“Isteʼmolchi.uz” hamjamiyati maʼmurlari Oʻzbekistonda firibgarlarning eng tarqalgan hiylalariga tushib qolmaslik uchun yettiga tavsiyani ishlab chiqishgan. Bu kabi xavflarga daydi yongʻinchilar va elektriklar, soxta asal, kvartira va dachalar ijarasi, narkokuryer boʻlib ishlash taklifi va hokazolar kiradi.
Elektr tarmogʻini taʼmirlash uchun pul yigʻish
Bu talab xususiy kompaniya vakillari tomonidan qoʻyiladi. Siz ularga pul berishga majbur emassiz. Istasangiz, ular bilan shartnoma tuzishingiz mumkin.
Tahririyat bu roʻyxatga “ayyor” gazchilarni ham qoʻshdi. Ayni kunlarda “aqlli” gaz hisoblagichlarni oʻrnatish jarayoni ketmoqda. Ayrim vijdonsiz kishilar hisoblagichlarni oʻrnatish uchun 30 mingdan 300 ming soʻmgacha talab qilishi mumkin. Bu uchun pul bermang. Barcha ehtiyot qismlari byudjet hisobidan qoplanadi. Agar shu muammo yuzaga kelsa, “Hududgaztaʼminot”ning qisqa 1104 telefon raqamiga qoʻngʻiroq qiling.
Yongʻin xavfsizligi uchun yigʻim
Nomaʼlum shaxslar eshikni qoqib, yongʻin xavfsizligi uchun pul soʻrashadi. Uning miqdori bir yilda 40-80 ming soʻm boʻlishi mumkin. Odatda fuqarolar ularga bir tiyin ham berishmaydi va toʻgʻri qilashadi. Ular qip-qizil firibgarlar.
Soxta asal
Firibgarlar soxta asal taklif qilishlari mumkin. Oʻzbekistonda bu hiylaga keksa kishilar tushib qolmoqda. Firibgarlar qariyalarni toʻxtatib, qandaydir hikoya aytib berish orqali ularni chalgʻitishadi. Natijada fuqarolar oʻzlari anglamagan holda ikki litr shakarli qayla uchun 450 ming soʻm berishganini bilmay qolishadi.
Suv uchun filtrlar
Suv filtrlarini taklif qilayotgan uddaburonlar faollashmoqda. Ular qoʻngʻiroq qilishi, Telegramda yozishi va uyma-uy yurishi mumkin. Koʻp hollarda xonadondagi suvning ifloslanganlik darajasini isbotlash uchun tajriba ham oʻtkazishlari mumkin. Aslida bu “tajriba” mutlaqo koʻzbuyamachlikdir. Lekin goʻyoki ifloslangan suvni koʻrgach, bir necha millionlab turadigan filtlarni qanday qilib xarid qilganingizni oʻzingiz ham payqamay qolasiz.
Uy ijarasi
Kvartirangizni aslo ogʻzaki kelishuv asosida ijaraga bermang. Ijarachilar xonadon egalarini chuv tushirgani aks etgan holatlar ijtimoiy tarmoqlarda juda koʻp uchraydi. Bunday firibgarlarga qarshi hech kanday chora koʻrib boʻlmaydi, chunki shartnoma ogʻzaki tuzilgan.
Chorvoqdagi dachalarni ijaraga berishga ham toʻxtalish joizdir. Firibgarlar birovning dachasini ijtimoiy tarmoqlarga qoʻyib, arzon narxda ijarani taklif qilishadi. Mijoz avansni koʻchirib berib, dachaga borganida, haqiqiy egalar ijaradan bexabar boʻlishadi. Firibgar esa darrov gʻoyib boʻladi.
Narkokuryerlik
Narkokuryer boʻlib ishlash taklifi Telegram orqali kelib tushish mumkin. Eʼtiborlisi shuki, dastavval qaysidir kafeda kuryer boʻlib ishlash taklif qilinadi, soʻngra yashirin joylarga narkotik moddalarni yashirib qoʻyish va tarqatish soʻraladi. Qolaversa, qoʻlga tushmaslik va vaziyatdan chiqib ketish ham oʻrgatiladi. Bu ishga 15 yoshdan kattalar jalb qilinadi.
Velosiped ishqibozlari
Velosipedlarni aslo koʻpqavatli uylarning yoʻlaklarida qoldirmang. Hattoki kodli qulf bilan bogʻlab qoʻyilgan velosipedlarni ham oʻgʻirlab ketish holatlari kuzatilmoqda.