Fargʻonada 150 mln soʻmlik “sigaret“larning noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyildi

    Voqea-hodisalar 8 May 2025 513

    Fargʻona viloyatida noqonuniy sigaretlar aylanmasining yirik sxemasi toʻxtatildi.

    Qayd etilishicha, Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish boʻlimi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda oldindan tezkor-kuzatuvga olingan fuqaro boshqaruvidagi “Damas” rusumli avtomashina viloyatning Dangʻara tumanidagi yashash xonadonlarining biriga kelib toʻxtab, bir necha shaxslar xonadondan qutilarni avtomashinaga yuklayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlangan.

    Ushbu avtotransport vositasi va xonadon koʻzdan kechirilganda avtomashinada 8 ta qutida hamda xonadonning kirish qismida 12 ta qutilarda xorijda ishlab chiqarilgan va noqonuniy olib kirilgan aniqlandi.

    Maʼlumotlarga koʻra, olib qoʻyilgan, chet eldan noqonuniy olib kirilgan, aksiz markalari va hujjatlarsiz mahsulotlarning umumiy qiymati (ikki rusumdagi 10 000 quti) 150 million soʻmni tashkil etdi.

    Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.