Mazkur qaror asosida Senat Raisi boshchiligida Fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi respublika komissiyasi tuzildi. Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari)ning saylovini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha tadbirlar rejasi hamda saylov byulleteni namunasi tasdiqlandi.
Bundan tashqari, hududlarda saylovni tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyalar tuzish, saylovni tashkil etish hamda oʻtkazishda fuqarolar yigʻinlariga har tomonlama koʻmaklashish, saylovni oʻtkazishda jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash, saylov oʻtkaziladigan joylarda tibbiy xizmat koʻrsatilishini samarali tashkil etish, sanitariya-gigiyena talablari va karantin qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish, shuningdek, saylov jarayonini keng yoritish boʻyicha alohida vazifalar belgilab olindi.
* * *
Shu kunning oʻzida Fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi respublika komissiyasining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda boʻlajak saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazish bilan bogʻliq qator masalalar muhokama qilindi.
9 300 dan ziyod fuqarolar yigʻinlari raislari saylanishi kutilayotganini qayd etar ekan, Respublika komissiyasi raisi T.Narbayeva bu galgi saylovlar mamlakatimiz rivojlanishining butunlay yangi bosqichida, jumladan, mahalla instituti faoliyatining samaradorligini oshirish, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch boʻgʻiniga aylantirish Taraqqiyot strategiyamizning ustuvor yoʻnalishi etib belgilangan tarixiy pallada boʻlib oʻtishini alohida taʼkidladi.
Fuqarolarning saylovda ishtirok etishga oid konstitutsiyaviy huquqlarini toʻliq roʻyobga chiqarish uchun zarur boʻlgan barcha tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish, saylov jarayoniga yoshlar va xotin-qizlarni keng jalb etish, saylov ishtirokchilari qonun talablariga, shu jumladan, oshkoralik, muqobillik hamda teng saylov huquqi tamoyillariga soʻzsiz rioya etishlarini taʼminlash boʻlajak saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishdagi eng muhim vazifalar hisoblanadi.
Oshkoralik har qanday saylov adolatli oʻtishining zarur sharti hisoblanadi. Shu munosabat bilan saylovni tashkil qilish va oʻtkazishda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.