Jumladan, oʻtgan haftada Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi aʼzolari — Muzaffara Abdiyeva va Mavluda Adhamjonova tomonidan Fargʻona viloyatidagi aholiga koʻrsatilayotgan onkologik yordam sifati oʻrganildi.

Deputatlar dastlab, Fargʻona shahar markaziy koʻp tarmoqli poliklinikasida boʻlib, bu yerdagi onkologik kabinetda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi. Oʻrganish jarayonida deputatlar poliklinikada faoliyat koʻrsatayotgan oilaviy shifokorlari bilan muloqot qilib ular tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalarni tinglashdi.

Shuningdek, deputatlar tomonidan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qoʻqon filiali faoliyati ham yaqindan oʻrganildi. Bugungi kunda filial Qoʻqon shahar va atrofidagi 7 ta - Oʻzbekiston, Furqat, Beshariq, Dangʻara, Uchkoʻprik, Buvayda, Bogʻdod tumanlaridagi 1 million 700 mingga yaqin aholiga xizmat koʻrsatib kelmoqda.

Shifoxonadagi mavjud qulayliklar, aniqlanayotgan bemorlar ulushi, ularga ajratilgan joylarning soni va talabga nisbatan yetarliligi, dori-darmonlar bilan taʼminlanish darajasi, onkologik kasalliklarda yuqori texnologik operatsiyalar ulushi, telemeditsinadan foydalanish darajasi singari masalalarning barchasi deputatlar tomonidan chuqur tahlil etildi.

— Bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan tibbiyot rivojiga qaratilgan koʻplab meʼyoriy huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda. Ularning birlamchi boʻgʻinlarda ijrosini taʼminlash juda muhim hisoblanadi. Chunki aholiga malakali tibbiy xizmat koʻrsatish darajasini oshirishda birlamchi boʻgʻinda amalga oshirilayotgan islohotlarning oʻrni yuqori. Bugungi kabi oʻrganishlarimiz natijasida, hududlarda aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini oshirish borasidagi mavjud muammolar tahlil etilib, ularning qisqa muddadlardagi yechimi yuzasida amaliy ishlarni yoʻlga qoʻyyamiz. Shuningdek, oʻrganish jarayonida qonunchilikdagi mavjud boʻshliqar ham tahlil etilib, partiyaning qonunchilik palatasidagi fraksiyasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan kamchiliklarni bartaraf etish borasidagi ishlar amalga oshiriladi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavluda Athamjonova.

Ayni kunlarda “Adolat” SDPning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi aʼzolari tomonidan mamlakatimiz viloyatlarida aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oʻrganish borasidagi ishlar davom ettirilmoqda, deya xabar beradi Oʻzbekiston “Adolat” SDP Fargʻona viloyat Kengashi matbuot xizmati.