Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida yashovchi, 2-guruh nogironligi boʻlgan shaxs, 1963-y.t., fuqaro Q.Sh. ariza bilan murojaat qiladi. Arizada nomaʼlum shaxs uning bank kartasida boʻlgan 5.040.000 soʻmni yechib olganini bildirgan.
Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida fuqaro Q.Sh.ning bank kartasidan pullarni yechib olgan shaxs Dehqonobod tumanida yashovchi, oilaviy shifokorlik punkti feldsheri 1993-y.t., V.E. ekani aniqlangan.
U mazkur jinoyatni fuqaro Q.Sh. oilaviy shifokorlik punktiga shifokor koʻrigiga kelgan vaqtda, uning mobil telefonidan bank kartasi maʼlumotlarini va SMS-kodni qoʻlga kiritib, “CLICK Evolution” mobil ilovasi orqali pullarni oʻzlashtirgan.
V.E.ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 169-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.