Parijda davom etayotgan Oʻzbekiston tarixi va madaniy merosiga bagʻishlangan ikkita yirik koʻrgazma hamda Oʻzbekistonning xalqaro maydonda oshib borayotgan oʻrni va mamlakatimizning SHHTdagi ishtirokiga bagʻishlangan mazkur maqolalar fransuz jamoatchiligi tomonidan katta qiziqish bilan mutolaa qilinyapti.
Taniqli jurnalist Leopoldin Frerjak “Valeurs actuelles” jurnalida chop etilgan “Oʻzbekiston sanʼatining buyuk lahzalari” sarlavhali maqolasining soʻz boshida “Luvr Muzeyi 19 asrlik tarixga oid ushbu Markaziy Osiyo davlati hududini egallagan sivilizatsiyalarga bagʻishlangan koʻrgazmani namoyish etyapti”, deya qayd etadi.
Materialda taʼkidlanishicha, qadimgi davrdan boshlab eramizning birinchi asridagi podshohliklarigacha, turk va xun koʻchmanchi guruhlari kelgunga qadar Oʻzbekiston turli sivilizatsiyalar va madaniyatlar beshigi boʻlgan. “Markaziy Osiyoning bu hududi tez orada Islom dunyosining markaziga aylanib, moddiy madaniyatining koʻtarilishiga sabab boʻldi. Luvr Muzeyida “Oʻzbekiston vohalarining moʻjizalari. Karvon yoʻllari chorrahasida” koʻrgazmasida eng qadimiy Qurʼonning taqdim etilishi hududdagi tub oʻzgarishlardan dalolat beradi”, deb yozadi fransuz jurnali.
Muallif, shuningdek, Parijdagi Arab dunyosida tashkil etilgan “Samarqandga yoʻl. Ipak va oltin moʻjizalari” nomli koʻrgazma haqidagi tafsilotlarni mushtariylar eʼtiboriga havola etgan. “Ipak barxatidan tikilgan va oltin bilan qoplangan chopon, soʻzana, yirik kashtadoʻzlik matolari, doʻppilar va ot musobaqasi marosimlari buyumlari: XIX—XX asr hunarmandchilik noyobligini koʻrsatadigan Oʻzbekiston toʻqimachiligi sohasidagi nou-xaular Parijdagi Arab dunyosi instituti diqqat markazida turibdi. Koʻrgazmada 300dan ortiq namunalar taqdim etilgan boʻlib, ular mahalliy sanʼatning yuksak fazilatlarini ochib beradi, deb yozadi Leopoldin Frerjak.
“Revue Conflits” veb-saytida eʼlon qilingan “Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda yetakchi rol oʻynash istagida” sarlavhali maqolada esa Oʻzbekistoning Markaziy Osiyo mintaqasidagi oʻrni va mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash, aholi farovonligi oshirish boʻyicha xalqaro tashabbuslari batafsil qalamga olingan.
Nashr xalqaro sharhlovchisi Sebastyan Bussua qalamiga mansub ushbu materialda Oʻzbekiston soʻnggi yillarda Markaziy Osiyodagi mintaqaviy siyosat markazlaridan biriga aylanib borayotgani taʼkidlangan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
“Oʻzbekiston inklyuziv xalqaro hamkorlik tarafdori boʻlib, “Markaziy Osiyo plyus” formatlarida muloqot va oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishda faol ishtirok etadi. Soʻnggi yillarda mamlakat mintaqaning barcha davlatlari bilan munosabatlarini yuqori strategik darajaga koʻtarishga va Markaziy Osiyoni ochish va uni ayniqsa Gʻarbning, xususan, yevropaliklarning, tanlangan hamkoriga aylantirish uchun mutlaqo yangi muhit yaratishga muvaffaq boʻldi”, deb yozadi veb-sayt.