Bugungi kunga kelib bunday mahsulotlarning ishlab chiqilgan pilot partiyalari sanoat sharoitida isteʼmol obyektlarida muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazilib, yaqin kunlarda yangi moylar uchun muvofiqlik sertifikatlari olinib, mahsulot ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyiladi.

Bu yerda mahalliy mahsulotlarni ishlab chiqarishda xalqaro standartlar va texnik reglamentlarni faol joriy etishga, ularning zamon talablariga muvofiqligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilgan.

Zavodda ishlab chiqarilayotgan motor yonilgʻilarini “Yevro 5” hamda surkov moylarini II+/III guruhiga mansub API jahon standartlari talablari darajasiga yetkazish maqsadida, yangi qurilmalarni qurishni va mavjud qurilmalarning rekonstruksiyasi qilishni koʻzda tutgan modernizatsiya loyihasi doirasida, dunyoning yetakchi loyiha institutlari va kompaniyalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan loyihalari asosida investitsion loyihaning texnik-iqtisodiy asosi (TIA) ishlab chiqilgan boʻlib, oʻrnatilgan tartibda ekspertizadan oʻtkazilib kelishilgan, hozirda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritilgan.

Shu bilan birga, modernizatsiya jarayonining bir qismi sifatida ishchi loyihalarni tayyorlash, zarur jihoz va materiallarni aniqlash, zarur tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish ishlari davom etmoqda.

Xususan, “OʻZROSNEFTEGAZGEO” MCHJ bilan hamkorlikda qurilish obyektlarida qidiruv -muxandislik tadqiqotlari oʻtkazilyapti; “Omsknefteximproyekt” MCHJ (Rossiya Federatsiyasi) va “UzLiTi Engineering” MCHJ tomonidan yangi va mavjud texnologik qurilmalarni rekonstruksiya qilish uchun ishchi loyihalar ishlab chiqilyapti;

zavodning uzluksiz ishlashini taʼminlash va gaz kondensatiga boʻlgan ehtiyojni kamaytirish uchun vodorod ishlab chiqarish qurilmasi qurilishini jadallashtirish choralari koʻrilyapti.

Shuningdek, taniqli Amerika va Italiya kompaniyalari bilan vodorod ishlab chiqarish qurilmasi uchun asbob-uskunalar ishlab chiqarish va yetkazib berish boʻyicha tuzilgan shartnomalarni moliyalashtirish bilan bogʻliq jarayon, masalan, pech, adsorberlar va boshqa jihozlarni yetkazib berish;

Italiyaning “MACCHI” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan bugʻ qozonlarini qurilishi va montaj ishlariga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha ishlar davom etyapti.

FNQIZda ishlab chiqarish jarayonlarini rejalashtirish ishlarini optimallashtirish boʻyicha zamonaviy dasturlarni amalga oshirish maqsadida “Aspen Technology Services Corporation” korporatsiyasi bilan muzokaralar olib borilyapti, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.