FAOning “Inklyuziv qishloq xo'jaligi siyosatini amalga oshirishni qo'llab-quvvatlash” texnik hamkorlik dasturiga bag'ishlangan kirish seminari bo'lib o'tdi. Tadbir qishloq xo'jaligi vazirligi, O'zbekiston Agrar soha ayollari uyushmasi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar vakillari doirasida amalga oshirildi. Uchrashuv davomida FAO vakillari loyihaning mohiyati, maqsad va vazifalari haqida so'z yuritdilar.

FAOning “Inklyuziv qishloq xo'jaligi siyosatini amalga oshirishni qo'llab-quvvatlash” texnik hamkorlik dasturi O'zbekistonda 2020—2022 yillar davomida olib borilishi rejalashtirilgan. Uning umumiy qiymati 100,000 AQSH dollar, deya baxolangan. Loyixaning asosiy maqsadi — inklyuziv qishloq xo'jaligi siyosatini amalga oshirish xamda xotin-qizlar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish orqali qishloq joylarda turmush sharoitini yaxshilashdan iborat. Bu esa, pirovardida, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga xizmat qiladi. Dasturni amalga oshirish davomida inklyuziv qishloq xo'jaligi siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun milliy imkoniyatlar yanada mustahkamlanadi.

“Qishloq xo'jaligida gender farqni bartaraf etish ushbu soha va, umuman, jamiyatga sezilarli foyda keltiradi. Gender tengsizlik ayollarning qishloq xo'jaligidagi muhim hissasini kamaytiradigan gender rollar haqidagi stereotiplarga asoslanadi. Qishloq ayollarini qo'llab-quvvatlashga qaratilgan sarmoya, avvalo, qashshoqlikka barham berish va barcha uchun oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan muhim o'zgarishlarga yo'naltirilgan sarmoya hisoblanadi”, — deya ta'kidladi FAOning O'zbekistondagi vakolatxonasi loyiha koordinatori Sherzod Umarov.

Tadbirda so'zga chiqqan O'zbekiston Agrar soha ayollari uyushmasi raisi Adiba Axmadjonova “O'zbekistonda qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat xavfsizligini barqaror rivojlantirish, hamda ularning gender siyosati bilan bog'liqlik masalalari” mavzusida ma'ruza qildi. O'tgan yil davomida O'zbekistonda gender tenglik yo'nalishida qonunchilikni takomillashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilganligi alohida ta'kidlandi. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Qonunchilik palatasi huzurida gender tenglik masalalari bo'yicha Komissiya hamda xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo'yicha Qo'mita tashkil etilganligi ham muhim ahamiyat kasb etadi.

FAOning Evropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy bo'linmasi gender tenglik va ijtimoiy himoya masalalari bo'yicha katta maslahatchisi Dono Abdurazzoqova o'z taqdimotida loyihani tahlil qilib, rejalashtirilgan tadbirlar va yakuniy natijalar haqida to'xtalib o'tdi. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi FAOning O'zbekistondagi Gender harakatlar rejasi orqali nazorat qilinadi. Gender masalalarini hal etishdagi eng yaxshi amaliyotlarni hisobga olgan holda, “O'zbekistonning tog'li va vodiy hududlarida o'rmonlarni barqaror boshqarish” deb nomlangan FAOning yana bir loyihasi doirasida hamkorlikda faoliyat olib borish imkoniyatlari muhokama qilindi.