Bugun ayrim rivojlangan davlatlarda oziq-ovqat mahsulotlari isrof qilinishiga qarshi ana shunday kurashilmoqda. Chunki yildan-yilga dunyo aholisi soni ko'payib, shunga mos tarzda oziq-ovqat mahsulotlariga bo'lgan talab ham ortib bormoqda. Qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirish, oziq-ovqat mahsulotlarini iste'molchiga yetkazish oddiy jarayon emas. Buning uchun qanchadan-qancha odam ter to'kadi, vaqt, mablag' va katta resurslar sarflanadi. Ayrim davlatlar ortiqcha oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarib, isrofgarchilikka yo'l qo'yayotgan bir paytda, ba'zi kambag'al mamlakatlar aholisi og'zi ovqatga yetmay, ocharchilikdan qiynalayotgani masalaning qanchalik dolzarbligidan dalolat beradi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma'lumotlariga qaraganda, bugungi kunda dunyoda 820 million odam ocharchilikdan aziyat chekmoqda. Vaholanki, dunyo bo'yicha oziq-ovqat mahsulotlarining uchdan bir qismi turli sabablar bilan foydalanilmay, chiqindi sifatida tashlab yuborilyapti.
BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti — FAO ma'lumotlarida qayd etilishicha, AQSHda yiliga har bir odam 115 kilogrammdan oziq-ovqat mahsulotlarini isrof qilyapti. Bu ko'rsatkich Yevropada 95, Afrika va Janubi-Sharqiy Osiyoda 7–11 kilogrammni tashkil etayotir. Ayonki, do'konlar muddati o'tayotgan oziq-ovqat mahsulotlaridan voz kechadi. Umumiy ovqatlanish muassasalari sotilmay qolib ketgan, odamlar esa sotib olgan yoki pishirgan taomlarining ortiqchasini tashlab yuboradi. Aslida ana shunday oziq-ovqat mahsulotlari va taomlarga muhtoj odamlar borligi esa inobatga olinmaydi.
Ortiqchasini boshqalarga ilin!
BMTning bong urishicha, oziq-ovqat mahsulotlarining isrof etilishi va aynishining oldini olish dunyoda ocharchilikka qarshi kurashishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa fudshering tizimini dunyo miqyosida yo'lga qo'yishni va rivojlantirishni taqozo etmoqda.
Dunyo mamlakatlarida tatbiq etila boshlangan fudshering qanday tizim? Uning jahon miqyosida oziq-ovqat resurslaridan unumli foydalanish, isrofgarchilikning oldini olish, atrof-muhit musaffoligini saqlashdagi o'rni qanday?
Avvalo, fudshering atamasiga izoh berib o'tsak. Fudshering inglizcha so'z bo'lib, food — “ovqat”, share — “bo'lishmoq” degan ma'noni anglatadi. Bu muddati o'tib borayotgan, lekin sotilmay qolgan oziq-ovqat mahsulotlarini xayriya tashkilotlari yoki onlayn-platforma, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatish amaliyotidir. Bu shunday harakatki, tashkilot va odamlarning ortiqcha oziqovqatni isrof qilib, shunchaki tashlab yuborishining oldini oladi, uni muhtoj odamlarga tortiq etish imkonini beradi.
Fudshering Germaniyada, dastavval oziq-ovqat chiqindilari yuzaga kelishining oldini olish usuli sifatida paydo bo'lgan. Keyinchalik bu ijtimoiy mohiyat kasb etib, jamiyatning kam ta'minlangan oilalarini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash vazifalarini ham o'z ichiga ola boshlaydi.
Dunyodagi ilk fudshering-loyiha Germaniyaning Foodsharing.de platformasi bo'lib, 2012 yilda ishga tushirilgan. Ayni paytda Germaniya, Avstriya, Shveytsariya va boshqa Yevropa mamlakatlaridan 200 ming nafardan ziyod kishi mazkur onlayn-platformadan ro'yxatdan o'tgan. Shu bilan bir qatorda, Germaniyada 1,65 million nafar kishiga oziq-ovqat mahsulotlarini beg'araz yetkazib beradigan oziq-ovqat banklari ham mavjud.
Bugungi kunda fudshering bilan turli jamoat tashkilotlari, volontyorlik harakatlari hamda oziq-ovqat banklari shug'ullanmoqda. Ular ortib qolgan oziqovqat mahsulotlarini taqsimlash, ularni muhtojlarga yetkazib berishda qo'l keladi.
Shuni ham ta'kidlash lozimki, fudsheringning turli shakllari mavjud. Xususan, iste'molchidan iste'molchiga (consumer-to-consumer) modeli keng tarqalgan. Unga ko'ra, jismoniy shaxslar o'zlari ulashmoqchi bo'lgan oziqovqat mahsulotlarini ma'lumot va suratlar bilan onlayn-platformaga, ijtimoiy tarmoqlarga joylaydi. Unga qiziqish bildirganlar e'lon muallifi bilan uchrashuv joyini belgilab, undan o'sha oziq-ovqatni qabul qilib oladi. Nafaqat xarid qilingan, balki uyda tayyorlangan turli taomlar ham platforma vositasida ijtimoiy himoyalanmagan aholi qatlamlariga yetkazib beriladi. Muhimi, bunday saxovat beg'araz ko'rsatiladi.
Biznesdan iste'molchiga (business-toconsumer) usulida esa ishlab chiqaruvchilar, kompaniyalar, do'konlar muddati o'tayotgan mahsulotlarni iste'molchilarga yordam tariqasida etkazib beradi. Bu orqali ham ijtimoiy yordam ko'rsatiladi, ham ekologiyaga zarar yetkazishning oldi olinadi.
Mazkur usulning notijorat shaklida volontyorlar kelishuv asosida tegishli tashkilotga kelib, ulashiladigan oziqovqat mahsulotlarini ijtimoiy himoyalanmagan aholi qatlamlariga yetkazish choralarini ko'radi. Mazkur servis faoliyat ko'rsatayotganidan buyon 30 ming tonnadan ziyod oziq-ovqat mahsulotlari isrof qilinishining oldi olindi.
Dunyo davlatlari isrofgarchilikka qarshi qanday kurashmoqda?
Fransiyada bir kishi yiliga 30 kilogramm oziq-ovqat mahsulotini isrof qilar ekan. Buning natijasida mamlakat har yili 12–20 milliard yevrogacha zarar ko'rmoqda.
“Rossiyskaya gazeta” nashrining yozishicha, Rossiyada fuqarolar hamda savdo tarmoqlari har yili qiymati 1,6 trillion rubl bo'lgan 17 million tonna oziq-ovqat mahsulotlarini chiqindi sifatida tashlab yuboradi. Bunday miqdordagi mahsulotlar bilan 30 million aholini bir yil davomida boqish mumkin ekan. Ushbu mamlakatda non va non mahsulotlari, makaron, un, kartoshka hamda sut mahsulotlari ko'proq isrof qilinayotgani aniqlangan. Bugungi kunda rivojlangan mamlakatlarda oziq-ovqat resurslari isrofgarchiligiga qarshi kurashish borasida qat'iy choralar ko'rilmoqda. Xususan, 2016 yilda Fransiyada supermarketlarning sotilmay qolgan, biroq iste'molga yaroqli oziq-ovqat mahsulotlaridan voz kechishini taqiqlaydigan qonun qabul qilingan. Unga muvofiq, savdo do'konlari sotilmay qolib ketgan mahsulotlarni yordamga muhtoj aholi vakillariga yetkazib berish yuzasidan xayriya tashkilotlari bilan shartnoma tuza boshladi.
Statistik ma'lumotlar shundan dalolat beryaptiki, Xitoyda har yili 35 million tonna oziq-ovqat mahsulotlari chiqindi sifatida tashlab yuboriladi. Shu bois, Xitoy parlamenti 2021 yilda oziq-ovqat mahsulotlarining isrof etilishiga qarshi kurashish bilan bog'liq qonun qabul qildi.
Ayrim davlatlarda, xususan, Belgiyada fudsheringga asoslangan muassasalar faoliyat ko'rsata boshladi. Ularda oziq-ovqat qoldiqlaridan sho'rvalar tayyorlab sotilmoqda. Daniyada esa Too Good To Go maxsus ilovasi ishga tushirilgan bo'lib, unda restoranlar, supermarketlarda sotilmay qolib ketgan mahsulotlar bo'yicha ma'lumot berib boriladi. Mazkur ilovadan Yevropaning 11 ta mamlakatida foydalanilmoqda. Bu orqali minglab kilogramm ovqat isrof etilishining oldi olinmoqda.
