Iqlim oʻzgarishi, aholining koʻpayishi, sanoatlashtirish, suv resurslaridan nooʻrin va samarasiz foydalanish natijasida odamlar hayoti qiyinlashmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, hozir Yer yuzida qariyb 1 milliarddan ortiq odam turli darajadagi suv yetishmovchiligi sharoitida yashamoqda.

Mazkur muammo Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekistonni ham chetlab oʻtayotgani yoʻq. Oʻt­gan yil 16-dekabrda Prezidentimiz Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan ri­vojlantirish, shahar muhitini yaxshilash va munosib yashash sharoitini yaratish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda bu masala­ga alohida toʻxtalib, yomgʻir suvi yigʻiladigan 17 ta inshoot barpo qilinishi, ularda jamlan­gan obihayot daraxt va yashil hududlarni sugʻo­rishga ishlatilishini taʼkidlagan edi.

Mintaqamiz tabiiy-iqlim sharoitiga koʻra suv resurslariga boy hududlar qatoriga kirmaydi, ammo aholining oʻsishi, iqtisodi­yotning kengayishi va iqlim oʻzgarishlari taʼ­siri muammolarni yanada chuqurlashtirmoqda. Oʻzbekiston suv resurslarining katta qismi transchegaraviy daryolarga bogʻliq boʻlib, bu holat suv xavfsizligini strategik masalaga aylantirmoqda.

Asosiy muammolardan biri suv manbala­rining qisqarib borishi va barqaror emas­ligidir. Soʻnggi oʻn yilliklarda Markaziy Osiyodagi muzliklar maydonining sezilarli kamayishi Amudaryo va Sirdaryo kabi asosiy suv manbalariga bevosita taʼsir koʻrsatmoqda. Na­tijada suv oqimi notekis tus olmoqda. Bu esa qishloq xoʻjaligi, sanoat va aholi taʼminoti­da uzilishlar xavfini kuchaytirmoqda.

Ikkinchi muammo — suvdan foydalanish sa­maradorligining pastligi. Amaliyotda ichim­lik suv texnik va xoʻjalik ehtiyojlari uchun keng qoʻllanmoqda. Koʻp qavatli uylar, xizmat koʻrsatish obyektlari, jumladan, avtomobil yuvish shoxobchalari, koʻkalamzorlashtirish va sanitariya tizimlarida ichimlik suv ishlati­lishi suv taʼminotiga katta bosim bermoqda. Suv tarmoqlaridagi yoʻqotishlar va eskirgan baʼzi infratuzilma esa bu muammoni yanada keskinlashtiradi.

Uchinchi muammo muqobil suv manbalari­dan yetarlicha foydalanilmayotganidir. Yomgʻir suvi, qayta ishlangan oqova suv kabi resurslar amalda oʻta zarur boʻlsa-da, hozircha tizimli va majburiy yondashuv yoʻqligi sababli keng jo­riy etilmagan. Aslida, yomgʻir suvini yigʻish va texnik ehtiyoj uchun qayta ishlatish orqali ichimlik suvga talabni sezilarli darajada ka­maytirish mumkin.

Yomgʻir suvidan foydalanish loyihasi Oʻzbe­kistonda suv tanqisligi sharoitida ichimlik suv taʼminotiga tushayotgan bosimni kamayti­rish, suv resurslaridan samarali foydalanish hamda shahar va qishloq infratuzilmasini barqarorlashtirishga qaratilgan kompleks tizimdir. Mazkur loyiha yomgʻir suvini tabiiy jarayonda yoʻqotib yubormay, yigʻish, toza­lash, saqlash va texnik ehtiyojlar uchun qayta ishlatish tamoyiliga asoslanadi. Tizimning ishlash mexanizmi bir necha bosqichdan iborat.

