FAO va SHHT oziq-ovqat mahsulotlari savdosi bo'yicha hamkorlikni kengaytiradi

    Tomonlar transchegaraviy savdoni yengillashtirish yo'llari, shuningdek, transchegaraviy ulgurji taqsimlash markazlarini yaratish masalalarida hamfikr bo'lmoqda.

    Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) hamda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) SHHTga a'zo davlatlar o'rtasida qishloq xo'jaligi mahsulotlari savdosini soddalashtirish bo'yicha qo'shma yig'ilish tashkil qildilar.

    Tadbirda FAO va Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi (ISCAD)ning texnik taqdimotlari namoyish etildi.

    — 2020-yilda koronavirus pandemiyasi sabab bo'lgan inqirozdan so'ng chegaralar yopilgan va oziq-ovqat etkazib berish zanjirlari uzilib qolganda biz duch kelgan to'siqlar markaz tashkil etilishning sabablaridan biri bo'ldi. Shu munosabat bilan, Prezident Qaroriga binoan, qishloq xo'jaligi mahsulotlarining strategik tahlilini amalga oshirish maqsadida ISCAD tashkil etilgan bo'lib, bu sohani qo'llab-quvvatlash bo'yicha yanada samarali siyosat, dasturlar ishlab chiqish, shuningdek, ichki bozor va xalqaro darajada raqobatbardoshlikni oshirishga xizmat qilmoqda. Fikrimcha, tahliliy ishimiz va axborot mahsulotimiz mintaqamiz uchun ham, SHHTga a'zo davlatlar uchun ham juda foydali bo'ladi”, — dedi ISCAD direktori, O'zbekiston Respublikasi qishloq xo'jaligi vaziri maslahatchisi Alisher Shukurov.

    Uchrashuv davomida transchegaraviy savdoni yengillashtirish yo'llari (shu jumladan, yashil yo'laklarni tashkil etish), shuningdek, transchegaraviy ulgurji taqsimlash markazlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.

    SHHT davlatlari dunyodagi eng yirik qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchilar ekani hamda ularning xalqaro oziq-ovqat ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirlarining uzluksiz ishlashini ta'minlashdagi ishtiroki jahon oziq-ovqat bozorida barqarorlikni saqlashga xizmat qilishi ta'kidlandi.

    2019-yil 2-noyabrda Toshkent shahrida o'zaro anglashuv memorandumi imzolanganidan buyon FAO va SHHT o'rtasida oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish faollashdi. FAO Bosh direktori o'rinbosari Vladimir Raxmanin uchrashuvda ta'kidlaganidek, “FAO va SHHT o'z faoliyatini o'zaro hurmat, o'zaro manfaatdorlik, bir-birini yangi bilim va to'plangan boy tajriba bilan boyitish asosida qurmoqda. 2024-yilgacha aniq ish reja bor. O'tgan yili SHHT o'zining 20 yilligini nishonladi. 16-oktyabr — Butunjahon oziq-ovqat kunida FAO o'zining 77 yilligini nishonlaydi. Biz bir-birimiz bilan bilim va tajriba almashamiz. Hozir dunyo misli ko'rilmagan qiyinchiliklarga duch kelgan bir paytda hamkorlik, sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirish, bir-birini tinglash istagi va qobiliyati, o'zaro hurmat ayniqsa muhimdir”.

    Bo'lib o'tgan muhokama SHHTga a'zo davlatlar o'rtasida qishloq xo'jaligi oziq-ovqat mahsulotlari savdosini faollashtirish jarayonini yanada oldinga siljitish imkonini berdi va bu qishloq xo'jaligini rivojlantirish, qashshoqlikni kamaytirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga xizmat qiladi.