“Food Banking” fudshering vazifasini bajaradi
Ayonki, ijtimoiy himoyalanmagan aholi qatlamlariga turli tarmoqlar — mahalla, hokimiyat, xususiy sektor orqali asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish tajribasi amaliyotda uchraydi. Ayniqsa, pandemiya davrida bu borada ko'plab ishlar amalga oshirildi. Lekin aynan fudshering tizimi mamlakatimizda hozircha yo'lga qo'yilgani yo'q.
Bugungi kunda O'zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, muzlatilgan, qayta ishlangan go'sht-sut mahsulotlari yorliqlarida yaroqlilik muddati “iste'mol qilish muddati” ko'rinishida qo'llaniladi, biroq xalqaro amaliyotda mahsulot yorliqlarida “maqbul bo'lgan iste'mol muddati” qo'llanilib, mahsulotni ushbu muddatdan keyin ham iste'mol qilish mumkin. Dunyo tajribasidagi ana shunday jihatlar hisobga olinib, mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlarini xayriya tarzida ijtimoiy himoyalanmagan aholi qatlamlariga tarqatish faoliyatini amalga oshiruvchi “Food Banking” tizimini yo'lga qo'yish bo'yicha choralar ko'rilmoqda.
Xususan, 2021 yil 17 sentyabrda Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yo'qotishlarini qisqartirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori qabul qilindi.
Ushbu qarorda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda xorijiy tajribani chuqur o'rgangan holda, respublikada oziq-ovqat mahsulotlari isrofgarchiligini kamaytirish, ushbu mahsulotlarni yig'ib olish va ularni xayriya tarzida tarqatish faoliyatini amalga oshiruvchi “Food Banking” tashkilotlari tizimini joriy etish belgilangan.
Bundan tashqari, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash hamda oziq-ovqat mahsulotlaridagi yo'qotishlarni qisqartirish maqsadida “O'zbekiston Respublikasining milliy oziq-ovqat xavfsizligi va sog'lom ovqatlanishning 2022–2030 yillarga mo'ljallangan strategiyasi” loyihasi ishlab chiqildi.
— Ushbu strategiya loyihasida 5 ta ustuvor yo'nalish belgilangan bo'lib, ular orasida oziq-ovqat mahsulotlarini xayriya tarzida ijtimoiy himoyalanmagan aholi qatlamlariga tarqatish faoliyatini amalga oshiruvchi “Food Banking” tizimini tashkil qilish uchun choralar ko'rish kabi vazifalar kiritilgan, — deydi Qishloq xo'jaligi vazirligi Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish boshqarmasi boshlig'i Otajon Pirmonov. — “Food Banking” mohiyatan fudshering bilan o'xshash. Mazkur tizimni tashkil etish orqali iste'moldan ortiqcha mahsulotlarni yig'ish va ularning iste'molga yaroqli bo'lgan qismini xayriya qilish, iste'molga yaroqsiz qismini qayta ishlashga yo'naltirish, to'g'ridan-to'g'ri chiqindixonalarga tashlanishining oldini olish orqali isrofgarchilikka yo'l qo'ymaslik va ekologiyaga salbiy ta'sirini kamaytirishga erishish ko'zda tutilgan. Buning uchun ushbu tizimning elektron platformasi tashkil etilishi hamda uning ishtirokchilari alohida tashkilot sifatida shakllanishi, davlat ro'yxatidan o'tkazilishi, mazkur sohaga muayyan imtiyoz va preferensiyalar qo'llanishi taklif etilmoqda.
Muxtasar aytganda, fudshering tizimi oziq-ovqat resurslarini uvol qilishning oldini olishda zamonaviy usul sifatida dunyo mamlakatlarida allaqachon joriy qilingan va bu o'z samarasini bermoqda. Mazkur yo'nalishdagi ilg'or xorijiy tajribalarni o'rganib, mamlakatimizda fudshering muqobili — “Food Banking” tizimining joriy qilinishi kelgusida oziq-ovqat resurslaridan yanada unumli foydalanish, iste'molga yaroqli bunday resurslarni odamlarga yetkazish orqali isrof bo'lishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Shahzod G'afforov,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri