Fargʻona va Buxoroda “valyutchik“larning faoliyatiga chek qoʻyildi

    Voqea-hodisalar 7 Fevral 2025 760

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boʻlimlari tomonidan Fargʻona va Buxoro viloyatlarida oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda noqonuniy valyuta savdosi bilan shugʻullanib kelgan shaxslar ushlandi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uchkoʻprik tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda valyuta ayirboshlash bilan shugʻullanib kelgan S.V. fuqaro M.X.ga 3 600 AQSH dollarini 46,8 mln soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Shuningdek, Departamentning Gʻijduvon tumani boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda valyuta ayirboshlash bilan shugʻullanib kelgan G.S. fuqaro Sh.Sh.dan 3 000 AQSH dollarini 38,5 mln soʻmga sotib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki oʻtkazish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.