M.: Farhod Ravshanovich avvalo intervyuga rozilik berib, vaqt ajratganingiz uchun tashakkur. Ma’lumki, Prezidentimizning 2019 yil 10 may kuni Uchtepa tumaniga tashrifi davomida, tuman sanoat ishlab chiqarish sohasi Toshkent shahri ko‘rsatkichidan 2 barobar kamligi, boshqa sohalar ham eng past darajada ekanligi qayd etilgan edi. Shundan keyin siz tumanning birinchi rahbari sifatida ish boshladingiz. O‘tgan 1 yil davomida tuman sanoatini yaxshilash bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirildi?

F.A.: Avvalo, “Yangi O‘zbekiston” nashriga intervyu berayotganimdan xursandman. So‘nggi yillar yurtimizda matbuot nashrlari soni ortib bormoqda. Albatta, ular safiga “Yangi O‘zbekiston” nashrining qo‘shilgani mamlakatimiz axborot makonida raqobat va xilma-xillikka sabab bo‘ladi va soha rivojlanishiga xizmat qiladi.

Savolingizga to‘xtaladigan bo‘lsam, darhaqiqat Prezidentimiz 2019 yil may oyida Uchtepa tumaniga tashrif buyurib, tuman ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini yaxshilash bo‘yicha aniq ko‘rsatma va topshiriqlar bergan edi. Shundan keyin, menga tumanning birinchi rahbari bo‘lishdek katta mas’uliyat yuklatildi.

Ochig‘i, men qilingan ishlarni emas, qilinishi lozim bo‘lgan ishlar haqida gapirishni yoqtiraman. Ammo shunday bo‘lsa-da, savolingizdan kelib chiqib sanoat sohasidagi faoliyatimizga doir qisqacha ma’lumot bermoqchiman. Bugungi kunda tumanimizda xorijiy kapital ishtirokidagi 68 ta sanoat korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Joriy yilning birgina yanvar`-mart oylarida tuman sanoat mahsuloti ishlab chiqarilishi  842,4 mlrd. so‘mni tashkil etdi. Tumanda ishlab chiqarilgan sanoat mahsuloti hajmi aholi jon boshiga esa, 3091,3 ming so‘mni yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 118,5 foizga etkazilgan.

Shuningdek, tumanda iste’mol tovarlari ishlab chiqarilishi 224,1 mlrd. so‘mni tashkil qilib, ishlab chiqarilgan iste’mol tovarlari aholi jon boshiga 822,2  ming so‘mni yoki o‘tgan yilning mos davriga solishtirganda 98,3 foizga  o‘sgan.

Qolaversa, Janubiy Koreyaning Andong shahar hokimligi bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolaganmiz. Umuman, Uchtepa tuman hokimligi jamoasi berilgan vazifalar ijrosini amalga oshirish uchun astoydil harakat qilmoqda. Lekin tan olish kerakki, sohada bajarilishi kerak  bo‘lgan ishlar hali juda ko‘p.

M.: Davlatimiz rahbari joriy yil Oliy Majlis Senatining I yalpi majlisidagi nutqida 2020 yil uchun strategik masala sifatida yoshlar tarbiyasi, xotin-qizlar hamda madaniyat va san’atga e’tibor qaratish ekanligini ta’kidlagandi. Ushbu yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot bersangiz?

F.A.: So‘nggi yillarda ushbu masalalarga e’tibor davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.  Albatta bu – biz kabi ijro organi vakillariga mazkur masalalar doimiy diqqat markazimizda bo‘lishini taqazo etmoqda.  

Tumanimizda yoshlar bandligi va yosh tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida manzilli chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan.

Xususan, yosh tadbirkorlarning 4 ta loyihasiga Yoshlar-kelajagimiz” jamg‘armasi tomonidan 2106,0 mln. so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi. Shu bilan birga, 2 ta “Yoshlar mehnat” guzarlari tashkil etildi va ularda yuzlab tuman yoshlari hunar o‘rganib, o‘z mehnat faoliyatlarini olib bormoqda.

Kuni-kecha Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va “YEG” biznes-inkubator o‘rtasida ham memorandum imzolandik. Unga ko‘ra, yoshlarning eng sara biznes-startap loyihalarini amalga oshirish uchun 10 mlrd. so‘m mablag‘  ajratishni rejalashtirganmiz.

Qolaversa, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida, “Qaddi va qadri baland Uchtepam!”, “Sreative Youth” “eng yosh kitobxon” va karantin davrida yoshlarni onlayn ta’lim va mashg‘ulotlarga faol jalb etish uchun #5tashabbus_uyda Challenge, “Kun g‘oliblari”, “Uydagi yulduz”  kabi loyiha hamda ko‘rik-tanlovlar tashkil etilmoqda.

