Telefon orqali oʻtkazilgan soʻrov shuni koʻrsatdiki, mamlakat fuqarolarining 53,2%i koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanishga tayyorligini tasdiqlashdi, ular COVID-19 vaksinasi aholi oʻrtasida koronavirus infeksiyasi paydo boʻlishi va tarqalishining oldini oluvchi profilaktik tadbirlar majmuasining muhim tarkibiy qismlaridan biri ekanligini anglab yetmoqda.
Soʻralganlarning uchdan bir qismidan koʻprogʻi (36,5%) emlanishdan bosh tortmoqda.
Soʻrovning har oʻninchi ishtirokchisi javob berishga qiynaldi, bu ularning hali COVID-19 ga qarshi emlanish toʻgʻrisida yakuniy qaror qabul qilmaganligidan dalolat berib turibdi.
Telefon orqali oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, emlanishga tayyorlik mamlakatning erkak aholisi orasida 17,4%ga yuqori boʻlib, 60,7%ni tashkil etadi. Ayollar orasida emlashga tayyorlar va COVID-19 ga qarshi emlanishni istamaydiganlar foizi taxminan bir xil: 43,3% emlashni istaydi, 45,2% istamaydi.
Yosh kesimi koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanishga tayyorlikning eng yuqori koʻrsatkichi 45-54 yoshdagi fuqarolar orasida aniqlanganligini koʻrsatdi. Emlanish borasida bir qarorga kelmagan fuqarolarning eng yuqori darajasi 18 yoshdan 24 yoshgacha boʻlgan yoshlar orasida aniqlandi va 28,4%ni tashkil qildi.
“Siz qancha vaqt ichida COVID-19 ga qarshi emlanmoqchisiz?”, degan savolga javob berishda 37,1% fuqarolar kelayotgan haftada emlanishga tayyorligini bildirishdi. 25,7% telefon soʻrovi ishtirokchilarining fikriga koʻra, ular bir oy ichida emlanishni boshlashlari mumkin. Har oʻninchi respondent (11,3%), poliklinikaga chaqirilgan taqdirda emlanishga tayyor ekanligini taʼkidladi. Fuqarolarning kichik foizi (1,6%) emlanishni uzoqroq muddatga kechiktiradi. Har beshinchi respondent emlanishga tayyor boʻladigan vaqt haqidagi savolga javob berishga qiynaldi.
Tadqiqotning asosiy maqsadlaridan biri fuqarolarning emlanishdan bosh tortishi sabablarini aniqlashdan iborat.
Olingan maʼlumotlarga koʻra, 35,9% fuqarolar vaksinaning ehtimoliy nojoʻya taʼsirlari borasidagi xavotirlik va kuchli nojoʻya reaksiyalarga duch kelmaslik uchun ular emlanishni rad etishga majbur boʻlgan tibbiy qarshi koʻrsatmalarni COVID-19 ga qarshi emlanishni rad etishning asosiy sabablari sifatida aytishdi.
Telefon soʻrovining koʻrsatishicha, 34,2% fuqarolar koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanishga zarurat koʻrishmayapti va COVID-19 ga chalinishi mumkinligiga ishonishmaydi. Ushbu toifadagi fuqarolarning fikriga koʻra, jahonda koronavirus infeksiyasi atrofida yuzaga kelgan vaziyat koʻp jihatdan oʻylab topilgan, uning xavfi judayam oshirib yuborilgan, bundan tashqari, ushbu fuqarolarning kasallik ularni chetlab oʻtishiga ishonchi komil.
Telefon intervyulari davomida COVID-19 ga qarshi emlanishga nisbatan salbiy munosabatda boʻlgan fuqarolarning 16%i vaksinaning koronavirusdan samarali himoya qilishiga shubhalanishini taʼkidladi, chunki bugungi kundagi mavjud vaksinalar ularning xavfsizligini va samaradorligini tasdiqlashi mumkin boʻlgan yetarlicha tadqiqotlar va klinik sinovlardan oʻtmagan.
8,6% respondentlar emlanishni samarasiz, deb hisoblaydilar, ular koronavirusga qarshi mavjud vaksinalar aholining kasalni yuqtirish xavfini kamaytirishi va ularning hayoti va salomatligini himoya qilishi mumkinligiga ishonishmaydi.
Umuman olganda, telefon orqali oʻtkazilgan soʻrov shuni koʻrsatdiki, har ikkinchi tadqiqot ishtirokchisi odam emlanishga ishonadi, uni koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi samarali vosita deb hisoblaydi va oʻzini va oʻz yaqinlarini xavfli virus bilan kasallanish xavfidan saqlash uchun COVID-19 ga qarshi emlanishga tayyor. Shu bilan birga, aholining bir qismi orasida, baʼzan mutlaqo asossiz boʻlib, ularning emlanish istagiga va emlanishga tayyorligiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi turli xil qoʻrquv va xavfsirashlar keng tarqalgan. Tadqiqotda telefon orqali soʻrov oʻtkazish vaqtida emlanish kerakmi yoki yoʻqligi borasida aniq pozitsiyaga ega boʻlmagan guruh aniqlandi.
Olingan tadqiqot natijalari jamiyatda shakllangan emlanishga qarshi stereotiplarni bartaraf etishga, aholining keng qatlamlariga maʼqullangan va mamlakatimizda qoʻllanilayotgan COVID-19 ga qarshi vaksinalar haqida, ular taʼminlaydigan himoya darajasi haqida tekshirigan ilmiy maʼlumotlarga asoslangan ishonchli axborotni taqdim etishga qaratilgan axborot ishlarini faollashtirish zarurligini koʻrsatmoqda .
Ijtimoiy soʻrov natijalari shuni koʻrsatadiki, bugungi kunning asosiy vazifalaridan biri aholi oʻrtasida ommaviy emlash zururligi haqida maʼrifiy ishlarni olib borish, ayrim fuqarolarning emlashdan oldingi qoʻrquv va mutaassiblikni yengish.