Toshkentdagi bogʻlarda giyohvandlikka qarshi kinologiya punktlari ochiladi

    Shu yilning 1-oktyabr sanasidan boshlab Toshkent shahrida bir yil muddatga sinov tariqasida Botanika bogʻi va 11 ta istirohat bogʻida kinologiya punktlari ochiladi.

    Muhokama uchun eʼlon qilingan hukumat qarori loyihasida aytilishicha, bundan koʻzlangan maqsad giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalar, shuningdek, kuchli taʼsir etuvchi vositalar muomalasiga yoʻl qoʻymaslikdir.

    Bunday punktlar Anhor-Lokomotiv, Lokomotiv, Navroʻz istirohat bogʻlari, Tashkent City, Magic City, Milliy bogʻ, Mirzo Ulugʻbek, Gʻafur Gʻulom, Furqat, Ashxobod, Green Park hamda Botanika bogʻida ochilishi kutilmoqda.

    Ularni tashkil etish bilan poytaxt Milliy gvardiya boshqarmasi hamda Ichki ishlar bosh boshqarmasi kinologiya boʻlimi shugʻullanadi. Xizmatga Bojxona qoʻmitasining Milliy kinologiya markazi tomonidan Milliy gvardiyaning buyurtmasi boʻyicha “dual tizim asosida («giyohvandlik vositalarini qidirish” va “antiterror” yoʻnalishlarida) tayyorlangan xizmat itlari jalb etiladi.

    Tajriba natijalariga koʻra, uni Oʻzbekistonning boshqa hududlarida ham joriy qilish masalasi koʻrib chiqiladi.