FARMASEVTIKA: AVVAL VA HOZIR

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʻra, bir yilda dunyoda antibiotik notoʻgʻri isteʼmol qilingani tufayli 700 ming odam hayotdan koʻz yumadi. Bu juda katta raqam. Oʻzbekistonda bunday statistika hozircha yuritilmaydi. Lekin, aytish mumkinki, biz ham bundan mustasno emasmiz. Shu bois, dorixonadan betartib, retseptsiz dori berilishi insonga ziyon keltirishi mumkin.

    Mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilishga davlat siyosatining eng muhim yoʻnalishi sifatida eʼtibor qaratilmoqda. Ayniqsa, soʻnggi yillarda yurtimizda sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash, xalqimizni rozi qilish maqsadida birlamchi tibbiyot tizimi faoliyatini tubdan yuksaltirish, dori-darmon taʼminotini yaxshilash, hududlarda ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlarni yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar yangicha mazmun kasb etyapti.

    Tibbiy xizmatlar koʻlami va sifatini oshirish jarayonini yuqori samarali dori-darmonsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Aholining unga boʻlgan ehtiyojini toʻliq qondirish esa farmatsevtika sanoatining qay darajada rivojlangani bilan bogʻliq. Yurtimizda bu sohada ham salmoqli ishlar qilinmoqda.

    Kuni kecha Prezidentimiz Olmaliq shahriga tashrifi chogʻida “Jurabek laboratories” qoʻshma korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Korxona 48 milllion flakon infuzion eritmalar, 480 million dona ampula, 60 million dona quruq antibiotiklar, 20 million dona liofilizatsiya qilingan dori shakllarini ishlab chiqarish quvvatiga ega.

    Bu yerda GLP laboratoriyasi mavjudligi, xalqaro GMP standarti joriy etilganining oʻzi ham ishlab chiqarilayotgan dorilar sifati va samaradorligiga kafolat bera oladi. Ayni paytda korxona tomonidan 300 dan ziyod turdagi dori vositalari davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan, 15 dan ortiq xorijiy davlatlarga eksport qilinyapti.

    Bugungi pandemiya davrida juda muhim boʻlgan remdesivir, favipiravir, geparin, enoksaparin kabi dorilar ham ishlab chiqarilib, amaliyotda qoʻllanilganda oʻz samaradorligini koʻrsatyapti. Yaqin kunlardan boshlab korxonada koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarish moʻljallanmoqda. Korxonaning bunday imkoniyatga egaligi dori-darmonlarning talab darajasida sifatli ishlab chiqarilishida muhim omil sanaladi.

    ORTGA NAZAR

    Mustaqillikning ilk yillarida mamlakatimizda bor-yoʻgʻi 2 ta farmatsevtika korxonasi faoliyat yuritgan. Mahalliy ilmiy-tekshirish institutlari bilan hamkorlikda 20 ga yaqin dori ishlab chiqarilgan.

    Dori-darmon va tibbiyot buyumlarini ishlab chiqarish, uning sifatini nazorat qilish, eksport-importini amalga oshirish, sohada malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar olib borish kabi ishlar oʻz holiga tashlab qoʻyilgani, sohada faoliyat yurituvchi olimlarga eʼtiborning yoʻqligi, gʻoya va loyihalarga pul ajratilmagani oʻz-oʻzidan soha rivojiga salbiy taʼsir koʻrsatgan. Tarmoqda zamonaviy dorilar yaratilmagan yoki yaratilgani ham ishlab chiqarishga tatbiq etilmagan. Chunki infratuzilma, xalqaro sifat sertifikatini bera oladigan laboratoriyalar yaqin-yaqingacha yoʻq edi. Tizimdagi ilmiy-tadqiqot institutlari ham bir navi faoliyat olib borardi.

    Bu oʻz-oʻzidan aholining dori-darmon va tibbiy vositalar bilan taʼminlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatmasdan qolmasdi. Deylik, shifoxonaga tushgan bemorning yaqinlari dori izlab sarson-sargardon boʻlgan, kamyob dorilarni topa olmay, chetga buyurtma bergan holatlarga koʻp guvoh boʻlganmiz. Ayrim dorixonalarda sifat litsenziyasi boʻlmagan, yaroqlilik muddati aniq koʻrsatilmagan yoki oʻtib ketgan dori-darmonlar sotilgani ham bor gap. Bu tabiiyki, sohadagi ishlar oʻziboʻlarchilikka tashlab qoʻyilganidan dalolat beradi.

    KEYINGI YILLARDA SOHAGA KATTA EʼTIBOR QARATILDI

    Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda farmatsevtika sohasiga alohida eʼtibor qaratilishi natijasida tizimdagi korxonalar soni keskin oshdi. Bugunga kelib yurtimizda 220 ga yaqin farmatsevtika korxonasi faoliyat yurityapti. Ular turli dorilar bilan birga, tibbiy buyumlar — bogʻlov materiallari, shpris, sistema, tibbiy qoʻlqop kabilar ham ishlab chiqaradi.

    Dori sifatini xalqaro andozalar darajasiga olib chiqishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbarining 2017-yil 7-noyabrdagi “Farmatsevtika tarmogʻini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi tashkil etilib, unga sohadagi ishlarni, xususan, ilmiy tekshirish faoliyatini muvofiqlashtirish, roʻyxatga olish, sertifikatlash vakolatlari berildi. Shuningdek, uchta ilmiy-tadqiqot instituti agentlikka biriktirildi.

    DUNYO TIBBIYOTIDA NECHTA DORI QOʻLLANILADI, OʻZBEKISTONDA-CHI?

    Farmatsevtika sohasida savdo nomi va xalqaro patentlanmagan nom degan ikki tushuncha mavjud. Dorining xalqaro patentlanmagan nomi deganda, JSST tashkiloti tomonidan dori tarkibidagi faol dori moddasi (substansiyasi)ning qisqartirilgan nomini berish orqali dorini identifikatsiya qilish tushuniladi.

    Sodda qilib aytganda, dori tibbiy amaliyotda savdo nomi (aspirin) yoki kimyoviy nomi (atsetilsalitsil kislota) bilan qoʻllanadi. Bir xil tarkib va shakldagi dori preparatlari, deylik, Germaniya, Hindiston yoki Oʻzbekistondagi korxonalar tomonidan turlicha savdo nomlari ostida ishlab chiqarilgan va ularning taʼsiri bir xil boʻlgani holda, narxi farq qiladi.

    — Deylik, deklofenak natriy Oʻzbekistonda 30 ta firma tomonidan tasdiqlangan va davlat roʻyxatidan oʻtgan. U har xil savdo nomi ostida ishlab chiqariladi, — deydi Muhabbat Ibrohimova. — “Voltaren”, “Diklo”, “Dikloberl”, “Diklofenak” — bir xil taʼsirga ega dorilar. Lekin har xil korxona tomonidan ishlab chiqarilmoqda. Oʻzbekistonda dori va tibbiy buyumlarning davlat reyestrida 10 mingga yaqin dori-darmonning savdo nomi qayd etilgan. Shundan xalqaro patentlangan nomdagisi 600-1000 tani tashkil etadi. Butun dunyoda 100 mingdan ortiq nomdagi dori bor. Lekin bizda har bir kasallikka qarshi dori qayd etilgan. Bir jihatdan bu yaxshi. Chunki dori yetishmovchiligi boʻlmaydi. Ammo preparat asl boʻlsa, samaradorligi yuqoriroq, qayta ishlab chiqarilayotgan boʻlsa, foydasi kamroq boʻladi. Retseptga dorining xalqaro patentlanmagan nomi yozilishi talabi baʼzi davolovchi shifokorlarning aniq savdo nomidagi aynan bir firma mahsulotini bemorga tayinlashi, dorixonalarning esa atay qimmat dorini bemorga sotishining oldini olishga qaratilgan. Bu, oʻz navbatida, bemorga imkoni va hamyoniga qarab ish koʻrish uchun sharoit yaratadi. Qimmat dori tufayli tegishli muolajalarni oxirigacha yetkazmasligining oldini oladi.

    Yurtimizda orfan kasalliklar uchun dori va tibbiy buyumlar roʻyxati tasdiqlangan. Orfan — bu kam uchraydigan kasallik degani. Yaʼni 10 ming aholida ikkita shunday holat boʻlsa, bu orfan kasallik hisoblanadi. Talab unchalik koʻp boʻlmagani bois, qonunda bu kasallik uchun qoʻllanadigan dorilarni mamlakatimizga davlat roʻyxatidan oʻtkazmasdan, bojxonada rasmiylashtirmasdan turib ham olib kirishga ruxsat beriladi.

    QANCHA AHOLIGA BITTA DORIXONA BLISHI KERAK?

