaqada inson huquqlari himoyachilarining saʼy-harakatlarini birlashtiradigan birinchi ittifoq hisoblanadi. Ushbu tashkilot Yevroosiyo davlatlari ombudsmanlarining oʻzaro hamkorligini taʼminlab, oʻz mamlakatlari fuqarolarining chet eldagi muammoli masalalarini tezkor hal etish imkonini beradi.

Yevroosiyo ombudsmanlari alyansining VII yigʻilishi yakunlariga koʻra, Yevroosiyo mintaqasida inson huquq va erkinliklarini taʼminlashning muhim yoʻnalishi sifatida huquqiy targʻibotni kuchaytirishga doir masalalar muhokama qilinib, takliflar ishlab chiqildi.