Aka, pulingiz “tufta-ku”

    Shu deng, Ummataliga zarurat yuzasidan atigi 100 dollar kerak boʻlib qolgan edi.

    Qoʻshnisi Zohidjonni yoniga olib, undan-bundan surishtirib, Qoʻqon shahridagi kafelardan biri oldida Akbar ismli dollarfurush bilan uchrashishdi, Oʻzaro kelishib, bir million soʻmni tepasida 100 dollarni olib uyiga qaytdi.

    Pulni berishi kerak boʻlgan odamga tutqazgan edi, u dollarni u yogʻi, bu yogʻini paypaslab: “Aka, pulingiz “tufta-ku” desa boʻladimi. Bu gapdan Ummatalining tomirlari tortishib, ichaklari yoʻgʻonlashib ketdi. Hovliqqqancha borib pulni pochchasiga koʻrsatgan edi, u ham dollarni”farshiviy” dedi. Ertasiga Ummatali soʻfi betini yuvmasdan turib Akbar bilan oldi-sotdi qilgan joyga yetib bordi. Atrofda koʻcha supirib yurgan ayoldan boshqa hech kim yoʻq. Tavakkal qilib, farrosh opadan Akbarni tanish-tanimasligini soʻragan edi, u “Siz aytgan odam hali zamon kelib qoladi” dedi.

    Oradan ancha vaqt oʻtib, koʻp qavatli uyni yoqalab kelayotgan Akbar koʻrindi. Ummatali sezdirmay borib, chap qoʻli bilan Akbarning boʻynidan, oʻng qoʻli bilan bilagidan mahkam ushladi. Akbar jon holatda qochmoqchi boʻldi. Qayoqda!? Bu temirni ham qayirib yuboradigan qoʻldan uncha-muncha inson bolasi tugul, yovvoyi xoʻkiz ham qochib qutilishi amrimahol edi. Mening otam “Mol sotsang, aybini aytib sot, degan. Sen mahluq menga soxta dollarni kiygizibsan. Pulimni hoziroq qaytarasan, qaytarmasang, majruh qilib tashlayman. Akbar chirangancha, itning qasamini ichib, Ummatalini avramoqchi va qochmoqchi boʻldi. U buni sezib, Akbarning boʻyni va bilagini battar siqa boshladi.

    Akbar shoʻrlikning yuzi dollarning ranggiga oʻxshab koʻkara boshlagach, Ummatali biroz siquvni boʻshatdi. Xullas, Akbar roʻparadagi kafega kirib, Ummatalining pulini olib chiqib berishga kelishildi. Akbar kafega kirib ketgach, ha, deganda chiqavermadi. Alqissa, u kafening orqa eshigidan “dum” berib yuborgan ekan. Ummatali bir oʻzi Akbarni qidirib topa olmagach, voqea xususida tegishli organlarga murojjat qilgan (Jabrlanuvchi U. Shukurovning suddagi koʻrsatmalaridan).

    Ushbu murojaat va boshqa omillar tufayli huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan maxsus tadbir oʻtkazildi. Aniqlanishicha, Akbar Mirzoyev va uning jinoiy sherigi Abdusamad Shodiyev bu kabi qingʻir ishlar bilan muntazam shugʻullanib kelishgan. Xususan, dollar ayirboshlash operatsiyasida ular tomonidan maxsus xaridor Bahrom Sheraliyevga (barcha ism-shariflar oʻzgartirilgan) dastlab qalbaki 2 dona 100 AQSH dollari kupyurasidagi jami 200 dollarini Qoʻqon shahar, Mashrab koʻchasidagi 45-uy oldida qonunga xilof ravishda 1 million soʻmga oʻtkazgan. Bundan tashqari, A. Mirzoyev takroran, jinoiy hamtavogʻi A.Shodiyev bilan guruh boʻlgan holda shahardagi A.Navoiy mavzesida joylashgan oshxonada maxsus xaridor B.Sheraliyevga 47 dona qalbaki

    100 AQSH dollari kupyuralaridagi jami 4.700 AQSH dollari miqdoridagi chet el valyutalarini noqonuniy ravishda 2.000 AQSH dollariga sotayotgan paytida huquqni muxofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan qoʻlga olingan.

    Fargʻona viloyati IIB 2-MHMM EKBning 53 va 335-sonli ekspert xulosasiga koʻra yuqorida qayd etilgan pul belgilari korxona usulida tayyorlanmaganligi, texnik vositalar yordamida tipografik usulda tayyorlanganligi koʻrsatilgan.

    Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, soxta valyutafurushlar sud davomida qilmishlaridan qattiq pushaymon ekanliklari, oilaviy hol-ahvollari xususida obdon oh-voh qilishdi. Lekin qingʻir ishning qiyigʻi qirq yildan keyin ham chiqadi, deganlaridek, jinoyatchilar kirdikorliklari juda uzoqqa choʻzilmay fosh etildi. Sud tomonidan A.Mirzoyev va A.Shodiyev Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 176-moddasi 2-qismi “a,, ,”v” bandlari bilan aybdor deb topilib, har ikkisi olti yildan qamoq jazosiga hukm qilindi.

    Hurshid QOSIMOV,

    Jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻqon shahar sudining raisi.