Samarqandda 13—17-noyabr kunlari 196 mamlakatdan 500 dan ortiq delegatlar ishtirokida CRIC—21 tadbiri bo'lib o'tdi. Forum qurg'oqchilikka chidamlilikni oshirish, ayollarning yer huquqlarini targ'ib qilish hamda chang va qum bo'ronlariga qarshi kurashish, shuningdek, mamlakatlar qishloq xo'jaligi yerlarini tiklashda erishayotgan yutuqlarni muhokama qilish uchun yaxshi platforma yaratadi. CRIC—21 da FAO neytral yer degradatsiyasiga erishishga hissa qo'shadigan harakatlar to'g'risida ma'lumot berish uchun bir qator qo'shimcha tadbirlarni tashkil qildi, shuningdek, qum va chang bo'ronlari bo'yicha yuqori darajadagi tadbirlarda ishtirok etdi.
Chang va qum bo'ronlari tobora muhim ahamiyat kasb etib borayotgan transchegaraviy muammo hisoblanadi. Ushbu xavfli tabiat hodisasi barcha qit'alardagi 151 mamlakatda kuzatilmoqda hamda bu 17 ta barqaror rivojlanish maqsadlaridan 11 tasiga erishishni xavf ostiga qo'ymoqda. Iqlim o'zgarishi va o'simlik qoplamining degradatsiyasi chang va qum bo'ronlari xavf darajasining oshishiga olib keladi va ular bilan bog'liq xatarlarni yanada oshiradi. Salbiy oqibatlar, ayniqsa, daromadlari to'g'ridan-to'g'ri tabiiy resurslar va qishloq xo'jaligiga bog'liq bo'lgan hamda qurg'oqchil hududlarda yashayotgan fermerlarga ta'sir qiladi.
O'zbekistonda yer va yaylovlar degradatsiyasi, yog'ingarchilikning kamayishi, cho'llanishning ko'payishi, shuningdek, boshqa ichki va tashqi omillar tufayli chang va qum bo'ronlari tez-tez ro'y bermoqda.
Cho'llanishga qarshi kurashish Konvensiyasining bajarilishini ko'rib chiqish qo'mitasi 21-sessiyasi (CRIC-21) doirasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) “Chang va qum bo'ronlariga qarshi kurashda kuchlarni birlashtirish: birgalikda biz global javobga hissa qo'shishimiz mumkin” tadbirini (side-event) tashkil etdi.
Tadbir turli mamlakatlarning ushbu tabiiy hodisaga qarshi kurashish borasidagi sa'y-harakatlarini namoyish etish, milliy, mintaqaviy va mintaqalararo harakatlarga tayangan holda ushbu yo'nalishdagi global choralarni targ'ib qilish bo'yicha fikr almashish maqsadida o'tkazildi. Tadbir davomida qishloq xo'jaligida chang va qum bo'ronlariga qarshi kurashish bo'yicha uchta yangi nashr taqdim etildi: “Qum va chang bo'ronlari: yumshatish, moslashish, qishloq xo'jaligida xatarlarni boshqarish siyosati va choralari bo'yicha qo'llanma”, “Qum va chang bo'ronlariga tayyorgarlik, chorvachilik jamoalari ishtirokida favqulodda vaziyatlarni rejalashtirish: Mo'g'uliston bo'yicha amaliy tadqiqotlar” hisoboti va “eron Islom Respublikasida qishloq xo'jaligining qum va chang bo'ronlariga chidamliligini oshirish uchun investitsiyalar va harakatlarni kuchaytirish uchun favqulodda rejalashtirish jarayoni” qo'llanmasi.
O'tkazilgan tadbir a'zo mamlakatlarning chang va qum bo'ronlariga qarshi kurashishdagi sa'y-harakatlarini (BMT koalitsiyasining rejalari va o'sish) xalqaro miqyosda qo'llab-quvvatlash to'g'risida xabardorlikni oshirishga yordam berdi. FAO texnik mutaxassisi Feras Ziadat ta'kidlaganidek: “Mamlakatlar o'rtasida bilimlar almashishni qo'llab-quvvatlash orqali biz chang va qum bo'ronlarining oldini olish va yumshatish amaliyotini yaxshilashimiz, shuningdek, ushbu hodisaga qarshi kurashda siyosat izchilligi va sinergiyasini ta'minlashimiz mumkin”.