Faqat ekish bilan ish bitmaydi

    Har safar Qorakoʻlga borganimda, yoqimsiz shamollar va bulutday yopirilib keladigan chang-toʻzonlarga oʻzim ham koʻp duch keldim.

    Asosiy qismi choʻllardan iborat boʻlgan Buxoro viloyatida ham bunday tabiat hodisalari koʻp sodir boʻlmoqda. Har safar Qorakoʻlga borganimda, yoqimsiz shamollar va bulutday yopirilib keladigan chang-toʻzonlarga oʻzim ham koʻp duch keldim.

    Bu kabi koʻngilsiz vaziyatdan xalos boʻlish uchun Qorakoʻl tumanida saksovul, yulgʻin singari choʻl oʻsimliklarini koʻpaytirish orqali tabiat musaffoligini saqlash va yon-atrofni koʻkalamzorlashtirish ishlariga eʼtibor ­kuchaytirilmoqda. Chunki bu oʻsimliklar qum koʻchishining oldini olib, yerning ustki qismida shamol tezligini kamaytirish imkonini beradi.

    Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 18-yanvardagi “Orol dengizining suvi qurigan tubida va Orolboʻyi hududlarida “yashil qop­lamalar” — himoya oʻrmonzorlarini barpo etishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalar ham bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir.

    Mazkur qarorda Buxoro viloyati misolida ham tuz va chang zarrachalarining salbiy taʼsirini kamaytirish, choʻl oʻsimliklaridan “yashil qoplamalar” barpo etish ishlarini izchil davom ettirib, iqlim oʻzgarishlari oqibatlarini yumshatishga qaratilgan qator vazifalar belgilab berilgan.

    Mutaxassislarning qayd etishicha, 3-yillik saksovulzorda qum koʻchishi 55 foizga, 5-yillik saksovulzorda esa 79 foizga kamayarkan. Buni qarangki, saksovul butalarining yettinchi yilida oʻsha hududda bu kabi salbiy holatlar butunlay toʻxtarkan. Chunki saksovul va yulgʻinning ildizi baquvvat boʻlib, bir tupi 10 ­tonnagacha qumni ­mustahkamlab, koʻchkilarga yoʻl bermas ekan. Ildizi tuproqqa chuqur kirib, uzunligi sakkiz metrgacha yetishidan maʼlumki, qumlarni ­mustahkamlashda bu oʻsimlik­lar beqiyos ahamiyatga ega.

    — Soʻnggi yillarda yer yuzida kuzatilayotgan iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq global muammolar, afsuski, yurtimizni ham chetlab oʻtayotgani yoʻq. Roʻy berayotgan chang-toʻzonlar, yogʻingarchilikning kamayib yoki koʻpayib ketayotgani soʻzimiz tasdigʻidir. Viloyatda “yashil qoplama” yaratishga astoydil kirishilgan. Joriy yilda birgina Olot tumani choʻl massivlarida 40 ming gektardan ziyod hududda ekish ishlari ­rejalashtirilgan boʻlib, bu ishlarga 20 dan ortiq texnika jalb qilingan, — deydi Buxoro viloyat hokimining matbuot kotibi Olim Joʻrayev. — Oʻtgan yili Jondor tumani Qoraqum choʻlida 20 ming gektar, Shofirkon tumanidagi Qizilqum choʻlida 20 ming gektarda ekish ishlari amalga oshirilgan. Choʻl massivlarida bajarilgan ekish va nihol koʻkartirish ishlari, avvalo, aholi salomatligini saqlash va ekologik nomutanosibliklarning oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Yaqinda viloyat hududidan oʻtgan xalqaro ahamiyatga molik yoʻlning 111-114 kilometrdagi qismi hamda Jondor va Qorakoʻl tumanlaridan oʻtuvchi yoʻlning ikki tomonida 10 qatordan daraxt koʻchatlari ekildi. “Yashil makon” loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbir azaliy udumlarni oʻzida jamlagan bayramga aylanib ketdi. Aslida, yaxshi niyatda qilinadigan ishlar odamlarni ezgulikka undaydi. Yerga qadalgan har bir nihol ona tabiat musaffoligini oshirib, inson umrini uzaytirishga xizmat qiladi.

    Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 29-mart kuni “Yashil makon” loyihasi doirasidagi ishlar hamda chiqindilarni boshqarishni takomillashtirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bu borada istiqbolda amalga oshirilishi lozim boʻlgan muhim vazifalar belgilab berildi.

    Ayniqsa, Prezidentimizning oʻzimizning tumanimiz, oʻzimizning mahallamizga eʼtibor qaratib, hududimizni obod qilish haqida jon kuydirib gapirgani har birimizni xayrli ishga undaydigan ezgu daʼvat boʻldi. Ona zamin bagʻriga qadalayotgan har bir koʻchat kun kelib, odamlar salomatligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini unutmasligimiz lozim. Ekilgan nihollar havoni changdan tozalab, kislorod ishlab chiqarishi bilan birga, dunyoda kuzatilayotgan iqlim oʻzgarishlariga ijobiy taʼsir etib, kelajak avlodlarga yashillikka burkangan koʻm-koʻk makonni ulashadi.

    Buxoro viloyati hokimi matbuot kotibi bergan maʼlumotlarga koʻra, magistral yoʻl boʻyidan 4 kilometr hudud, 40 metr masofagacha enlikda foydalanishga kiritilib, 5 qatordan manzarali va 5 qatordan mevali, shuningdek, gujum, tuya archa, saksovul kabi kam suv talab qiladigan daraxt va buta koʻchatlari ekilgan. Qariyb 50 gektar maydon oʻzlashtirilib, qaqroq yerda oʻziga xos bogʻ yaratilgan.

    Tanlangan hudud toshloq va qaqroq yerlar boʻlgani bois, avvalo, maxsus texnikalar yordamida tekislanib, oʻgʻitga toʻyintirilgan ekinbop tuproq toʻkilgan. Daraxt ekilgan hududlarga “Buxorosuvtaʼminot” MCHJ tomonidan tomchilatib sugʻorish tizimi oʻrnatilmoqda. Qisqa qilib aytganda, faqat daraxt ekish uchun emas, uning unib-oʻsishi uchun ham sharoit hozirlangan.

    Gulichehra DURDIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri