Koʻnyoga borganimizda esa Mavlono Ja­loliddin Rumiy maqbarasini ziyorat qil­ganimizdan soʻng Rumiy muzeyiga bordik. Toʻgʻrisi, Mavlono Rumiy davriga tushib qolgandim. Yana oʻsha savol: “Nahotki, oʻzimizda shu kabi muzey qurish mumkin emas?”.

2023-yilda Saudiya Arabistonidagi Hira Cultural District (Hira madaniy maskani)ga sayyohat qildik. Maskan tarix, madaniyat va tafakkurni oʻzi­da aks ettirgan. Madaniy maskanda Qurʼon muzeyi, shuningdek, mada­niy koʻrgazmalar, shinam qahvaxona­lar bor boʻlib, hammasi uygʻunlash­gan holda barpo etilgan. Yana oʻsha gap: “Bu kabi maskan Oʻzbekistonda ham qurilsa, biz ham tariximizni, madaniyatimizni yanada qadrlagan boʻ­lardik” degan oʻyga bordik.

Kuni kecha Milliy teleradio­kompaniyasining bir guruh xodimlari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida boʻldi. Maskanga tashrif buyuruv­chilarning koʻpligi kishini xursand qiladi. Ayniqsa, xorijliklar, jumladan, qoʻshni mamlakatlardan kelgan sayyohlar koʻpligini koʻrib, qalbimizda gʻurur uygʻondi. Aslida, har bir oʻzbekistonlik kelib koʻrishi shart boʻlgan maskan boʻlibdi. Maqolamiz boshida taʼkidlangan xorijdagi tarixiy oshiyonlar­dan aslo kam boʻlmagan, hatto ulardan ustun bu markaz xalqimizning faxriga aylangani hammamizga muborak boʻlsin.

Markazning asosiy maqsadlaridan biri xalqimizning uch ming yillik tarixi, bunyodkorlik salohiyati, jahon tamadduniga qoʻshgan hissasi, buyuk ajdodlarimizning madaniy-maʼrifiy merosini oʻrganish va ommalashtirish, yosh avlodni buyuk ajdodlar merosi bilan yaqindan tanishtirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashdan iborat.

Xorijlik mutaxassislar eʼtirof etga­nidek, Hazrati Imom majmuasi hududidagi 10 gektar maydonda barpo etilgan markaz mahobati, maydoni va qamroviga koʻra dunyoda islom tarixi, madaniyati va sivilizatsiyala­rini oʻrganish va targʻib etishga qaratilgan eng katta kompleksdir. Bunga shaxsan oʻzim ham guvoh boʻldim. Uzunligi 161 metrni, eni esa 118 metrni tashkil etib, uch qavatdan ibo­rat. Markazidagi gumbaz balandligi 65 metr­ni tashkil etadi. Bino 1,8 gektar maydonda barpo etilib, foydalanish hududi 42 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Shuning oʻziyoq markazni Ginnesning rekordlar kitobiga kiritish uchun asos boʻladi.

Majmuani guruh tarkibida, gid ham­rohligida aylanib chiqish uchun ikki soat belgilangan. Agar yolgʻiz oʻzingiz yoki oila aʼzolaringiz bilan bormoqchi boʻlsangiz, vaqt cheklanmagan. Aslida, bu kabi maʼna­viyat maskanlariga yolgʻiz borib ruhiy oziq olishni tavsiya qilgan boʻlardim. Markaz­ni aylanar ekanman, 2009-yil 4-iyun kuni AQSHning oʻsha vaqtdagi Prezidenti Barak Obamaning Qohira universitetida soʻzlagan nutqi yodimga tushdi. Oʻshanda AQSH yetakchi­si “Tarixga qiziqqan inson sifatida men dunyo sivilizatsiyasi islom oldida qanchalik qarzdor ekanini ham bilaman. Aynan islom Al-Azhar kabi joylarda asrlar davomida ilm nurini taratib keldi va Yevropadagi tiklanish va maʼrifatga yoʻl ochdi. Musul­mon jamiyatlarining ilgʻorlik ruhi tufayli algebra tartib-qoidalari, magnitli kompas va navigatsiya uskunalari, yozuv mahorati va nashriyotga ega boʻl­dik, kasalliklar tarqalishi va ularni davolash yoʻllari haqi­da tushuncha hosil qildik. Islom tamadduni bizga ulugʻvor arkalar va baland minoralar, vaqt hukmiga boʻysunmaydigan sheʼriyat va jozibali musiqa, husni xattotlik va huzur-halovat ila tafakkur qilish imkonlarini berdi”.

Nutqqa eʼtibor bering! Axir AQSHning oʻsha vaqtdagi Prezidenti “algebra tartib- qoidalari” deganda Xorazmiyni, “magnitli kompas” deganda Abu Rayhon Beruniyni, “na­vigatsiya uskunalari” deganda Fargʻoniyni, “kasalliklar tarqalishi va ularni davolash yoʻllari” deganda Ar-Roziy va Ibn Sino kabi ulugʻ yurtdoshlarimizni nazarda tut­maganmikan? “Ulugʻvor arkalar va baland minoralar” (Samarqand, Buxoro, Xiva, Shah­risabz), “vaqt hukmiga boʻysunmaydigan sheʼ­riyat” (Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur) va “jozibali musiqa” (Forobiy) deyish bi­lan Barak Obama yurtimizni nazarda tutgan, deya toʻla ishonch bilan ayta olamiz.

Xalqimizning gʻururiga aylangan mar­kaz qurilishi Prezidentimizning doimiy eʼtiborida boʻldi. Uning binosi milliy meʼmorlik anʼanalarida loyihalashtiril­gan. Inshootga toʻrt tomondan toʻrt asosiy portal orqali kirish mumkin. Portallar va binoning tashqi (fasad) qismidagi ravoqlar Qurʼonning ilm, maʼrifat, bagʻrikenglik, ota-onaga hurmat mazmunidagi oyatlari va ha­dislar bilan bezatilgan. Markaz binosining asosiy darvozasi — Ulugʻbek portali muzeyga kirish eshigi hisoblanadi. Ushbu portal Sa­marqandning Registon maydonidagi Ulugʻbek madrasasi portali bezaklariga uygʻun holda loyihalashtirilgan. Bu portal ham bevosita Prezidentimiz tavsiyasi asosida yaratildi.

Markazni aylanar ekanman, Samarqandga oid turli davrlar aks etgan eksponatlarni koʻrib, beixtiyor AQSH diplomatlaridan biri Jon Kerrining gaplarini esladim. 2015-yil 3-noyabr kuni AQSHning oʻsha vaqtdagi davlat kotibi Jon Kerri Qozogʻiston poytaxti Osto­nada talabalar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda BMT aslida Samarqandda tashkil etilgani borasida bayonot bilan chiqqan edi.

“Men togʻlar va dashtlar osha odamlar uchrashgan, turli mintaqalarning mahsulot­lari va gʻoyalari toʻqnashgan joyni oʻz koʻzla­rim bilan koʻrdim. Men mana bu gʻoyat ajoyib hikoyani yana bir bor takrorlashni istardim. XV asr boshida Kastiliya qiroli Genrix III oʻz elchisi de Klavixoni Amir Temurning oldiga yuborgan. De Klavixoning uzoq sayo­hati Konstantinopol, Trapezund orqali, shundan soʻng Shimoliy Erondan oʻtib, Oʻrta Osiyoga, Samarqandga qadar davom etgan. Shu yerda u Amir Temur tomonidan qabul qilin­gan”, degan edi Kerri.

Yana u aytadiki, “De Klavixo oʻz kunda­liklarida Gʻarb uchun yangi, shu vaqtgacha no­maʼlum boʻlgan turmush tarzining qiziqarli manzarasini tasvirlagan. U madaniyatlar, sanʼat, savdo va gʻoyalar chorrahasiga taʼrif bergan. Samarqandda siz qimmatbaho ipak, sanoat mahsulotlari va tilla, moviy shisha va chinnini topishingiz mumkin edi. Bu shaharda bir vaqtning oʻzida turklar, arablar, musul­monlar, yahudiylar, yunonlar, armanlar, nas­roniylar, katoliklar va nestorianlar oʻzaro muloqot qilgan. Biz BMT bundan 70 yil avval Nyu-Yorkda tashkil etilgan deb hisoblay­miz. Yoʻq. Aslida, bu hodisa bundan yuz yillar avval Samarqandda yuz bergan”.

Majmua zalidagi “Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari” ekspozitsiyasida “Vaqt de­vori”ga koʻzimiz tushadi. 250 metrni tashkil qiladigan bu devorda xalqimizning kamida 3000-yillik davlatchiligi tarixi barelyef, miniatyura va mahobatli rangtasvir asarla­ri koʻrinishida aks ettiriladi. Shuningdek, ushbu devor boʻylab turli davrlarga oid ekspo­natlar, numizmatika namunalari, xaritalar, videoroliklar, interaktiv oʻyinlar joylash­tirilgan. “Vaqt devori”da qadimgi madaniyat ildizlari, Baqtriya, Xorazm, Soʻgʻd, Choch va Fargʻona, qadimgi savdo yoʻllari aks etgan ba­relyef suratlarni koʻrishimiz mumkin.

