Haqiqatda umra ibodatiga borib kelayotgan ayrim ziyoratchilar va ularning yaqinlari bilgan yoki bilmagan holda riyokorlikka yoʻl qoʻyishi kuzatilmoqda. Baʼzi hollarda umra safaridan kelganlarni dabdaba-yu asʼasa ila kutib olish, koʻcha boshidan payondozlar solish holati koʻpaymoqda.

Bu kabilar dinimizga mutlaqo zid boʻlib, unday ishlarni qilayotganlar oʻta johil va nodon kishilardir. Ehtimol, bu ishlari bilan ular oʻzlarining Allohning baytiga boʻlgan ehtiromlarini yoki uni tavof qilib kelgan kishiga nisbatan hurmatlarini ifodalamoqchidirlar. Lekin, ibodatga hurmat-ehtirom bu tarzda namoyon qilinmaydi. Aksincha, bu riyokorlik va ogʻir gunoh.

Aslida, dinimizda ibodatni odamlarning koʻzidan yashirishga, koʻz-koʻz qilmaslikka buyuriladi. Riyokorlik – odamlar koʻrishi uchun bir ishni qilish. Chunki undan Allohning roziligi emas, balki bandalarning koʻrishi nazarda tutilgan boʻladi.

Musulmon kishi har bir ishni qilishda Alloh taoloning roziligini qasd qilishi lozim. Agarda kishi bir amalga “odamlar meni koʻrib qoʻysin”, degan qasd bilan kirishsa, shu amali bekorga ketib, ustiga-ustak gunohkor ham boʻladi.

Imom Shamsuddin Zahabiy “Al-Kaboir” nomli kitobida: “Riyokorlar Qiyomat kunida toʻrtta nom bilan chaqiriladi: “Ey riyokor!”, “Ey xiyonatkor!”, “Ey fojir!”, “Ey ziyonkor!”. Kim uchun amal qilgan boʻlsang, oʻshandan ajr-mukofotingni ol. Bizning huzurimizda sen uchun ajr yoʻq”, deyiladi”, deb bayon etilgan.

Shunday ekan, dabdabali marosimlar uchun qiladigan sarf-xarajatlarni tejab, yon-atrofimizdagi muhtoj kishilarga bersak, farzandlarimizning talim olishi yoʻlida sarflasak, ibodat qabul boʻlishi uchun bir vasila boʻlar edi, insha Alloh.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi