Koʻhna va hamisha navqiron Hoʻqandi Latif! Bu goʻzal ifoda va taʼrif mana necha asrdan buyon jaranglab kelmoqda. Qoʻqon haqida gap ketganda, avvalo, uning oʻzbek davlatchiligi tarixida tutgan oʻrni va roli eslanadi. 150-yil davom etgan xonlik davrida Qoʻqon goh iqtisodiy, goh siyosiy, goh madaniy jihatdan taraqqiy etgan, yoki, aksincha, koʻp sohalarda ancha pasaygan ham. Lekin hamma davlarda ham mohir hunarmandlari, shoiru fozillarining nomi yetti iqlimda mashhur boʻlgan.

Biz, qoʻqonliklar, keyingi yillarda yurtimizning turli goʻshalarida katta koʻtarinkilik bilan oʻtkazilib kelinayotgan xalqaro maqom, ipak va ziravorlar, baxshichilik festivallarini kuzatib, azim shahrimizda ham bir festival oʻtkazilsa, madaniyatimizni, sanʼatimizni, hunarmandchiligimizni jahonga koʻz-koʻz qilardik, deya orzulagan edik. Yaxshi niyat yaxshi ekan, davlatimiz rahbari Qoʻqonga jahon hunarmandlari shahri degan sharafli nomni berdilar. Har ikki yilda shahrimizda festival oʻtkaziladigan, biz esa niyatlaganimizni dunyoga taqdim etadigan boʻldik.

Adabiyotshunoslikda Xirot adabiy muhitidan keyin Qoʻqon adabiy muhiti alohida eʼtirof etiladi. Mazkur muhitning oʻziga xos jihatlaridan biri ushbu davrda badiiy ijod maydonida oʻzbek tilining mavqei oshgan. Fors-tojik fors-tojik hamda turkiy sheʼriyat uslublarining sintezi vujudga kelgan. Shuningdek, ayollar sheʼriyati paydo boʻlgan. Oʻzbek tilida tamsiliy va epik janrlardagi asarlar ham yaratila boshlangan. Qolaversa, kitobat va tarjimachilik jonlangan, oʻzbek tilidagi asarlar koʻp nusxada koʻchirilgan va kotiblar ragʻbatlantirilgan. Temuriylar davridagi anʼanalar qayta tiklangan. Bularning barchasi “Amiriy” taxallusi bilan goʻzal sheʼrlar yozgan hukmdor Umarxonning saʼy-harakati tufayli amalga oshgani uning oʻzbek madaniyati tarixida maʼnaviyat va madaniyatni yuksaltirgan shaxs ekanligidan dalolat beradi. Umarxon siyosiy, maʼrifiy va adabiy faoliyati bilan oʻzbek davlatchiligi, madaniyati va adabiyoti tarixida noyob hodisa hisoblanadi. Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy zamonidan soʻng tanazzulga yuz tutgan ilm-maʼrifat va madaniy hayot aynan Umarxon Amiriy va uning rafiqasi Nodirabegim zamonida yana-da jonlanib, milliy adabiyotimiz yangi nomlar va asarlar bilan boyigan.

Soʻnggi yillarda madaniyatimiz va adabiyotimizga eʼtiborning kuchayishi ajdodlarimizning badiiy tafakkuri qudrati, teran zakovati, buyuk isteʼdodi bilan yaratilgan bezavol merosni millat va Vatan manfaatlari nuqtayi nazaridan xolis, haqqoniy oʻrganish va keng targʻib etish vazifasini yuklaydi. Zero, adabiyot, Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, “jamiyat hayotida ezgu qadriyat va anʼanalarni chuqur qaror toptirishga, xususan, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning maʼnaviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishda, ona Vatani va xalqiga muhabbat va sadoqat tuygʻusi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega”dir. Bu masʼuliyat milliy maʼnaviyatimizning rivojlanish bosqichida muhim oʻrin tutgan, mumtoz soʻz tarixida alohida hodisa sanalgan Qoʻqon adabiy muhiti namoyandalari ijodini oʻrganishga ham taalluqli. Umarxon davrida Qoʻqonda yuzlab shoirlar ijod qilganlar. Maxmur, Gulxaniy, Mahzuna, Mushrif, Muznib, Vazir, Mahzun, Munshiy, Zohid, Mujrim, Gulshaniy, Toib, Oshiq, Nusrat, Ahror, Nodir, Dilovar, Jaloliy, Azimiy, Vafoiy, Maʼdan, Gʻoziy, Ramziy, Sharifiy, margʻilonlik Uvaysiy, namanganlik Fazliy kabi oʻsha davr shoirlarining koʻpchiligi Sharq mumtoz soʻz sanʼatining zabardast namoyandalari ijodini chuqur mutolaa qilganlar. Ulardan mahorat sirlarini oʻrgangan, sheʼriyat qonun-qoidalarini yaxshi oʻzlashtirgan isteʼdodli ijodkorlar boʻlishgan. Bu nomlarning koʻpchiligi keng jamoatchilikka hali maʼlum emas. Holbuki, ular mumtoz adabiyot tarixida mavjud anʼanalarni oʻz davri sharoitida davom ettiribgina qolmasdan, poetik mazmunni boyitishga ham xizmat qilganlar. Mazkur shoirlarning nafaqat Qoʻqon adabiy muhitidagi balki oʻzbek mumtoz soʻz sanʼati taraqqiyotidagi oʻrnini belgilash, ilmiy va keng jamoatchilikka taqdim etish, yangi ilmiy tadqiqotlar uchun yoʻl ochish, shoirlar ijodiyoti asosida yoshlarda milliy maʼnaviy meros va qadriyatlarga hurmat va milliy gʻururni yuksaltirish zaruriyati bir qator tizimli ishlarni amalga oshirishni taqozo qiladi.

