Mazkur biznes loyiha Savdo-sanoat palatasi va BMT Taraqqiyot Dasturi hamda Rossiya Federatsiyasining moliyaviy koʻmagida amalga oshirilayotgan “Fargʻona vodiysida fermerlarni iqlim oʻzgarishi xatarlariga moslashishi va barqarorligini oshirish” hamkorlik loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Meva va sabzavotlarni eksportga tayyorlash va joʻnatish jarayonlarida sovuqxonalar muhim rol oʻynaydi. Bizning iqlim sharoitimizda yetishtirilayotgan meva sabzavotlarning asosiy qismi tez buziladigan boʻlib, ularni yakuniy isteʼmolchiga minimal nobud boʻlish holatda etkazib berish koʻp jihatdan sovuqxonada saqlash xususiyatlariga bogʻliqdir: yigʻim terim, oldindan sovitish, tezkor muzlatish haroratlari, boshqa meva-sabzavotlar bilan saqlash holatlari va boshqalar.
Mazkur loyihaning dolzarbligi shundan iboratki, “Neʼmatjon Ikromjon Dilnoza” fermer xoʻjaligi 10 yildan koʻproq vaqt mobaynida olma va gilos yetishtirish bilan shugʻullanadi va yetishtirgan hosilini nisbatan arzon narxda vositachilar orqali Rossiyaga sotadi. Hosilni keyinroq maʼqulroq narxlarda sotish uchun unda imkoniyati yoʻq. Eng yaqin sovuqxonasi mavjud punkt fermer xoʻjaligidan 25 kilometr, qayta ishlash korxonasi esa 30 kilometr uzoqlikda joylashgan.
“Loyihamiz istiqbolli, — deydi fermer xoʻjaligi rahbari Neʼmatjon Boltaboyev. — Meva va sabzavotlarni uzoq muddat saqlay olish fermer xoʻjaligi uchun iqtisodiy jihatdan juda foydalidir, bundan tashqari, saqlash maydoni katta boʻlganligi bois, kelajakda oʻzimizning hosildan tashqari boshqa bogʻbonlarning ham hosilini saqlab berish boʻyicha xizmat koʻrsatishimiz mumkin. Misol uchun, qurilish bosqichining oʻzidayoq 15 nafarga yaqin odam kelajakda hosilini saqlashga qoʻyishimiz talabi bilan murojaat qildi”.
Quvvati 400 tonna boʻlgan yangi infratuzilma inshootining yaratilishi fermerlarning yil davomida, erta pishar bahor navlaridan to kuzgi kech pishar hosillarini saqlash boʻyicha ehtiyojlarini qondirishi mumkin. Ayni paytda, agregatlarni sinovdan oʻtkazish yakunlanib, dastlabki 80 tonna olma saqlashga qoʻyildi. Loyihaning ishga tushirilishi natijasida kamida 20 ta yangi ish oʻrinlari yaratish, shu jumladan 15 nafar ayolni ish bilan taʼminlash rejalashtirilgan, deb xabar beradi Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati.