Fargʻona tumanida xorijiy korxona malina yetishtiradi

    Agrosektor 2 Dekabr 2021 1817

    Fargʻona tumanida malina yetishtirishga ixtisoslashgan yana bir xorijiy korxona davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

    Ukraina rezavor eksporti boʻyicha jahonda yetakchilardan biri sanaladi. Shunga oʻxshash tendensiyalar Serbiya, Polsha va boshqa yetakchi mamlakatlarda ham kuzatilmoqda. Shu bilan birga, yaqin vaqtlarga qadar Oʻzbekiston malina yetishtirishni kengaytirishda qulay sharoitlarga ega boʻlsada, rezavor biznesidagi imkoniyatlardan toʻliq foydalanmayotgan edi. Zero, Oʻzbekistonda bu biznesni rivojlantirish uchun ajoyib iqlim sharoiti va yetarlicha ishchi kuchi bor.

    Ammo, Oʻzbekistonda bu borada vaziyat ijobiy tomonga keskin oʻzgardi. Xususan, Fargʻona viloyatidagi Fargʻona tumanida umumiy maydoni 300 gektarlik yangi malina plantatsiyalarini barpo etish ishlari jadal suratlarda olib borilmoqda.

    2021-yilning avgust oyi oʻrtalarida ushbu hududda malina plantatsiyalarini kengaytirish boʻyicha rejalar maʼlum qilindi. Fargʻona tumani iqlimi malina yetishtirish uchun mos ekanligi hisobga olinib, yangi rezavor plantatsiyalari uchun 300 gektar boʻsh va foydalanilmayotgan yer ajratildi. Tuproqni tahlil qilish, yerni toshlardan tozalash, unga organik oʻgʻitlar bilan ishlov berish va sugʻorish tizimini tashkil etish, jumladan, quduqlarni burgʻulash va nasoslar oʻrnatish ishlari boshlandi.

    Bu kabi imkoniyatlar xorijlik tadbirkorlarning eʼtiboridan chetda qolgani yoʻq, albatta. Kuni kecha Fargʻona tuman Davlat xizmatlari markazi tomonidan Turkiya davlati bilan hamkorlikda “Vuadil Agro” qoʻshma korxonasi davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Korxonaning asosiy faoliyat turi malina yetishtirishga ixtisoslashtirilgan. Mahalliy tadbirkor Baxtiyor Aʼzamxoʻjayev va Turkiya Respublikasi fuqarosi Baklan Ali ustav fondi 500 million soʻm byudjetga ega xorijiy qoʻshma korxonasini tashkil qildi.

    — Fargʻona viloyatida malina asosan Fargʻona tumanining Vodil hududida yetishtiriladi. Vodildagi malina plantatsiyalarining umumiy maydoni 500 gektarni, yillik hosil esa 4,4 ming tonnani tashkil etadi, — deydi turkiyalik tadbirkor Baklan Ali. — Tahlillarimizga koʻra, 20 tonnagacha boʻlgan kam sonli partiyalarni hisobga olmaganda Oʻzbekistondan malina sarxil mahsulotlar bozoriga deyarli eksport qilinmaydi. Oʻtgan yili ushbu rezavorning 120 tonnasi eksport qilindi, shundan taxminan 100-110 tonnasi Qozogʻistonga, 10-15 tonnasi Turkiyaga yetkazib berildi. Biroq, Oʻzbekistonda rezavorlar deyarli muzlatilmaydi. Vaholanki, rezavor, meva va sabzavotlarning muzlatilishi ushbu mamlakatga ayni turdagi mahsulotlarni yetishtirish va ularning eksportini keskin oshirishga koʻmak beradi. Zero, muzlatilgan rezavorlar uzoq vaqt saqlanishi va sayyoramizning istalgan joyiga eksport qilinishi mumkin. Bizning faoliyatimiz esa yetishtirish va muzlatish orqali uzoq mamlakatlarga qayta ishlangan va jahon standartlari talablariga javob beradigan malina mahsulotlarini eksport qilishdan iborat.

    Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, ayni kunlarda Fargʻona viloyatida 300 ga yaqin xorijiy korxonalar faoliyat koʻrsatyapti. Joriy yilning 11 oyi davomida 54 ta xorijiy korxona davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.

    DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi

    axborot xizmati.