Avvalo, binolarning tom qismi yomgʻir su­vini yigʻish uchun asosiy maydon vazifasini bajaradi. Yomgʻir suvi maxsus tom novlari va quvurlar orqali yigʻilib, “first-flush” ajrat­kichdan oʻtkaziladi. Ushbu mexanizm yomgʻirning dastlabki iflos qatlamini ajratib, chang va zararli aralashmalarni tizimga kirishidan oldin ajratib oladi. Shundan soʻng suv mexa­nik va qumli filtrlardan oʻtkazilib, yopiq va gigiyenik talablar asosida jihozlangan rezervuarlarda saqlanadi. Saqlangan yomgʻir suvi ichimlik uchun emas, balki texnik ehti­yojlar uchun moʻljallanadi. Xususan, koʻkalam­zorlashtirish va bogʻlarni sugʻorish, hojatxona baklarini toʻldirish, hovli va yoʻlaklarni yuvish, sovitish tizimlari, shuningdek, avto­mobillarni yuvish jarayonida foydalanish mumkin. Bunday yondashuv orqali ichimlik suv­ga talab 30-50 foizgacha qisqaradi, ayrim obʼ­yektlarda esa texnik suv ehtiyoji deyarli toʻliq yomgʻir suvi hisobidan qoplanadi. Loyihaning yana bir muhim jihati ekologik va iqtisodiy samarasidir. Yomgʻir suvini yigʻish tizimlari drenaj va kanalizatsiya tarmoqlariga tusha­digan bosimni kamaytiradi, suv toshqinlari xavfini pasaytiradi hamda yerning tabiiy toʻyinishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ichimlik suvni qayta ishlash va yetkazib berish­ga ketadigan energiya sarfi qisqarib, kommu­nal xarajatlar kamayadi.

Oʻzbekistonda yomgʻir suvidan foydalanish­ga ehtiyoj nihoyatda yuqori. Suv xavfsizligi­ni taʼminlashda faqat anʼanaviy manbalarga tayanish yetarli emas, muqobil va qoʻshimcha manbalarni ishga solish zarur. Shaharsozlik nuqtayi nazaridan qaraganda, yomgʻir suvidan foydalanish, ayniqsa, juda muhim. Soʻnggi yillarda shaharlar kengayib, yangi turar joy massivlari, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari, yoʻllar va qattiq qoplamali maydonlar koʻpaymoqda. Bu esa tabiiy infiltratsiyani kamaytirib, yomgʻir suvining katta qismi kana­lizatsiya va drenaj tizimlari orqali yoʻqotib yuborilishiga olib kelmoqda. Aslida, ushbu suvni binolarning tom qismidan yigʻib, tex­nik ehtiyojlarga yoʻnaltirish orqali shahar infratuzilmasini yanada barqarorlashtirish mumkin.

Infratuzilma nuqtayi nazaridan yomgʻir su­vidan foydalanish tizimlariga suv va kanali­zatsiya tarmoqlari bosimini yengillashtiruvchi omil sifatida qaralishi lozim. Hozir hudud­larda suv tarmoqlari eskirgan, yoʻqotishlar talaygina. Texnik ehtiyojlar uchun ichimlik suv ishlatilishi esa muammolarni yanada ku­chaytirmoqda. Yomgʻir suvini yigʻish va qayta ishlatish tizimlari yoʻlga qoʻyilsa, ichimlik suv asosan isteʼmolga yoʻnaltiriladi, infra­tuzilmaga bosim kamayadi.

Huquqiy-meʼyoriy asoslar nuqtai naza­ridan esa ushbu masalaga ixtiyoriy tashabbus sifatida emas, balki majburiy va tizimli yondashuv sifatida qarash zarur. Amaldagi sharoitda yomgʻir suvidan foydalanish boʻyicha aniq milliy standartlar va qurilish meʼyor­larida majburiy talablar yetarli darajada mustahkamlanmagan. Shu sababli Shaharsozlik kodeksi va qurilish normalariga tegishli oʻz­gartirishlar kiritish, yangi qurilayotgan bino­larda yomgʻir suvini yigʻish tizimlarini maj­buriy joriy etish dolzarb vazifa.

Avtomobil yuvish shoxobchalarida katta miqdorda ichimlik suv sarflanadi — bitta mashina yuvish uchun oʻrtacha 150-200 litr suv ketadi. Avtomobil yuvish jarayonining dast­labki bosqichida chang, loy va yirik iflosliklarni ketkazish, koʻpiklash va chayish ichimlik suv talab qilmaydi. Ushbu jarayonlarda yigʻil­gan va filtratsiyadan oʻtkazilgan yomgʻir suvi­dan samarali foydalanish mumkin. Ichimlik suvdan esa faqat yakuniy chayish bosqichida foydalanish kifoya qiladi.

Hisob-kitoblarga koʻra, zamonaviy yon­dashuv va yomgʻir suvi asosidagi tizimlar joriy etilgan avtoyuvish shoxobchalarida ichimlik suvga ehtiyojni kamida 60-70 foiz qisqartirish mumkin. Masalan, kuniga 50 ta avtomobilga xizmat koʻrsatilsa, anʼanaviy usulda 9000 litr ichimlik suv sarflanadi. Yomgʻir suvidan foydalanilganda esa kuni­ga qariyb 3500 litr ichimlik suv tejaladi. Bundan tashqari, yomgʻir suvidan foydala­nish avtoyuvish shoxobchalari uchun iqtisodiy jihatdan ham foydali. Suv xarajati va oqo­va suv toʻlovi kamayishi xizmat tannarxini pasaytiradi, tadbirkorlik faoliyatining barqarorligini oshiradi.

Yomgʻir suvidan foydalanish koʻplab mam­lakatlarda samarali amaliyotga aylangan va turli sohalarda ijobiy natija bermoqda. Bu yechim suv tanqisligi kuchli, shaharsozlik, qishloq xoʻjaligi va texnik ehtiyojlar uchun suv resurslarini tejash zarur boʻlgan hududlarda keng joriy etilgan.

Xitoydagi baʼzi shahar va infratuzilma­larda yomgʻir suvini yigʻish tizimlari faol qoʻllanmoqda. Masalan, Pekindagi Milliy stadion va Milliy suv sporti markazi bino­lari tomidan yigʻilgan yomgʻir suvi hojatxona­larni yuvish, maydonlarni sugʻorish kabi tex­nik ehtiyojlarni qisman qondirmoqda. Pekin shahrida yigʻilgan yomgʻir suvi hajmi yiliga oʻnlab million kub metrga yetmoqda.

Cingapurdek kichik shahar — davlat ham suv boshqaruvi boʻyicha ilgʻor tajribaga ega. U yerda texnik ehtiyojlar uchun suvning taxminan 45 foizi yomgʻir suvi hisobidan qoplanadi. Bu qishloq xoʻjaligi va shahar infratuzilmasida suvni tejashga katta hissa qoʻshadi.

Germaniya va Yaponiya shaharsozlik tizimla­rida ham yomgʻir suvidan foydalanish orqali drenaj tizimlariga tushadigan bosim kamay­tirilib, shahar hududlarida toshqin xavfi pa­saytirilmoqda. Germaniyada bogʻlar va sanita­riya tizimlarida yomgʻir suvi qayta ishlanadi. Yaponiya esa shu orqali shaharlarni barqaror suv boshqaruvi tizimiga oʻtkazmoqda.

Hindistonda anʼanaviy hamda zamonaviy tizimlar orqali yomgʻir suvini yigʻish ama­liyoti keng yoyilgan. Xususan, qurgʻoqchil hu­dudlarda suv yigʻish inshootlari zaxiralarni mustahkamlash, suv taqchilligi yuqori boʻlgan vaqtlarda taʼminotga xizmat qiladi. Bu tajribalardan foydalanish suvni tejash bilan birga, infratuzilma barqarorligini oshirish, shahar muhitini yaxshilash va suv taʼminotida­gi xavflarni kamaytirishga xizmat qiladi.

Oʻzbekistonning iqlim sharoiti yomgʻir su­vidan foydalanish uchun qulay. Mamlakati­mizda yillik yogʻingarchilik miqdori oʻrtacha 186 millimetr boʻlib, togʻli va togʻoldi hudud­larda koʻrsatkich 300-900 millimetrgacha yetadi. Bu yomgʻir suvini yigʻish uchun yetarli hajmdir. Oʻzbekiston shimoliy tekisliklardan togʻli hududlargacha katta geografik xilma-xillikka ega. Yomgʻir suvi yigʻish tizimlari uchun turli sharoitlarda moslashuvchan yondashuvlar qoʻl­lanishi mumkin. Qurgʻoqchil markaziy viloyat­lar uchun katta saqlash rezervuarlari, togʻli hududlarda esa tabiiy drenajlardan foyda­lanish imkoni bor. Yigʻilgan yomgʻir suvidan texnik ehtiyojlar, sugʻorish, hojatxona ti­zimlari, avtoyuvish, koʻkalamzorlashtirishda foydalaniladi. Bu ichimlik suvni yetkazib berish, tozalash va nasoslash xarajatlarini qisqartiradi, shu bilan iqtisodiy tejamkor­likni oshiradi va daromad keltiradi. Bu ti­zim orqali shahar mikroiqlimini yaxshilash, ichimlik suvga boʻlgan talabni kamaytirish va drenaj tizimlariga tushadigan yukni pasayti­rishga qaratilgan ishlar boshlanmoqda.

