Shu nuqtayi nazardan ham yaqinda davlatimiz rahbarining Koʻksaroy qarorgohida yoshlar bilan oʻtkazgan ochiq va samimiy muloqotida bayon etilgan teran falsafiy mushohadalar, rejalar qamrovidan xalqimizning shijoat bilan buyuk kelajak sari intilayotgani, bunda yoshlarning hissasi sezilarli darajada oʻsib borayotganidan mamnuniyat hissi sezilib turdi.
Davlatimiz rahbari yigʻilganlarga yuzlanar ekan, mamlakatimizdagi 22 milliondan ortiq yosh shunchaki demografik koʻrsatkich emas, balki gʻoyat ulkan iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuch ekanini taʼkidladi. Bu haqiqat barcha darajadagi rahbarlar zimmasiga yangi avlodni xorijiy tillar va zamonaviy kasb-hunarlarga oʻrgatish, ommaviy sportga jalb etish, shuningdek, har bir gʻoya, loyiha hamda startapni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan masʼuliyat yuklaydi. Bitta ham yigit-qizning eʼtibordan chetda qolmasligi shartligi haqidagi qatʼiy talab davlat siyosatining oliy insonparvarlik mezonidir.
Yillar davomida izchil amalga oshirilayotgan islohotlar hamda yoshlar kamoloti yoʻlidagi beqiyos imkoniyatlar bugun oʻzining aniq mevalarini bermoqda. Oʻgʻil-qizlarimizning jahon fan olimpiadalarida 66 oltin, 147 kumush va 221 bronza medalni qoʻlga kiritgani milliy tafakkurimizning naqadar yorqin ekanidan dalolat. Garvard, Yel, Prinston, Kolumbiya va Kornell kabi dunyoning eng nufuzli oliygohlarida tahsil olayotgan talabalarimiz soni 500 nafardan, kuchli yuztalikka kiruvchi universitetlarda oʻqiyotgan yoshlarimiz esa 3500 dan oshgani xalqimizning intellektual salohiyati global miqyosda eʼtirof etilayotganini anglatadi. Faqat taʼlimda emas, balki iqtisodiyotda ham yoshlarimizning 63 startap loyihasi AQSH, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlarning yirik hamda raqobatbardosh bozorlariga kirib borgani eʼtiborga molik. Xalqaro sport arenalarida qoʻlga kiritilgan minglab medallar yoshlarimizning jismoniy irodasi va yengilmas ruhini ifoda etadi. Bugun mamlakatimizdagi biznes vakillarining 35 foizini aynan yosh tadbirkorlar tashkil etayotgani esa jamiyatimizdagi iqtisodiy faollikning asosiy harakatlantiruvchi kuchi yoshlar ekanidan dalolat.
Shu nuqtayi nazardan Oʻzbekiston Yoshlar taraqqiyoti global indeksida eng yuqori surʼatda rivojlanayotgan davlat sifatida eʼtirof etilgani bejiz emas. Joriy yilda poytaxtimizda Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati bosh qarorgohi taʼsis etilishi, koʻhna va navqiron Samarqand shahrida Yoshlar parlamenti aʼzolarining oʻn ikkinchi global konferensiyasi, “Take Off” xalqaro startap sammiti hamda 46-jahon shaxmat olimpiadasi oʻtkazilishi mamlakatimizning yoshlar siyosati sohasidagi xalqaro maqomini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muloqotda davlatimiz rahbari har yili 600 ming yosh mehnat bozoriga kirib kelayotgani, 2030-yilga borib, ushbu koʻrsatkich 1 millionga yetishini qayd etdi. Shuningdek, oʻsib kelayotgan avlodga oʻz imkoniyati va qiziqishiga mos ish topish uchun barcha zarur sharoitni yaratish iqtisodiy barqarorlikning eng muhim omili ekanini koʻrsatib oʻtdi.
Ijtimoiy soʻrovnomalar natijalariga murojaat qilsak, yoshlarning uchdan bir qismi oʻz kelajagini tadbirkorlikda koʻrishi maʼlum boʻladi. Mazkur intilishni roʻyobga chiqarish maqsadida oʻtgan yili banklar va Yoshlar ishlari agentligiga 400 million dollar miqdorida mablagʻ yoʻnaltirildi. “Yoshlar biznesi” hamda “Kelajakka qadam” dasturlari doirasida 15 ming yigit-qiz oʻz biznesini yoʻlga qoʻyib, 50 ming aholini ish bilan taʼminlagani esa ulkan iqtisodiy saʼy-harakatdir.