Shuningdek, xotin-qizlar borasida ham bir qator chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan. Masalan, joriy yilning birgina may-iyun` oylarida tumandagi 105 nafar ayollar ro‘yxat asosida yosh faol xotin-qizlarga biriktirildi. Bu orqali ularni rahbarlik lavozimlariga tayyorlab borish maqsad qilingan. O‘zini o‘zi band qilgan, hunari bor biroq ishlash uchun muntazam ish joyi mavjud bo‘lmagan ayollar ishlab chiqarish korxonalariga jalb qilinmoqda. Bu kabi ishlar yil davomida manzilli ravishda davom etadi.

Madaniyat va san’at sohasida ham bir qancha loyihalarni amalga oshiryapmiz. Misol uchun, bugungi kunda tuman madaniyat markazi binosi kapital ta’mirlanmoqda. Yangi binoda 400 o‘rinli zamonaviy tomosha zali, ovoz yozish studiyalari, 10 dan ziyod sohalarda to‘garak xonalari tashkil etiladi. Markaz joriy yil sentyabr` oyida foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.

M.: OAV va ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib borasizmi va ularning faoliyatingizdagi o‘rni qay darajada?

F.A.: Odatda, men OAV va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan tanqidiy yoki muammoli masalalar borasidagi materiallar bilan ko‘proq qiziqaman. Aynan ular faoliyatimizda aholi muammolarini o‘rganishimiz, ularga samarali echim topishimizda ko‘mak beradi. Buning uchun jurnalist va blogerlardan minnatdor bo‘laman. Ammo shuni ham aytishni xohlardimki, aksariyat hollarda OAV yoki ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan tanqidiy holatlarni o‘rganib, vaziyat aslida unday emasligi yoki shaxsiy manfaatlar ifodalanganligiga guvoh bo‘lamiz. Shu sababli tanqidiy materiallar yoki muammoli vaziyatlarni yorituvchilarga o‘z ishlariga imkon qadar xolisona yondashishlarini so‘ragan bo‘lardim.

M.: Bugun deyarli butun jahon davlatlari koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashmoqda. Ushbu sinovli kunlar albatta ortda qoladi. Sizningcha koronavirus pandemiyasidan keyingi hayot qanday ko‘rinishda bo‘ladi?

F.A.: Ochig‘ini aytganda karantin davrida odamlarning hayoti oson kechmadi. Ko‘plar uchun nafaqat moddiy qiyinchiliklar, balki uyda qolishga ko‘nikish ham biroz mushkul bo‘ldi.

O‘ylashimcha, pandemiya davridagi hayot qaysidir ma’noda ko‘p narsalarni bizga qaytarib berdi. Masalan, oila a’zolari bir-birlari bilan ko‘proq muloqot qilishi, qimmatli vaqtdan unumli foydalanish, bir-biriga mehr-oqibat ko‘rsatish va eng muhimi berilgan ne’matlarni borida qadrlashni o‘rgandik.

Qolaversa, shu davrda ayniqsa mashaqqatli kasb egalari – tibbiyot, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari va o‘qituvchilarning fidokorona mehnatlariga guvoh bo‘ldik. Meni quvontirgan yana bir jihat shunday sinovli kunlarda xalqimizning naqadar saxovatpesha ekanligini ko‘rish bo‘ldi. Umid qilamanki, pandemiyadan keyingi hayotimizda ham mana shu go‘zal va insoniy qadriyatlar saqlanib qoladi.

M.: So‘nggi savolim, siz sevib o‘qigan va tavsiya bera oladigan kitoblar haqida?

F.A.: Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev “Kitobsiz taraqqiyotga, yuksak ma’naviyatga erishib bo‘lmaydi. Kitob o‘qimagan odamning ham, millatning ham kelajagi yo‘q” deb, ta’kidlaganlar. Haqiqatda, kitob o‘qish har bir inson kundalik turmushining ajralmas qismi bo‘lishi kerak.

Kitobning yana bir ahamiyatini, u orqali teran fikrlash va nutqiy ravonlikka ega bo‘lishda, deb bilaman. Shu sababli vaqtim bo‘lishi bilan kitob o‘qishga, juda bo‘lmasa yo‘l-yo‘lakay audio kitoblar eshtishga harakat qilman. Bir sahifa bo‘lsa-da, kitob o‘qish kundalik rejamda bor.

Men ancha yillar ilgari buyuk Sohibqironning “Temur tuzuklari” asarini sevib o‘qiganman. Bugungi kunda ushbu kitob faoliyatimda ham ko‘mak bermoqda.

Bundan tashqari Navoiyning “Xamsa”, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”, Tohir Malikning “Odamiylik mulki” va Lev Tolstoyning “Urush va tinchlik” kabi asarlari men sevib o‘qigan va barchaga mutolaa uchun tavsiya qila oladigan kitoblardir.

Nurillo To‘xtasinov

suhbatlashdi