Mazkur gʻoyani amaliyotga joriy etish tizim­li, bosqichma-bosqich va aniq masʼuliyat mexa­nizmlariga tayangan holda amalga oshirilishi lozim. Birinchi bosqichda huquqiy-meʼyoriy asos yaratish masalasi turibdi. Avvalo, yomgʻir suvini yigʻish va texnik ehtiyojlarda foydala­nishni tartibga soluvchi aniq talablar ishlab chiqilishi zarur. Buning uchun Shaharsozlik kodeksi va amaldagi qurilish meʼyorlariga te­gishli oʻzgartirishlar kiritilib, yangi quri­layotgan turar joylar, savdo va xizmat koʻrsa­tish obyektlari, ijtimoiy bino-inshootlarda yomgʻir suvini yigʻish tizimlari majburiy ta­lab sifatida belgilanishi lozim. Shu bilan birga, ichimlik suv va yomgʻir suvi tarmoqlari­ni ajratish, sanitariya va xavfsizlik talabla­rini aniq koʻrsatib beruvchi milliy standart ishlab chiqilishi lozim boʻladi.

Ikkinchi bosqichda pilot loyihalari ishga tushiriladi. Loyihani darhol butun respublika boʻyicha joriy etishdan koʻra, iqlim va qurilish faolligi yuqori boʻlgan hududlarda sinov tariqasida boshlash maqsadga muvofiq. Masalan, Toshkent shahri va viloyatidagi yangi qurilayotgan uy-joy massivlari, avtoyuvish shoxobchalari, savdo markazlari pilot hudud sifatida tanlanishi mumkin. Ushbu bosqichda texnik yechimlar, real suv tejash hajmi va iqtisodiy samaradorlik amaliy hisob-kitoblar orqali baholanadi.

Uchinchi bosqichda moliyaviy va iqtisodiy ragʻbatlantirish amalga oshirilishi kerak. Yomgʻir suvidan foydalanish tizimlarini oʻr­natayotgan quruvchilar va tadbirkorlar uchun soliq imtiyozlari, kreditlar yoki subsidiya me­xanizmlarini joriy etish loyihaning omma­lashuvini tezlashtiradi. Ayniqsa, avtoyuvish shoxobchalari va xizmat koʻrsatish obyektlari uchun bunday qoʻllab-quvvatlash qisqa muddatda sezilarli natija beradi.

Qurilish obyektlarini foydalanishga qa­bul qilishda yomgʻir suvini yigʻish tizimining real mavjudligi va ishlashini majburiy tek­shiruv sharti sifatida belgilash zarur. Shu bilan birga, mahalliy hokimliklar, suv xoʻ­jaligi va qurilish idoralari oʻrtasida aniq vakolatlar taqsimoti yoʻlga qoʻyilishi kerak.

Hisob-kitoblar va amaliy misollarga koʻra, oʻrtacha 100 kvadrat metr tom maydoniga ega bino yiliga taxminan 300 millimetr­li yogʻingarchilik sharoitida 30 ming litrga yaqin yomgʻir suvini yigʻish imkoniga ega. Agar 500 kvadrat metr tom, 5 qavatli 18 xonadon­li turar joy binosini olsak, yiliga oʻrtacha 150 ming litr texnik suv zaxirasi shakllana­di. Ushbu suv hojatxona tizimlari, koʻkalam­zorlashtirish va umumiy xoʻjalik ehtiyojlari­da ishlatilsa, har bir xonadonda ichimlik suv isteʼmoli 30-50 foizgacha kamayadi. Yirikroq miqyosda qaralganda, agar faqat 10 mingta xo­nadonda yomgʻir suvini yigʻish tizimi joriy etilsa, yiliga kamida 180 ming kub metr (180 million litr) ichimlik suvni tejash mumkin. Avtoyuvish shoxobchalari misolida esa samara­dorlik yanada yaqqol koʻrinadi: yiliga 1 million litrdan ortiq ichimlik suv tejaladi. Agar bu tizim kamida 1000 ta avtoyuvish sho­xobchasida joriy etilsa, yiliga 1,2 milliard litrdan ziyod suv iqtisod qilinadi.

Iqtisodiy samaradorlik, avvalo, ichimlik suvni ishlab chiqarish, tozalash va yetkazib be­rishga ketadigan xarajat kamayishida namoyon boʻladi. Suv taʼminoti tizimlariga tushadi­gan bosim kamayadi, energiya sarfi 8-12 foiz­gacha qisqaradi, oqova suv hajmi kamayishi hisobiga kanalizatsiya xarajati ozayadi. Xona­donlar boʻyicha olganda, bir yilda kommunal toʻlovlar oʻrtacha 120-250 ming soʻmgacha qisqa­rishi mumkin. Xullas, yomgʻir suvidan foyda­lanish loyihasi nafaqat ekologik, balki aniq raqamlar bilan isbotlangan iqtisodiy foyda keltiradigan, oʻzini oʻzi toʻliq oqlaydigan sa­marali yechimdir.  

Muhsiddin NIZOMIDDINOV,

xalq deputatlari

Toshkent viloyati kengashi deputati