Uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston va YEI oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik hamda madaniy-gumanitar hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Soʻnggi bir necha yil ichida Oʻzbekiston va YEI oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgani va strategik xarakterga ega boʻlgani taʼkidlandi. Shu munosabat bilan koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish borasidagi navbatdagi tadbirlar masalasi uchrashuv kun tartibidagi asosiy mavzusi boʻldi.

Mamlakat ishbilarmon doiralarining Yevropa Ittifoqining “GSP+” Preferensiyalar bosh tizimi afzalliklaridan samarali foydalanish haqida xabardorligini oshirish, shuningdek, Oʻzbekistonning JSTga qoʻshilishiga texnik yordam koʻrsatishga doir qoʻshma tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha hamkorlik qilish yoʻllari muhokama qilindi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim (KSHHTB)ni tayyorlashni jadallashtirish boʻyicha birinchi darajali chora-tadbirlar muhokama etildi.

Bundan tashqari, suhbat chogʻida tomonlar koviddan keyingi davrda Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi aʼzolari oʻrtasidagi savdo aylanmasini oshirish va madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish borasidagi keyingi tadbirlarni belgiladilar.

Yevropa tomoni keng koʻlamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish uchun Oʻzbekistonni moliyaviy — texnik yordam vositalari orqali qoʻllab-quvvatlashda davom etishga tayyorligini bildirdi.

Muzokaralar yakunida tomonlar qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirishni jadallashtirish hamda Oʻzbekiston va YEI oʻrtasida koʻp qirrali sheriklikning yangi yoʻnalishlarini ishlab chiqishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.