Ayni shijoatli tadbirlarni izchil davom ettirish maqsadida yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash uchun qoʻshimcha 200 million dollar ajratilishi haqidagi fikr jamoatchilikda chinakam rezonans uygʻotdi. Mazkur moliyaviy yordam tufayli oʻzini oʻzi band qilgan yoshlar uchun kredit miqdori 100 million soʻmdan 300 million soʻmgacha oshiriladi. Yosh tadbirkorlarning istiqbolli loyihalari uchun 10 milliard soʻmgacha kredit ajratish imkoniyati yaratilishi hamda innovatsion startap loyihalariga 100 ming dollargacha investitsiya kiritishga ruxsat berilishi yangi iqtisodiy davrning debochasidir. Servis va umumiy ovqatlanish sohasida mingdan ziyod ish oʻrni ochgan mahalliy brendlardan franshiza olib, oʻz filialini ochish niyatida boʻlgan yoshlar uchun qulay moliyalashtirish paketlari joriy etiladi. Bu esa tijorat infratuzilmasini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi.
Inson kapitalini rivojlantirish ijtimoiy inklyuzivlik tamoyillarisiz toʻlaqonli ahamiyat kasb etmaydi. Ijtimoiy tashabbuslar doirasida “Fikringni ber (Voice Up)” inklyuziv oromgohi tajribasi sinovdan muvaffaqiyatli oʻtdi. Shu bois, uni mamlakatimizning har bir hududida oʻtkazish va 1000 yoshni qamrab olish belgilandi. Eng sara tashabbuslar asosida Samarqand shahrida Xalqaro inklyuziv yoshlar oromgohini tashkil etish vazifasi xalqimizga xos mehr-oqibat va bagʻrikenglikning xalqaro darajadagi ifodasi boʻldi. “Oʻsish va rivojlanish (Upshift)” loyihasi orqali joriy yilda media, dizayn, hunarmandchilik, ishlab chiqarish va innovatsiya yoʻnalishlarida tanlovlar uyushtiriladi. Eng yaxshi 40 ta startapni moliyalashtirish uchun 2 milliard soʻm ajratilishi esa ijodkor yoshlarni ruhlantirdi. Shuningdek, hududlardagi texnikumlarda taʼlim dasturlarini bevosita ish beruvchilarning real talablari asosida tubdan yangilash, dual taʼlim qamrovini kengaytirish, muassasalarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash vazifalari belgilandi. Eʼtiborli jihati shundaki, endi texnikumlarga ham oliy taʼlim muassasalari kabi “spin-off” korxonalarini ochishga ruxsat beriladi va oʻquvchilarning innovatsion startap loyihalariga 1 milliard soʻmgacha sarmoya kiritiladi. Joriy yildan boshlab texnikum oʻquvchilari uchun ham “Ishla va sayohat qil (Work and travel)” dasturi doirasida 6 oy davomida xorijiy davlatlarda ishlash va qoʻshimcha daromad topish imkoniyati yaratiladi. Yoʻl xarajati uchun davlat tomonidan maxsus ssudalar ajratilishi yoshlarning dunyoqarashini xalqaro andozalar darajasiga koʻtaradi.
Zamonaviy bilimlarni egallashda xorijiy tillarni bilish eng asosiy kalitdir. Til sertifikatiga ega yigit-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha joriy qilingan mexanizmlar oʻzining yuksak samarasini bergani quvonarli. Bugun sertifikat olgan yoshlar soni 600 mingdan oshgani hamda xorijiy tillarni mukammal biladigan 72 ming yuqori malakali instruktor qatlami shakllangani jamiyatimiz intellektual qiyofasining oʻzgarayotganini koʻrsatadi. Xususiy oʻquv markazlari soni uch barobar koʻpayib, 38 mingdan ortgani taʼlim sohasida sogʻlom raqobat muhiti shakllangani dalolatidir. Xususiy oʻquv markazlari uyushmasini tashkil etish tashabbusi davlatimiz rahbari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Uyushma aʼzosi boʻlgan markazlarga oʻz binosini ijaraga bergan tadbirkorlar ijaradan olinadigan daromad hamda foyda soligʻini toʻlashdan butunlay ozod etilishi misli koʻrilmagan imtiyoz. “Koʻmak” dasturi orqali olis va chekka hududlarda xorijiy til oʻquv markazlari faoliyatini kengaytirish maqsadida 300 million soʻmgacha foizsiz ssuda taqdim etilishi koʻzda tutilgan.
Olis hududlardagi oʻquv markazlari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanishi, oʻqituvchilarning daromad soligʻi esa 12 foizdan 7,5 foizgacha tushirilishi taʼlim ado lati tamoyilini qaror toptirishga xizmat qiladi. Joylarda ehtiyojmand oilalardagi yoshlarni bepul oʻqitishni oʻz zimmasiga olgan oʻquv markazlariga qoʻshimcha imtiyozlar berilib, yer va mol-mulk soligʻidan ozod qilinadi. Shuningdek, ularning kommunal xarajatining teng yarmi davlat tomonidan qoplab berilishi xalqparvarlik siyosatining yaqqol nishonasidir.
Jamiyatda daxldorlik hissini shakllantirishda koʻngillilar, yaʼni volontyorlik harakatining oʻrni beqiyos. Yurtimizda mazkur yoʻnalishning huquqiy asoslari yaratilgani tufayli volontyor yoshlar safi 5 barobar kengaydi. Ekologiya, tibbiy xizmat, taʼlim hamda favqulodda vaziyatlarda koʻmaklashish boʻyicha koʻngillilar soni 100 mingdan ortgani xalqimiz maʼnaviyati naqadar yuksak ekanini koʻrsatadi. Volontyorlik harakatini rivojlantirish boʻyicha maxsus vasiylik kengashini tuzish hamda Yoshlar ishlari agentligi huzurida “Volontyorlikni qoʻllab-quvvatlash” jamgʻarmasini tashkil etish strategik reja sifatida belgilandi. Mazkur jamgʻarmaga har yili respublika byudjetidan 20 milliard soʻm, mahalliy byudjetlardan esa qoʻshimcha 3 milliard soʻmdan mablagʻ yoʻnaltirilishi jamiyatni ezgulik atrofida birlashtirishga xizmat qiladi. Koʻngillilar loyihalariga 100 million soʻmgacha davlat granti berilishi hamda maxsus ijtimoiy faollik kartasi orqali ragʻbatlantirish tizimi joriy etilishi yoshlarning ijtimoiy masʼuliyatini yanada oshiradi. Uchrashuvda faqat taʼlim yoki iqtisodiy masalalar emas, balki yosh oilalarni ijtimoiy muhofaza qilish, aholi oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini ommalashtirish kabi oʻta dolzarb masalalar ham chuqur tahlil qilindi. Xususan, yosh oilalar uchun uy-joy ipoteka dasturi doirasida kredit stavkasining 14 foizdan oshgan qismi toʻgʻridan toʻgʻri byudjet mablagʻlari hisobidan qoplab berilishi yoshlarning eng yirik ijtimoiy muammolaridan biriga yechim boʻladi.
Millat maʼnaviyatini yuksaltirish maqsadida “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish” jamgʻarmasi faoliyati orqali eng isteʼdodli yozuvchilarga ijodiy buyurtmalar berilishi hamda ularga 1 yil davomida har oyda 20 million soʻmdan qalam haqi toʻlanishi adabiyot ahliga koʻrsatilgan yuksak ehtiromdir. Jahon adabiyotining eng sara asarlarini oʻzbek tiliga, shuningdek, milliy adabiyotimiz durdonalarini xorijiy tillarga tarjima qilish va chop etish bilan bogʻliq xarajatlarning yarmi davlat tomonidan qoplab berilishi adabiyotimizning jahon sahniga chiqishiga keng yoʻl ochadi. Yangi oʻquv yili boshlangunga qadar yoshlarimiz mutolaa qilishi zarur boʻlgan eng yaxshi 100 asardan iborat toʻplamlarni tayyorlab, respublikadagi barcha maktab va texnikumlarga bepul yetkazib berish, shuningdek, eng faol kitobxon oʻquvchilarni 10 million soʻmdan pul mukofoti bilan ragʻbatlantirish kelajak avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, yirik kutubxonalar, zamonaviy “book cafe”lar hamda kitob doʻkonlarini ochib, oyiga 10 ming donadan ortiq kitob sotgan tadbirkorlarga 3 yil muddatga 1 milliard soʻmgacha 7 foizli ssuda taqdim etish mexanizmi kitobxonlikni umummilliy harakatga aylantiradi. Insonparvarlikning eng oliy darajada namoyon boʻlishi sifatida jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan yoshlarning jamiyatga tezroq moslashishini taʼminlash uchun “Ikkinchi imkon” maxsus ijtimoiy loyihasi ishga tushirilishi maʼlum qilindi. Adashgan yoshlarni 8-12 oylik intensiv oʻquv kurslari orqali dasturlash, veb-dizayn, kompyuter muhandisligi kabi zamonaviy kasblarga hamda xorijiy tillarga oʻqitib, daromadli ish bilan taʼminlash jamiyatda hech bir inson mehr va eʼtibordan chetda qolmasligini kafolatlaydi.
Prezidentimizning yoshlar bilan oʻtkazgan ushbu muloqoti yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi harakatlarimizning mohiyati inson qadri va yorugʻ kelajagini taʼminlashga qaratilganini yana bir bor isbotlaydi. Kiritilayotgan ulkan sarmoyalar, berilayotgan tengsiz imtiyozlar va ilgari surilayotgan gʻoyalar Uchinchi Renessans poydevorini qurishga qodir boʻlgan, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilimlarni mukammal egallagan hamda milliy qadriyatlarga sodiq avlodni tarbiyalashdek muqaddas maqsadga xizmat qiladi. Farovon kelajakka qaratilgan ushbu ulugʻvor qadamlar har bir fuqaroni roʻy berayotgan tarixiy oʻzgarishlarga daxldorlik hissi bilan yashashga undaydi.
Shuhrat SIROJIDDINOV,
akademik