    Oʻzbekiston Respublikasining “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunida “Davlat asosiy dori vositalari, shuningdek, tibbiy buyumlar olinishi imkoniyatini va ularning sifatini kafolatlaydi”, deb qayd etilgan.

    Mamlakatimizda farmatsevtika taraqqiy etib borayotgan soha hisoblanadi. Sohaga tegishli tashkilotlarning bir qismi dori va tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchilardir. Bundan tashqari, yurtimizda 600 dan ortiq ulgurji tashkilot faoliyat yuritadi.

    Mamlakatimizda 14 mingga yaqin dorixona mavjud. Dorixonalar tadbirkorlik subyektlari hisoblanadi. Maʼlumotlarga koʻra, birgina Toshkent shahrining oʻzida 2000 dan ortiq dorixona boʻlib, baʼzi mavzelarda 30 tadan 60 tagacha dorixona faoliyat yuritadi. Dorixonalar koʻpligining yaxshi jihati ham bor. Bu raqobatni kuchaytiradi, narxlar tushishiga sabab boʻladi. Chunki aholini, birinchi navbatda, dori-darmon va tibbiy vositalarning narxi oʻylantiradi. Chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish, ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qatʼi nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq boʻlmagan miqdorda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qoʻllangan holda amalga oshiriladi. Bu juda yaxshi. Ammo masalaning boshqa jihati ham bor.

    — Dunyoda dori-darmonlar retsept bilan va retseptsiz beriladigan guruhga boʻlinadi, — deydi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi axborot-tahlil boshqarmasi boshligʻi Muhabbat Ibrohimova. — Retsept bilan beriladigan dori shifokor yozib bergan rasmiy tavsiya bilan sotilishi kerak. Bizda esa, dorixonaga kirayotgan odamlarning aksariyati retseptsiz ekanini koʻrish mumkin. Kasal odam koʻpincha shifokorga murojaat qilmaydi. Murojaat qilgan taqdirda ham u oddiy qogʻozga dorining savdo nomini yozadi. Ikkinchi turdagi bemorlar shifokorga murojaat etmasdan toʻgʻridan-toʻgʻri dorixonaga boradi. Nima uchun? Chunki har qadamda dorixona bor. “Boshim ogʻriyapti, qon bosimim oshyapti”, deb murojaat qilgan mijozga vazifasiga kirmasa-da, farmatsevt oʻz mahsulotini tavsiya etadi. Agar bemor davolash muassasasiga borib, malakali shifokorga uchrasa va tibbiy koʻrikdan oʻtsa, aniq tashxisdan soʻng 5-10 ta dori emas, balki bitta dori tavsiya etilar, balki umuman doriga zarurat boʻlmas. Ehtimol, bu boshqa muolaja talab qilar va dorixonaga ehtiyoj qolmaydi. Agar bu tartib qattiq ishlasa, dorixonalarga kirayotgan bemorlar soni kamayadi.

    Mutaxassislar tahliliga koʻra, mamlakatimizda oʻrtacha ikki ming aholi bitta dorixona toʻgʻri keladi. Lekin hududlar kesimida bu turlicha. Masalan, Toshkentda bir ming bir yuz kishiga bitta, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida deyarli uch ming aholiga bitta dorixona toʻgʻri keladi.

    Yevropada 2500 odamga bitta dorixona ochilishi belgilangan. Sogʻliqni saqlash tizimi juda yaxshi ishlaydigan Daniyada 17 ming aholiga bitta dorixona xizmat koʻrsatadi. Dori-darmonga sogʻliqni saqlash tizimining muhim boʻlagi sifatida qaraladi va davlat tomonidan juda qattiq nazorat qilinadi.

    — Yurtimizda dorixonalar koʻpligi, bir tomondan, soliq boʻyicha qandaydir foyda keltirayotgandir, ammo ijtimoiy nuqtayi nazardan bu foydadan koʻra koʻproq zarar, — deydi Muhabbat Ibrohimova. — Zarar nimadan iborat? Agar bemor dorini unga aniq tayinlangan retsept asosida isteʼmol qilmasa, kasallik choʻzilishi yoki ogʻir ahvolga kelishi mumkin. Birgina misol, Oʻzbekistonda antibiotik juda koʻp ishlatiladi. Odamlarda, agar shamollasam, albatta, antibiotik ichishim shart, degan tushuncha shakllangan. Ammo antibiotik virusga qarshi preparat emas. Antibiotik bakteriya yoki muayyan kasallikning asoratini tuzatishi mumkin. Uni koʻp va davomli isteʼmol qilish infeksiyaning dorilarga chidamliligini oshiradi. Keyinchalik dori foyda bermaydi. Undan kuchlirogʻini tavsiya etishga toʻgʻri keladi. Dori taʼsiri susayishi natijasida oddiy shamollash ham ogʻir asoratlarga olib kelishi mumkin.

    Davlatimiz rahbari oʻtgan yil 12-13-noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvda birlamchi vazifa sifatida aholini toʻgʻri ovqatlanish va jismoniy tarbiyaga oʻrgatish, umuman, tibbiy madaniyatni oshirish muhimligini taʼkidladi. Bu bejiz emas. Zero, inson salomatligi koʻp jihatdan uning tibbiy madaniyati va malakasiga bogʻliq. Har qanday kasallikni davolashga tibbiy madaniyat va malaka bilan yondashish, turmush tarzini oʻzgartirishga qaratilgan davolash usuli ham muhim sanaladi. Shu maʼnoda, isteʼmol qilayotgan dorimizning qanchalik samarali va xavfsiz ekanligini nazorat qilish, umuman, dorilarga ruju qoʻymaslik, isteʼmol qilishdan avval ularning sifatini oʻrganishni ham taqozo etadi.

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʻra, bir yilda dunyoda antibiotik notoʻgʻri isteʼmol qilingani tufayli 700 ming odam hayotdan koʻz yumadi. Bu juda katta raqam. Oʻzbekistonda bunday statistika hozircha yuritilmaydi. Lekin, aytish mumkinki, biz ham bundan mustasno emasmiz. Shu bois, dorixonadan betartib, retseptsiz dori berilishi insonga ziyon keltirishi mumkin.

    Prezidentimiz raisligida oʻtgan yil 6-noyabr kuni sogʻliqni saqlash tizimining birlamchi boʻgʻinini takomillashtirish hamda aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida aholining salomatlik holati baholanib, elektron bazasi yaratilishi borasida vazifalar belgilab berildi. Jumladan, davlatimiz rahbari “Bundan buyon, bepul tibbiy yordam uchun yoʻllanmani hamda bepul tarqatiladigan dorilarga retseptni ham oilaviy shifokor beradi”, deb taʼkidladi. Bu, oʻz navbatida, tibbiyot sohasining birlamchi tizimini isloh qilish, tibbiy xizmatlar koʻlami va sifatini oshirish bilan birga farmatsevtika tarmogʻini yana-da rivojlantirishga qaratilgan katta eʼtibordir.

    Rivojlangan mamlakatlarda tibbiy sugʻurta tizimi juda yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Ayni paytda yurtimizda Sirdaryo viloyatida bu yangilik pilot loyiha sifatida amaliyotga tatbiq etilmoqda. Bemor birlamchi tizimga murojaat qilganda shifokor maxsus kod bilan elektron retsept yozadi. Bemor haqidagi barcha maʼlumotlar uning elektron tibbiyot daftarida qayd etilgan boʻladi. Tibbiy daftarda, tabiiyki, bemor oldin qanday kasallikka chalingani, qanday dorilar qabul qilgani — hammasi yozilgan boʻladi. Shifokor tashxis qoʻygach, bemor yashash joyiga yaqin dorixonaga biriktiriladi. Unga tavsiya etilgan dori nomi oʻsha dorixonaning elektron roʻyxatiga yuboriladi. Dorixona esa zudlik bilan shu dorini olib keladi.

    — Germaniya tajribasini oʻrganganimizda, aholi dori qidirib yurmasligiga guvoh boʻldik, — deydi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori oʻrinbosari Alisher Temirov. — Dorixonaga murojaat qilinadigan boʻlsa, apteka xodimi retseptni koʻrib, “Mana, ikkita doringiz bor ekan, qolganini tushdan keyin olishingiz mumkin”, deydi. Shundan soʻng mijoz dori izlab hech qayerga bormaydi. Dorixonalar bir kunda toʻrt yoki besh marta ulgurji korxonalarga buyurtma beradi. Ertalab boʻlmagan dori qisqa vaqtda keltiriladi. Hududlardagi kam sonli dorixonalar oʻz aholisiga sifatli va tez xizmat koʻrsatadi. Retsept asosida mijozlar ehtiyojini taʼminlash tizimi juda yaxshi va tez ishlaydi. Bizda esa baʼzan birgina dori uchun koʻplab dorixonaga kirib chiqamiz. Germaniya tajribasida tizim ham, davlat ham bir-biriga ishonadi. Bu yerda sugʻurta tizimining afzalligini koʻrish mumkin.

    Mutaxassislar fikricha, koʻp dori ichilgandan keyin 30 foiz holatda nojoʻya taʼsir paydo boʻladi. Nojoʻya taʼsirni tuzatish uchun yana dori ichish kerak. Bu ham sotuvchiga pul keltiruvchi va inson sogʻligʻini yomonlashtiruvchi zanjir boʻladi. Chet elda retsept bilan beriladigan dori-darmonni hech kim retseptsiz ololmaydi. Dorixona qattiq nazorat qilinadi. Shifokor ishiga masʼuliyat bilan yondashadi. Bizda ham mana shunday tizim yaratilishi boʻyicha ish olib borilmoqda.

    AHOLINING MAHALLIY DORILARGA ISHONCHI NEGA PAST?

    — Buning sabablari koʻp, — deydi agentlik axborot-tahlil boshqarmasi boshligʻi. — Oʻzbekistonda farmatsevtika hali yosh, endi rivojlanayotgan soha. Yurtimizda ishlab chiqarilayotgan dori mahsulotlari, asosan, generik, yaʼni qayta ishlab chiqilgan dorilar. Masalaning iqtisodiy jihati ham bor. Ishlab chiqaruvchilar, deylik, Xitoy yoki Hindistondan substansiya — taʼsir qiluvchi moddalar olib keladi, substansiya turli holat va narxda boʻladi. Barcha farmatsevtik talablarga mos kelgani holda sifat jihatidan oʻta tozalangan, tozalangan va kamroq tozalangan turga boʻlinadi. Undan dori tayyorlashda foydalaniladi. Kimyoviy tahlillar boʻyicha u barcha talablarga javob beradi, tarkibida haqiqatan ham taʼsir qiluvchi modda bor. Lekin odam organizmiga kirganidan keyin baʼzisining samaradorligi pastroq boʻladi. Bu — dastlabki sabab. Keyingi sabab esa reklama bilan bogʻliq. Butun dunyoda, jumladan, mamlakatimizda ham dori-darmon savdosi koʻp jihatdan reklamaga bogʻliq. Reklama qancha koʻp qilinsa, dori isteʼmoli shuncha koʻp boʻladi. Rasmiy reklama bilan birga norasmiy, samaradorligi pastroq dori vositalarini targʻib qilish holatlari ham kuzatiladi.

    Ammo bu mahalliy dorilarning barchasi samarasiz, degani emas. Yurtimizda sifat nazorati qatʼiy olib boriladi. Yangi dorini roʻyxatga olish jarayonida juda koʻp hujjat talab qilinadi. Uning sifati, dori ishlab chiqarishda qoʻllanayotgan xomashyo, ishlab chiqarish texnologiyasi, klinik tekshiruvlar qanday oʻtgani va natijasi, qaysi turdosh dorilardan afzalligi kabilar oʻrganilib, ijobiy baho olsa, tibbiyotda foydalanishga ruxsat etiladi.

    Ayni paytda yurtimizda ishlab chiqarilayotgan dori-darmon nafaqat ichki ehtiyojni qondirmoqda, balki eksport ham qilinyapti. Oʻtgan yili 50 million dollarlik mahsulot eksport qilingan boʻlsa, joriy yilda eksport hajmi koʻproq boʻlishi kutilmoqda. Eksport qilinadigan mamlakatlar soni yigirmataga yetdi. Bu ham mahalliy ishlab chiqaruvchilar tayyorlayotgan dorilarning samaradorligidan dalolat beradi.

    — Ayni paytda butun dunyoda dori sifatiga eʼtibor kuchaytirilgan. Biz ham shunday talablarni joriy qilyapmiz, — deydi Alisher Temirov. — Bu talab qatʼiyligi oxir-oqibat mahsulotlarimizning sifati va eksport salohiyati oshishiga sabab boʻladi.

