Firibgar Shvetsiyada qoʻlga olinib, Oʻzbekistonga ekstraditsiya qilindi

    Qidirilayotgan shaxs tegishli hujjatlarni qalbakilashtirish orqali koʻchmas mulkni sotish bilan shugʻullangan va oʻzining ushbu firibgarlik harakatlari orqali katta moddiy zarar yetkazgan.

    Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi xodimlari tomonidan xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxsni ekstradisiya qilish Shvesiyadan birinchi marta amalga oshirildi.

    Toshkent va Stokgolm Interpol Milliy Markaziy byurolarining hamkorlikdagi harakatlari hamda Lion shahrida o‘tkazilgan Milliy markaziy byurolar rahbarlarining yillik konferensiya davomidagi uchrashuvlar natijasida Shvesiyadan birinchi marta jinoyatchi O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi.

    Qidirilayotgan shaxs noqonuniy boyish maqsadida bir guruh shaxslar bilan til biriktirib, puxta o‘ylangan rejaga muvofiq, tegishli hujjatlarni qalbakilashtirish orqali ko‘chmas mulkni sotish bilan shug‘ullangan va o‘zining ushbu firibgarlik harakatlari orqali katta moddiy zarar yetkazgan.

    Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, jinoyatchi Yevropa Ittifoqi mamlakatlari hududida yashiringan, ammo tezkor-qidiruv tadbirlari davomida qidiruvdagi shaxs Shvesiya hududida aniqlangan va hibsga olingan.

    O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining ekstraditsiya to‘g‘risidagi iltimosnomasi qanoatlantirilganidan so‘ng jinoyatchi Interpol MMB xodimlari hamrohligida adolat qaror topishi uchun O‘zbekistonga olib kelindi.