Universitet hududida 360 oʻringa moʻljallangan yangi turar joy foydalanishga topshirildi. Marosimda keng jamoatchilik vakillari, nuroniylar, professor-oʻqituvchilar, talaba-yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Mazkur inshoot talabalar uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish maqsadida barpo etilgan boʻlib, barcha zarur jihozlar va zamonaviy infratuzilma bilan taʼminlangan. Xonalar yorugʻ va shinam, oʻqish va dam olish uchun alohida joylar tashkil etilgan.

Taʼkidlash joizki, universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov oʻquv yili boshida iqtisodiyot fakulteti talabalari bilan uchrashuvda turar joy masalasiga alohida eʼtibor qaratgan edi. Qisqa fursat ichida ushbu tashabbus amalda oʻz ifodasini topib, yangi turar joy talabalar ixtiyoriga topshirildi.

  • — Bu turar joyning ochilishi talabalar uchun qulay va zamonaviy sharoit yaratishda muhim qadam boʻldi. Biz har doim talabalarning taʼlim va yashash muhitini yaxshilashga eʼtibor qaratamiz. Bu inshoot ularning ilmiy va ijodiy faoliyatini rivojlantirishda katta imkoniyat yaratadi, — dedi Fargʻona davlat universiteti rektori Bahodirjon Shermuhammadov.

Tadbirda soʻzga chiqqan viloyat hokimi Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida toʻxtalib oʻtdi. U bilim olishning ahamiyati, maqsad sari intilish, vaqtni qadrlash va mashaqqatlarga sabr bilan yondashish har bir yoshning hayotida muhim oʻrin tutishini taʼkidladi. Shuningdek, universitet jamoasini kapital taʼmirlangan va zamonaviy sharoitlarga ega boʻlgan talabalar turar joyi ochilishi bilan tabrikladi.

  • — Yoshlar davlatimiz tomonidan yaratilayotgan shart-sharoitlardan samarali foydalanib, bilim olishlari va ilmiy hamda ijodiy salohiyatlarini rivojlantirishlari zarur. Shu orqali kelajakda oʻz mutaxassisligining ustasi boʻlgan masʼuliyatli avlod kamol topadi dedi, — Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozarov.

Tashrif davomida viloyat rahbari fakultet infratuzilmasi, yaratilgan imkoniyatlar hamda agrar qoʻshma fakultet talabalarining dual taʼlim olishi uchun xalqaro hamkorlik doirasida tashkil etilgan “aqlli issiqxona” faoliyati bilan ham tanishdi.

Tadbirda talabalar ham soʻzga chiqib, taʼlim sohasiga qaratilayotgan eʼtibor va yaratilayotgan sharoitlar tufayli erishgan yutuqlari, ilmiy va ijodiy izlanishlari haqida fikr bildirdilar hamda bunday ochiq muloqotlar kelgusida ham davom etishiga ishonch bildirishdi.

Maʼlumot oʻrnida, joriy oʻquv yilida universitetning bir qator talabalari yuqori davlat stipendiyalariga sazovor boʻlishdi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Bobur, Pahlavon Mahmud va Mirzo Ulugʻbek nomidagi davlat stipendiyalari, shuningdek, 14 nafar talaba Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasini qoʻlga kiritdi.

Zulxumor Akbarova