    Misol uchun, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan bitta dorini Qozogʻistonda roʻyxatdan oʻtkazish uchun u yerdan inspeksiya vakillari kelib korxonadagi shart-sharoit, sifat menejmenti tizimi qanday yoʻlga qoʻyilganini koʻzdan kechiradi. Bu bilan chet davlatdan kelgan mutaxassislar nafaqat bir korxonaga baho beradi, balki mamlakatimizda joriy qilingan sifat tizimi haqida ham xulosa chiqaradi.

    — Hozircha dorining nojoʻya taʼsiri monitoringi yuritilmayapti, — deydi Muhabbat Ibrohimova. — Eʼtibor bergan boʻlsangiz, chet el dorisidagi yoʻriqnoma 4-5 varaqdan iborat. MDH davlatlari va bizda ishlab chiqarilgan dorilarda esa kamroq. Agar yoʻriqnomada dorining nojoʻya taʼsiri haqida koʻproq maʼlumot yozilgan boʻlsa, isteʼmolchida qoʻrquv paydo boʻladi. Yevropada esa rivojlangan farmatsevtik firmalar tomonidan dori qancha koʻp oʻrganilgan, barcha maʼlumotlar batafsil yozilganiga qarab unga ishonch koʻproq boʻladi. Agar dorining nojoʻya taʼsiri sezilsa, shifokor, isteʼmolchi va dorixona vakili sogʻliqni saqlash tizimiga yozma ravishda xabar beradi. Tizimning alohida vakolatga ega tuzilmasi bu dorini qoʻllashni davom ettirish yoki umuman toʻxtatish haqida qaror qabul qiladi.

    Yevropa mamlakatlari sogʻliqni saqlash vazirliklariga bir yilda taxminan 25-30 ming marta shunday xabar kelib tushar ekan. Dorining samarasizligi haqidagi xabarni kim yozganiga eʼtibor berilmaydi. Dorining nomi va ishlab chiqaruvchiga eʼtibor qaratiladi va bu katta ogohlantirish, deb qabul qilinadi. Samarasiz dorini qoʻllash toʻxtatiladi. Bu ham bir mexanizm. Tasavvur qiling, Yevropa farmatsevtika bozori — sifatli dorilar aylanadigan ishonchli bozor. Shunda ham aholi dorining xususiyatlariga befarq emas. Bizning bozorimizda ham sifatli, samarador va bezarar dori aylanishi uchun jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kerak.

    Odatda farmatsevtikada asl dori patenti muddati 20-25 yil. Shu davrda hech qaysi boshqa tashkilot shu nom, shu texnologiya va shu tarkib bilan dori chiqarishga haqli emas. Patent muddati tugaganidan soʻng asl preparatning egasi oʻz ishini davom ettirib, bu dori tarkibiga nimadir yangilik kiritadi va u yana keyingi yigirma yilga patent olishi mumkin. Yoki farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida litsenziyasi va dori ishlab chiqarishga xohishi boʻlgan korxonaga bu dorini qayta ishlab chiqarishga ruxsat beradi. Bu generik ishlab chiqarish boʻladi. Oʻzbekistonda 95 foizdan ortiq aylanayotgan dorilar generikdir. Chunki qayta ishlangan dorining narxi arzon. Nima uchun arzon? Asl dori yaratishga juda katta xarajat ketadi. Bu mablagʻ yangi dorining narxiga qoʻshiladi. Generik 20 yildan keyin odamlar oʻrgangan dori boʻladi va narxi tabiiy past boʻladi. Shu sabab generiklar koʻproq isteʼmol qilinadi. Isteʼmol qilinishi ham farmatsevtika bozorida har xil. Masalan, AQSH va Yaponiyada 95 foizdan ortiq asl preparatlar aylanadi. MDH davlatlarida esa koʻproq generik dorilar ustuvor.

    Aholining tibbiy madaniyati, yaʼni bu sohadagi xabardorligi, bilimi dori-darmonlardan foydalanish, salomatligini tiklashda katta ahamiyatga ega. Xastalikka chalinganda yoki yaqin kishisiga tibbiyot vositalarini oʻz bilganicha emas, bevosita mutaxassis koʻrigi va tashxisidan soʻng, rasmiy retseptlar orqali dorixonalardan xarid qilish ana shu jarayonning oqilona yoʻli. Xulosa qilib aytganda, farmatsevtika sanoati, dorixonalar va aholi oʻrtasidagi ishonch, oʻzaro tushunish eng katta boylik deb taʼriflangan sogʻligʻimizni asrash va tiklashda katta samara berishi shubhasiz.

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Risolat MADIYEVA tayyorladi.