Bu haqda Fargʻona viloyati hokimligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Okuda Takefumi boshchiligidagi yaponiyalik ishbilarmonlar delegatsiyasini qabul qildi.
Uchrashuvda “Micado Development” kompaniyasi tomonidan Ekoshahardagi 3 gektar maydonda barpo etishga kirishilayotgan qiymati 15 mln. dollarlik “Shogun city” yapon bogʻi, mehmonxona, restoranlar majmuasini oʻz ichiga olgan loyiha muhokama qilindi.
“Fergana Shogun” majmuasi qurilishiga tayyorgarlik hamda loyihani tezlashtirish masalalariga eʼtibor qaratilib, amalga oshirilishi zarur boʻlgan vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, shu yilning noyabr oyida Fargʻona shahrida Yaponiyadagi qurilish, savdo, sanoat, tibbiyot, farmatsevtika, Ay-Ti, taʼlim, xizmatlar, ipakchilik, turizm, investitsiyalar va boshqa sohalarda faoliyat olib boruvchi kompaniyalar ishtirokida Fargʻona-Yaponiya biznes-forumi hamda koʻrgazma tashkil etishga kelishib olindi.