Markazning eng asosiy qismida Qurʼoni karim zali bunyod etilgan. Bu yerda musulmon dunyosining maʼnaviy durdonasi, VII asr­da qoʻlda koʻchirilgan Usmon Musʼhafi joy­lashtirilgan. Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, bu Qurʼon XIV asr oxirida Amir Temur tomonidan Samarqandga olib kelingan. Ushbu Qurʼon Samarqandda besh asr davomi­da saqlangan. 1868-yilda rus harbiylari to­monidan Sankt-Peterburgga olib ketilgan. 1923-yilda Turkiston musulmonlari ilti­mosiga koʻra, Musʼhaf Toshkentga qaytaril­gan. 1989-yildan 2025-yilga qadar u Oʻzbekis­ton musulmonlari idorasida, Moʻyi muborak madrasasida saqlangan. Prezidentimiz ta­shabbusi bilan ushbu noyob Musʼhaf 2025-yil 13-noyabr kuni Islom sivilizatsiyasi marka­zining Qurʼon zaliga koʻchirildi.

“Yangi Oʻzbekiston — Yangi Renessans” ekspozitsiyasida mamlakatimizda soʻnggi toʻq­qiz yildagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy- huquqiy va maʼnaviy-maʼrifiy jarayonlar, Oʻzbekistondagi demokratik islohotlar, eri­shilgan yutuqlar, davlatimizning tashqi va ichki siyosati ustuvor yoʻnalishlari, jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarida amal­ga oshirilgan keng koʻlamli ishlar aks etgan. Zalga kirish joyida yangi Oʻzbekistondagi oʻzgarishlar haqidagi rolik namoyish qili­nadi. Oʻzbekiston davlatchiligi ustunlari qismida Qadimgi Xorazm, Soʻgʻd, Baqtriya, Turk xoqonligi, Birinchi va Ikkinchi Renes­sans davrlarida davlatchiligimiz uchun asos boʻlib xizmat qilgan tamoyillar va yozma man­balar oʻrin olgan.

“Davlat, jamiyat, inson” installyatsiyasida yangi Oʻzbekistonning uch muhim jihati turli vositalar yordamida aks ettirilgan. Shuning­dek, ekspozitsiya “Iqtisodiyot — yangi Oʻzbe­kiston drayveri”, “Oʻzbekistonning ulkan gʻalabalari, yoshlar va sport”, “Xavfsizlik va tashqi siyosat”, “Taʼlim, raqamlashtirish va innovatsiya”, “Madaniyat va maʼrifat sohasi­dagi islohotlar”, “Yangi Oʻzbekistonda eko­logiya va atrof-muhit muhofazasi, turizm”, “Yangi fuqarolik jamiyati va mahalla”, “Yangi Oʻzbekistonda meʼmorchilik va ijtimoiy bunyodkorlik” kabi qismlarga ajratilgan.

“Tashqi siyosat” boʻlimida Oʻzbekiston Prezidentining xorijiy safarlari, turli davlat rahbarlari bilan uchrashuvlari haqida videomateriallar va interaktiv maʼlumot­lar joylashtirilgan. Bu yerda Prezidentimiz tashabbusi bilan chop etilgan va davlat rah­barlariga tuhfa qilingan adabiyotlar bilan ham tanishish mumkin. Bu ham, oʻz navbatida, kitobga, kitobxonlikni ragʻbatlantirishga qa­ratilayotgan eʼtiborni koʻrsatadi.

Gruziyaga safar qilganimizda Signagi degan shaharchaga olib borishgan edi. Shahar­ni koʻrib, “Qoyil, qanday qilib tarixiy­likni saqlab qoldingiz?” deb soʻraganimiz­da, shahar 2007-yilda renovatsiya (lotincha renovatio — “yangilanish”) qilinganini ay­tishgan edi. Nima uchun Signagini esladim?

Gap shundaki, Oʻzbekistondagi Islom si­vilizatsiyasi markazidan chiqib, avtobusga oʻtirib, uyga ketishga shoshilish kerak emas. Qadimgi Toshkent bilan tanishish uchun Chorsu bozoriga piyoda yurib kelishni tavsiya qilgan boʻlardim. Juda ajoyib. Eski shahar koʻngil­dagidek renovatsiya qilinibdi. Asl koʻrinishi saqlab qolingan holda eski uylar rekonstruk­siya, restavratsiya qilinib, sayyohlarning se­vimli maskanlaridan biriga aylanibdi.

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidan “Faxr etarman, ona xalqim, koʻk­ragimni togʻ qilib” chiqdim.

Oʻzbegim deb keng jahonga ne uchun madh etmayin!

Oʻzligim bilmoqqa davrim berdi imkon, oʻzbegim.

Men buyuk yurt oʻgʻlidurman, men bashar farzandiman,

Lekin avval senga boʻlsam sodiq oʻgʻlon, oʻzbegim.

Sharofiddin TOʻLAGANOV,

jurnalist