Prezidentimizning 2020-yil 20-may kuni Toshkent shahrida bunyod etilgan Adiblar xiyoboniga tashrifi doirasida bergan topshiriqlari va mazkur masalaga bagʻishlangan majlis bayonnomasida va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Atoqli adiblar va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini yoshlar oʻrtasida targʻib qilish hamda Adiblar xiyobonidan samarali foydalanish chora tadbirlari toʻgʻrisida” qarorida, shuningdek, 2020-yil 5-6-iyun kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi doirasida qilgan maruzalarida milliy adabiyotni rivojlantirish, mumtoz va zamonaviy adabiyotimiz durdonalarini chuqur oʻrganish va targʻib qilish masalasi alohida vazifa qilib belgilandi.

Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichi hisoblangan hozirgi tarixiy sharoitda adabiyotshunoslikka ham eʼtibor kuchayishi tabiiy. Xalqni, kelajagimiz bunyodkorlari boʻlmish yosh avlodni yangi davrga munosib qilib tarbiyalashda badiiy adabiyotning oʻrni katta. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning, “Adabiyotsiz iqtisodiyot ham, maʼnaviyat ham boʻlmaydi”, degan soʻzlari keyingi yillarda adabiyotga qanchalik katta eʼtibor berilayotganligiga yaqqol misoldir. Bu bejiz emas. Bugun globallashuv butun Yer sayyorasini qamragan jahoniy jarayon sifatida kechmoqda. Madaniyatlar, qadriyatlar tobora yaqinlashib boryapti. Ana shu jarayonlarda oʻzbek xalqini, ayniqsa, oʻsib kelayotgan yoshlarni oʻz qadriyatlariga, tiliga, maʼnaviyatiga sodiq, gʻururi baland millat sifatida saqlab qolish uchun ham bugun adabiyot kerak. Zero, Choʻlpon oʻtgan asr boshida aytgan formula hamon oʻz kuchida: “Adabiyot yashasa – millat yashaydi!”

Aytish mumkinki, bugun shiddat bilan oʻzgarayotgan murakkab zamonda odamlarning qalbiga yoʻl topish va ularni ezgu maqsadlar sari ilhomlantirishda adabiyotning hayotbaxsh kuchiga har qachongidan ham katta ehtiyoj sezilayotganligi ham Qoʻqonni Fargʻona viloyatining madaniy markaziga aylantirish zaruratini taqozo qiladi. Chunki Qoʻqon azal-azaldan sanʼatga, adabiyotga, takrorlanmas hunarmandchilikka beshik boʻlgan maskan. Qoʻqon adabiy muhiti haqida gap ketganida 300 dan ziyod ijodkor nomi sanaladi. Lekin ularning koʻpchiligi haqida deyarli hech bir ilmiy tadqiqotlar yaratilmadi. Belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida Muqimiy nomidagi Qoʻqon davlat pedagogika instituti filolog olimlari Qoʻqon adabiy muhiti veb-saytini yaratishga bel bogʻlashgan. Qoʻqon adabiy muhiti va uning vakillari ijodini bugungi kun talablari asosida targʻib etishga qaratilgan materiallarni tadqiq etish va ular asosida ilmiy nashrlar amalga oshirish, Qoʻqon adabiy muhiti antologiyasini yaratish juda muhim deb hisoblaymiz. Bu jarayonda adabiy muhit ijodkorlari hayoti bilan bogʻliq tarixiy voqelik, adabiy merosining gʻoyaviy-badiiy xususiyatlari ilmiy tadqiqot, audio va video materiallar orqali namoyish etiladi. Qoʻqon tarixi, madaniyati va taraqqiyotiga oid adabiy-tarixiy va meʼmoriy yodgorliklar namunalarini veb-sayt orqali namoyish etish va bu orqali mamlakatimizdagi ichki, tashqi turizm ishlariga koʻmaklashish, ijodkorlar adabiy merosini targʻib qilishga qaratilgan IoS va Android platformalari uchun ilova dasturlari yaratiladi. Ular orqali mumtoz adabiyotimizda aks etgan milliy va umumbashariy qadriyatlar keng targʻib qilish, “Alisher Navoiy va Qoʻqon adabiy muhiti” mavzusida xalqaro miqyosda anjuman oʻtkazish va Qoʻqon adabiy muhiti shoiralari ijodiyoti misolida butunjahon ayollar sheʼriyati kongressini oʻtkazish boʻyicha rejalarimiz ham bor. Ularni amalga oshirishda, Qoʻqonni madaniyat markaziga aylantirishda bor salohiyatimiz, ilmimiz va gʻayratimizni safarbar etamiz.

Zebo QOBILOVA,

Qoʻqon davlat pedagogika instituti

oʻzbek tili va adabiyoti fakulteti dekani,

filologiya fanlari doktori