Fermer xoʻjaligiga tegishli dala yer maydonini soxta hujjatlar orqali oʻzlashtirildi

    Soxta hujjatlar asosida “A.P.” fermer xoʻjaligiga tegishli boʻlgan suvli yer maydoni uchun egalik huquqini beradigan kadastr hujjatlarini tayyorlab bergan.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uzun tuman boʻlimi tomonidan “A.P.» fermer xoʻjaligi rahbarining murojaatiga asosan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, Davlat kadastrlar palatasi Uzun tuman filiali mutaxassisi A.X. 3 nafar fuqaroga soxta hujjatlar asosida “A.P.” fermer xoʻjaligiga tegishli boʻlgan suvli yer maydoni uchun egalik huquqini beradigan kadastr hujjatlarini tayyorlab berganligi aniqlangan.

    Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) va 229-6-moddasi (sugʻoriladigan yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga boʻlgan huquqni sotish yoxud qonunga xilof ravishda boshqacha tarzda oʻzga shaxsga berish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.