Farg’onadagi o‘qituvchi ekoturizm yo‘nalishi rivojiga hissa qo‘shmoqda

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi  farmonidan kelib chiqib, 2019-yilda Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida kimyo-biologiya fanlari o‘qituvchisi Manzuraxon Mo‘minova "Pamirtravel" turistik firmasini ishga tushirdi. 

    Manzuraxon Mo‘minova maktabdagi faoliyati davomida bolalarni Markaziy Farg‘ona cho‘llariga tez-tez sayohatga olib chiqar, sayohat gashtini o‘quvchilarga singdirar edi. 2018-yilda tumanga “Dunyo bo‘ylab” telekanali ijodkorlari kelib, hududning cho‘l tabiati to‘g‘risida hujjatli film suratga oldi va bu filmga M.Mo‘minova maslahatchi sifatida taklif qilindi. Uning g‘oyasi asosida Shohimardon va Yozyovondagi ziyoratgohlar, ekoturistik obyektlar to‘g‘risida ham film suratga olindi.

    Shu tariqa unda turizm sohasiga jiddiy qiziqish uyg‘ondi va u o‘sha vaqtdagi turizm sohasi mutaxassislari tavsiyasi bilan sayyohlik firmasini ochishga qaror qildi. 2019-yilda M.Mo‘minova xizmatlar sohasi vakillarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan Toshkent shahridagi “Turizm o‘quv-konsalting markazi” DUKda “Turizm mutaxassisi (Turoperatorlik)” kurslarini tamomladi. «Pamirtravel» turistik firmasi muvofiqlik sertifikatini olgandan so‘ng, shu yilning o‘zida Yozyovon va Shohimardon hududlarida turizmini rivojlantirish maqsadida Farg‘ona tumani Yordon MFYda sayohatchi va ziyoratchilar uchun 30 o‘rinli dam olish maskani tashkil etildi.

    Farg‘ona va Quva tumanlari, Farg‘ona, Marg‘ilon, Qo‘qon va Quvasoy shaharlaridagi pedagog va tibbiyot xodimlaridan iborat sayohatchi guruhlar tashkil etilib, yil yakuniga qadar 22 ming nafar sayyohga xizmat ko‘rsatdi.

    Butun dunyoda bo‘lgani kabi pandemiya ushbu firma faoliyatiga ham o‘z salbiy taʼsirini o‘tkazdi. Shu o‘rinda Prezidentimizning 2020 yil 28 maydagi 6002-sonli farmoni sabab firma tomonidan sohani saqlab qolish va yana-da rivojlantirishga qaratilgan “Yozyovon Buyuk Ipak yo‘lida” nomli yangi turizm yo‘nalishi loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur loyiha Bosh vazir o’rinbosari Aziz Abduhakimov tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va unga 10 million so‘m miqdorida davlat granti ajratildi.

    Ushbu ko‘mak taʼsirida 2021-yilga kelib firmaning faoliyati yana jonlandi. Endi turistik firma xodimlari soni 10 nafarga yetdi.

    Ayni kunlarda bu turistik firma o‘z faoliyatini ancha kengaytirgan. U O‘zbekistonning Xiva, Buxoro, Nukus, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Andijon va Namangan shaharlaridagi turizm sohasi muassasasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Bundan tashqari Qo‘shni Qirg‘iziston hamda Tojikiston Respublikalari bilan ham hamkorlik olib borilmoqda.

    Firma har yili o‘rta hisobda 30 ming sayyohga xizmat ko‘rsatmoqda. 2021-yildagi ko‘rsatgich bo‘yicha bu sayohatchilarning 22 ming nafari yoshlar, 2 ming nafari temir daftarga kiritilgan ayollar, 2,5 ming nafari kam taʼminlangan fuqarolar va 3 ming nafari keksalar hisoblanadi. Ularning hammasi Xiva, Buxoro, Samarqand, Andijon, Namangan va Yozyovondagi tabarruk tabarruk ziyoratgohlariga sayohatga qildi.

    Shuningdek, Qirg‘iziston Respublikasining Qadamjoy tumani “Oq qayin” tog‘-o‘rmon turizm maskanida, Dugoba alpinistlar oromgohida tog‘ turizmi, madaniy turizm, Botken tumanda etnografik turizmni yo‘lga qo‘ydi. Firma Qirg‘izistonning "KygyzPamirTours" turistik firmasi bilan hamkorlik memorandumini imzolagan bo‘lib, o‘zbekistonlik sayyohlarni “Oq qayin” dam olish maskaniga sayohatlarini tashkillashtirib kelmoqda.

    Bundan tashqari, Tojikiston Respublikasi Laxsh tumani turizm tashkiloti bilan hamkorlik o‘rnatilgan.

    Endilikda, pedagog o'z turistik firmasida ekoturistik yo‘nalishlar bo‘yicha baliqchilik va ovchilikni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan hamda yoshlar turizmi yo‘nalishi bo‘yicha ham faoliyatni kengaytirish arafasida. 2022 yildan o‘zi xizmat ko‘rsatayotgan sayyohlar sonini 50 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.