Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen kuchli suv toshqinlari oqibatlarini bartaraf etish uchun Sloveniyaga 400 million yevro ajratilishini ma'lum qildi. Uning ta'kidlashicha, bu yil Yevropa Ittifoqining birdamlik jamg'armasidan 100 million yevro, kelgusida esa yana 300 million yevro ajratiladi.

Sloveniya Bosh vaziri Robert Golobning aytishicha, toshqinlar milliardlab yevro zarar keltirgan.

“Mazkur suv toshqinlari mamlakatning yaqin tarixidagi eng katta tabiiy ofatga aylandi, dedi u.

Kuchli yomg'ir yog'ishi Sloveniyada keng ko'lamli suv toshqinlariga olib keldi. 100 dan 200 millimetrgacha yomg'ir yog'di. Mamlakat markazi va shimoli suv ostida qoldi. Daryolar qirg'oqlaridan toshib ketdi, ko'chkilar qayd etildi, shaharlar elektr energiyasiz qoldi. So'nggi ma'lumotlarga ko'ra, mamlakatda suv toshqini oqibatida olti kishi halok bo'ldi, ulardan ikki nafari Niderlandiya fuqarosi, deb xabar beradi korrespondent.net.