Oʻzbek adabiyoti dargʻasi, buyuk yozuvchi, millatparvar Abdulla Qodiriy tavalludining 125-yilligi Germaniyada keng nishonlanib, uning asarlari nemis adabiyotshunos olimlari tomonidan ham keng targʻib qilinmoqda. Jumladan, “Frankfurter Allgemeine Zeitung” gazetasida Abdulla Qodiriy va uning oʻzbek adabiy merosiga qoʻshgan hissasiga bagʻishlangan maqola nashr qilindi.
Nemis jurnalisti Tilman Shprekkelsenning “Oʻzbekistonning klassik romannavisi: kelinchak onangni qidirmoqda, yigitcha!” (Usbekistans Romanklassiker: eine Braut sucht dir deine Mutter, Junge!) sarlavhasi ostida chop etilgan maqolasi adibning mashhur “Oʻtkan kunlar” romaniga bagʻishlangan boʻlib, unda oʻzbek adabiyoti durdonasi boʻlgan ushbu asar mazmun-mohiyati nemis jamoatchiligiga ochib beriladi.
Materialda oʻzbek romanchilik maktabining ilk samarasi sanalgan mazkur asar XX asr oʻzbek adabiyotining chinakam durdonasi, deya eʼtirof etilgan. Salkam bir asr avval yozilgan roman hali-hamon oʻzbek adabiyotining eng koʻp oʻqiladigan asarlari sirasiga kirishi taʼkidlangan.
“Buloq boshida yigit va yoshgina qizning qisqa uchrashuvi, qiz yuzidagi paranji chimmatining bir koʻtarilib, uning ortidan nozanin chehraning jilmayishi, natijada ikki qalbda muhabbatning paydo boʻlishi bilan boshlanuvchi voqealar rivoji oʻquvchini 350 varaqli “Oʻtkan kunlar” romani mutolaasiga chorlaydi”, deydi muallif.
T.Shprekkelsen maqola avvalida Abdulla Qodiriy hayoti haqida yozadi. Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, jurnalist mazkur materialni yozishga katta kuch va bilim sarflagan. U Abdulla Qodiriyning ijodidan tortib, uning umr yoʻllarini diqqat bilan tadbiq etgan. Oʻzbek va jahon xalqlari adabiyotida muhim oʻrin tutgan yozuvchining nega sobiq ittifoq diktaturasi qurboniga aylanishiga javob izlagan.
“Toshkentlik dehqon oʻgʻli (A.Qodiriy oʻziga shunday taʼrif beradi), “Mushtum” jurnali asoschisi A.Qodiriy oʻtgan asrning 30-yillarida Stalin qatagʻoniga uchragan. U 1938-yil oktyabrda qatl etilgan”, deb yozadi u.
Albatta, maqolaning katta qismi “Oʻtkan kunlar” romaniga bagʻishlangan. Muallif asar qurilishini imkon qadar tahlil qilishga urinadi. Voqealar rivoji, undagi qahramonlar va tarixiy voqealarga baho beradi.
“Syujet, asarda aytilganidek, hijriy 1264-yilda, dalv oyining 17 kunida, yaʼni adib tugʻilishidan ancha avval, melodiy 1847-yilda Toshkent va Margʻilon shaharlarida, hozirgi Oʻzbekiston sharqidagi Fargʻona vodiysi oʻrnida boʻlgan Qoʻqon xonligi davrida boʻlib oʻtgan”, deya qayd etadi jurnalist.
Maqolada asarning goʻzal manzaralari, Otabek va Kumush sevgisi, ular iztirobi, fojiasi, ikki yoshning ota-onalar orzu-havasi qurboniga aylanishi nemis gazetxoni uchun tushunarli tilda tasvirlangan.
“Roman undagi baʼzi kuchli ehtiroslar, motivatsiyalar bilan birga, juda oddiy va tushunarli tilda bayon qilingan. Avval-boshdan oddiygina oshiqlar sifatida tasvirlangan ikki yosh bir-biriga sodiqligi va oilaviy vaziyatning chigallashuvi bilan asarning mustaqil qahramonlariga aylanishi adibning yuksak mahoratidan dalolatdir”, deydi muallif.
Shuningdek, jurnalist maqolada “Oʻtkan kunlar” romanida vatanparvarlik, olijanoblik, vafo va xiyonat bilan bir qatorda, oʻzaro ichki urushlar girdobida qolgan Turkistonning chor Rossiyasi tomonidan ishgʻol etilishi bosh mavzuga aylanganiga alohida eʼtibor qaratgan.
“Romanning bebaho qiymati shundaki, unda oʻzbek xalqining oʻsha davr urf-odatlari, oila tutish tartibidan tortib, kundalik turmush tarzigacha boʻlgan barcha jarayon aks ettirilgan. Adib Gʻarb sayyohlarini oʻziga rom etib kelayotgan oʻzgacha olamning oʻziga xos jihatlarini dunyo adabiyot ixlosmandlariga namoyish qila olgan”, deya xulosa yasaydi T.Shprekkelsen.
Maqolada joriy yilda Abdulla Qodiriy tavalludining 125-yilligi Oʻzbekistonda keng nishonlanganiga eʼtibor qaratilgan. Ushbu tadbirlar doirasida adib yashagan hovli qayta taʼmirlanib, uy-muzeyga aylantirilgani, poytaxtda adib nomidagi bogʻ, ijod maktabi tashkil etilgani taʼkidlanadi.
Oʻzbek xalqining millatparvar vakillaridan biri Abdulla Qodiriy va uning milliy maʼnaviy boyligimiz sanalgan “Oʻtkan kunlar” romani nemis jamoatchiligi va adabiyot ixlosmandlari orasida ham oʻz muxlislariga ega boʻlib borayotgani diqqatga sazovor.
Mazkur maqolaning nemis mushtariylari eʼtiboriga havola etilishi ularni oʻzbek xalqining maʼnaviy olami, yuksak badiiy tafakkuri va umrboqiy qadriyat hamda anʼanalariga oshno tutinishiga imkon yaratdi.
“Dunyo” AA,
Frankfurt-Mayn