Fargʻona vodiysining togʻli hududlarida sel kelishi xavfi saqlanib qoladi

    Yashil sayyora 14 Iyul 2021 940

    Qirgʻizistonning Oʻzbekiston bilan chegaradosh hududlarida kutilayotgan mahalliy yomgʻirlar hisobiga 15—16-iyul kunlari Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarining togʻ oldi va togʻli hududlarida sel kelishi xavfi mavjud, deb xabar bermoqda “Oʻzgidromet”.

    Qayd etilishicha, 13-iyul kuni Kosonsoy soyidan maksimal 60 m³/s miqdordagi sel-suv toshqini oʻtgan. Bu Kosonsoy soyi uchun maksimal miqdor emas. Kosonsoy soyida sel hodisalari 1878-yildan boshlab roʻyxatga olib kelinadi. Soyda sel hodisalari, asosan, aprel—iyul oylarida hosil boʻladi. Kosonsoy soyida tez-tez sel hodisalari kuzatilgan boʻlib, 1964-yil 27−28-iyul kunlari — sekundiga 278 kubometr, 1988-yil 10-mayda — sekundiga 200 kubometr, 1992-yil 25-mayda — 250 kubometrni tashkil etgan.

    “Oʻzgidromet” aholini 14—17-iyul kunlari Qirgʻiziston bilan chegaradosh boʻlgan hududlardagi dam olish maskanlariga bormaslikka chaqirgan.

    Bundan avval Namangan viloyati IIB ham doʻl va sel sabab aholini qator tumanlardagi dam olish maskanlariga vaqtincha bormay turishga chaqirgandi.