Chunki bu ikki qaror ish faoliyatimizni butunlay o'zgartiradigan muhim dasturilamal yo'llanma, ta'lim-tarbiya tizimini yangi bosqichga olib chiqadigan muhim hujjat bo'ldi.
Ochig'ini aytganda, keyingi 4-5 yil ichida mamlakatimiz hayotida, shu jumladan, oliy ta'lim tizimi sohasida tub o'zgarishlar yuz bergani hech kimga sir emas. Jumladan, oliy ta'lim muassasalari moddiy-texnik bazasi yangilandi, ta'limga e'tibor davlat siyosati darajasiga ko'tarildi.
Birgina bizning ta'lim dargohi misolida gapiradigan bo'lsak, O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti mamlakatimiz tarixida misli ko'rilmagan darajada rivojlandi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Chirchiq shahri yurtimizning bosh sport shahriga aylandi. Bugun shahrimizda yirik sport musobaqalari o'tkazilmoqda. Bu esa shahar infratuzilmasining rivojlanishi, odamlarda sog'lom turmush tarziga bo'lgan intilishi oshishiga sabab bo'lmoqda.
Yaqinda Prezidentimizning Chirchiqqa kelib, shahrimizni yanada obod va ko'rkam qilish bo'yicha ilgari surgan taklif va tashabbuslari esa biz, sport ustozlari va murabbiylari, sportsevar talabalarimiz, umuman, barcha insonlar qalbida jo'shqin kayfiyat uyg'otdi, yanada jips bo'lib faoliyatimizni davom ettirishimizga ilhombaxsh kuch-quvvat berdi.
Prezidentimiz qarorlarida yangi O'zbekistonni rivojlantirishning ma'naviy-axloqiy negizlari, xalqimizning ma'naviy merosini mustahkamlash va rivojlantirish yo'llari aniq-tiniq ko'rsatib berilgan, huquqiy asoslar belgilangan. Yurtimizda huquqiy davlat, fuqarolik jamiyatini barpo etishda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan hayotbaxsh g'oyaning ahamiyati tobora ortib borayotgani barchamizni quvontiradi. Bu bejiz emas. Zero, hozirgi yangilanish va islohotlarni izchil amalga oshirish jarayonida inson omili, ya'ni intellektual salohiyatini yuksaltirmay turib milliy yuksalishni to'la ta'minlash qiyin.
Shuni ta'kidlash lozimki, jamiyatda ma'naviyat va ma'rifatni targ'ib qilish bilan bevosita shug'ullanuvchi davlat va nodavlat tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirishga ehtiyoj hozirgi global dunyoda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bu borada olib borilayotgan muhim ishlarga qaramasdan, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalardagi yangilanishlar jarayonida ma'naviy-ma'rifiy islohotlarning samaradorligiga to'siq bo'layotgan bir qator tizimli muammolar saqlanib qolayotgani ham rost.
Davlatimiz rahbari ta'biri bilan aytganda, ma'naviy-ma'rifiy jarayonlarni tashkil etishda yaxlit tizim mavjud emas, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarni ma'naviy tahdidlardan himoya qilish borasida etarli darajada tashkiliy-amaliy va ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmayapti, ushbu yo'nalishda davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari hamda xususiy sektorning ijtimoiy hamkorligi samarali yo'lga qo'yilmagan. Shu bois, bu muammoni echish endilikda ilmiy asosga quriladi. Ya'ni, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazining “Ma'naviyat targ'ibotchisi” ta'lim muassasasi negizida Ijtimoiy-ma'naviy tadqiqotlar instituti tashkil etiladi.
Prezidentimizning “Ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida pedagog-kadrlar uchun yana bir muhim vazifa belgilangan. Qarorning 7-bandida bu aniq-tiniq qilib ifodalangan: “davlat oliy ta'lim muassasalari va ularning filiallarida, talabalar sonidan qat'i nazar, yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha prorektor (direktor o'rinbosari) lavozimi joriy etiladi”.
Modomiki, gap ma'naviyat va ma'rifat haqida ketar ekan, mas'uliyatning eng og'ir yuki oliy ta'lim, xalq ta'limi va maktabgacha ta'lim tizimiga to'g'ri kelishini pedagog-kadrlar, shuningdek, ijod ahli chuqur anglashimiz va shunga mos tarzda faoliyat olib borishimiz zarur bo'ladi.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimizning qabul qilgan har ikki qarori O'zbekistonda ma'naviyat va ma'rifat sohasini isloh qilishda ravshan, shaffof yo'l tanlanganini anglatadi. Bu ham bo'lsa, ulug' ajdodlar qoldirgan ma'naviy merosdan foydalanish, vorislik asosida xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o'rtasida ezgu insoniy fazilatlarni faol targ'ib qilishimiz zarur bo'ladi.
Binobarin, O'zbekistonning ma'naviy-ma'rifiy siyosati yangi ilmiy-amaliy bosqichga kirmoqda. Bu xayrli ishlarning natijasini millatimiz ma'naviy kamolotining yanada yuksalishida ko'rishimiz aniq.
Sherzod MIRZANOV,
O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va
sport universiteti prorektori