Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti: Oʻzbekistonda inson huquqlarini taʼminlash tizimi yuksak darajada

    Xalqaro hamkorlik 7 Oktabr 2022 1992

    Joriy yil 5-oktyabrda Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi raisi T.Narbayevaning mamlakatimizga amaliy tashrif bilan buyurgan YEXHTning odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha maxsus vakili V.Richi boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda soʻnggi yillarda Oʻzbekiston bilan YEXHT oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan ochiq va ishonchli muloqotni hamda oʻzaro manfaatli sohalarda hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari muhokama etildi.

    T.Narbayeva mamlakatimizda oxirgi yillarda odam savdosiga qarshi kurashishda tizimli islohotlar amalga oshirilganini, Milliy komissiya faoliyatida ushbu illatga qarshi kurashish borasida aniq natijalarga erishilganini, sohada mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha xalqaro hamkor tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan keng koʻlamli ishlar olib borilganini taʼkidladi.

    YEXHT delegatsiyasiga Oʻzbekistonda inson huquqlari tizimini takomillashtirish, bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashish, munosib mehnat tamoyillarini amaliyotga tatbiq etish, odam savdosiga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar haqida maʼlumot berildi.

    V.Richi Oʻzbekistonda inson huquqlarini taʼminlash tizimi yuksak darajada ekanligini va mamlakatda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanishini taʼkidladi.

    V.Richi Oʻzbekistonda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish yuzasidan amalga oshirilgan islohotlarga yuksak baho berib, Oʻzbekiston tomonining parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlari amaliy hamkorligini kuchaytirish zarurligi toʻgʻrisidagi tashabbusini toʻliq qoʻllab-quvvatladi. Oʻz oʻrnida YEXHT doirasidagi davlatlarning odam savdosiga qarshi kurashishga mutasaddi davlat va nodavlat tashkilotlari, parlament va hukumat vakillariga Oʻzbekistonning mazkur amaliy taklifini bayon etishi va mazkur hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun YEXHT tomonidan barcha zaruriy koʻmak koʻrsatilishi bildirildi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar odam savdosiga qarshi kurashish borasida oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid qator masalalar yuzasidan fikr almashdi va kelishib oldi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.