Gap shundaki, fuqaroga maishiy texnika olishi uchun 2021-yil may oyida Ipoteka bank tomonidan Navoiy shahrida joylashgan “Texno-Shivaki-Navoiy” MCHJ hisobraqamiga 24 million so'm pul mablag'i ko'chirib berilgan. MCHJ esa fuqaroni xabardor qilmasdan, olinishi nazarda tutilgan tovarlarni o'zaro til biriktirib boshqa fuqaroga berib yuborgan. Bu ham etmaganidek, shu kunga qadar fuqaro nomiga rasmiylashtirilgan kredit so'ndirilmagan.

Murojaat o'rganilishi natijasida 2021-yil 10-aprelda sotuvchi va iste'molchi o'rtasida tuzilgan 36-sonli shartnomaga asosan etkazilishi kerak bo'lgan jami 5 dona televizor, 1 dona changyutgich (24 million so'mlik tovar)ni etkazib berish tartibi javobgar (xizmat ko'rsatuvchi MCHJ) tomonidan qo'pol ravishda buzilgani aniqlandi.

Tegishli hujjatlar va o'rganishda aniqlangan holatlarga asoslanib, iste'molchining buzilgan huquqlarini himoya qilish maqsadida Navoiy shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan sudga da'vo arizasi kiritildi. 

2023-yil 3-fevral kuni fuqarolik ishlari bo'yicha Navbahor tumanlararo sudi hal qiluv qarorini chiqardi. Unga ko'ra, javobgar – “Texno Shivaki Navoiy” MCHJdan fuqaro S.Ochilovning foydasiga shartnoma bo'yicha 24 million so'mlik tovarlarni, shuningdek, ma'naviy zarar uchun 1 million so'm tovon puli, davlat foydasiga esa 1 million 560 ming so'm miqdorida davlat boji undirish to'g'risida qaror qabul qildi.